Tarix davomida oʻnlab sivilizatsiyalar toʻqnashgan manzil

20:52 19 Iyun 2023 Dunyo
1494 0

Arxiv surat

Tarix davomida oʻnlab sivilizatsiyalarga mezbonlik qilgan, uning izlarini bugungi kunga qadar asrab-avaylagan va oʻz ziyoratchilariga taqdim etib kelayotgan Antaliyada koʻrishingiz kerak boʻlgan oʻnlab tarixiy meroslar mavjud. Quyida ular bilan batafsil tanishamiz.

Kaleichi

Kaleichi — Antaliyaning shahar markazida joylashgan va butik mehmonxonalar, tarixiy asarlar, muzeylar, maxsus loyiha asosida qurilgan doʻkonlar, zamonaviy kafe va restoranlarga ega boʻlgan Kaleichining ichi va tashqarisi taqasimon devorlar bilan oʻralgan.

Devorlar Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylar davrlarining qoʻshma asari deb hisoblanadi. Devorlari orasida tomi sopol plitkalar bilan qoplangan 3000 taga yaqin uy bor. Devordan tashqaridagi Kaleichi meʼmorchiligida Usmonli meʼmorchiligining izlari saqlangan. Uylarning oʻziga xos tuzilmalari nafaqat Antaliyaning arxitektura tarixi haqida tasavvur beradi, balki mintaqaning turmush tarzi, anʼanalari va urf-odatlarini yorqin aks ettiradi.

Kaleichiga Hadrian darvozasi orqali kirish mumkin. Bu Antaliyadagi eng yaxshi saqlanib qolgan tarixiy binolardan biridir. Rim asari sanalgan ushbu darvoza milodiy 130-yilda Rim imperatori Hadrian tomonidan qurilgan.

Kaleichidagi eng muhim asarlardan biri Yivli minora majmuasidir. Majmuadagi asosiy inshootlar quyidagilardir: Yivli minorasi, Yivli masjidi, Gʻiyosiddin Kayhusrav madrasasi, Saljuqiy madrasasi, Mavlaviyxona, Zenjirkiran maqbarasi va Nigar Xotun maqbarasi. Yivli minorasi Antaliyadagi birinchi islomiy inshootlardan biri hisoblanadi. U VIII asrga oid saljuqiy asaridir.

Kaleichining janubida tarixiy kema porti joylashgan. Xavfsiz koʻrfazda joylashgan portga oʻnlab kruiz qayiqlari langar tashlagan holda sayohatchilar xizmatiga muntazir. Atrofdagi qoyalarni va sharsharalarni koʻrish uchun ushbu qayiqlar bilan har kuni sayohat qilish mumkin.

Perge

Perge — Antaliya shahar markazidan 18 km sharqda joylashgan. Aksu (Kestros) daryosi qadimda shaharning geografik joylashuvini juda qimmatli qilgan unsurlardan biri edi. Ayni vaqtda, shahardagi qishloq xoʻjaligining tiriklik manbai ham edi. Qadimiy shaharda olib borilgan qazishmalar natijasida qoʻlga kiritilgan noyob asarlar Antaliya muzeyida namoyish etilmoqda.

Termessos

Termessos — Antaliyadan 30 km shimoli-gʻarbda joylashgan Termessos Turkiyaning eng yaxshi saqlanib qolgan qadimiy shaharlaridan biridir. Shahar goʻzal tabiati va tarixiy obidalari tufayli Milliy bogʻlar tarkibiga kiritilgan. Buyuk Iskandar qamaliga qarshi Termessosliklarning kuchli mudofaasi bilan tanilgan shahar, Pisidiya hududidagi Milyas deb nomlangan qismida joylashgan. Vizantiya davri va undan keyingi davrga oid manbalarda shahar haqida hech qanday maʼlumot uchratishning imkoni yoʻq.

Faselis

Faselis — Kemerdan 18 kilometr, Antaliyadan 58 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan Faselis (Phaselis) qadimiy shahriga miloddan avvalgi VII asrda Rodeziya mustamlakachilari tomonidan asos solingan. Shaharning geografik joylashuvi uning muhim port shahri boʻlganligini koʻrsatadi. Shahar biri yarim orolning shimolida, ikkinchisi shimoli-sharqda va uchinchisi janubi-gʻarbiy sohilda joylashgan uchta portga ega.

Olimpos

Olimpos — Antaliyaning janubiy qirgʻogʻida joylashgan Faselisdan keyingi ikkinchi muhim port shaharlaridan biri. Antaliya shahar markazidan 85 kilometr, Kemer tumani markazidan esa 45 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan. Shahar oʻz nomini Toros togʻlarining gʻarbiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan, shimoldan 16 kilometr uzoqlikda boʻlgan 2375 metr balandlikdagi Taxtali togʻidan olgan. Beydagʻlari — Olimpos milliy bogʻi chegaralarida joylashgan. Shaharning aniq tashkil etilgan sanasi nomaʼlum.

Mira

Mira — Antaliya shahar markazining 200 km janubi-gʻarbida, Kashning esa, 45 km janubi-sharqida joylashgan Mira tarixiy shahri hozirgi Demre tumani chegaralari ichida xuddi shu nomdagi tekislikda qurilgan. Mira qadimiy shahri, ayniqsa, Likiya davri qoyatosh qabrlari, Rim davri teatri va Vizantiya davridagi aziz Nikolay cherkovi bilan mashhur.

Simena

Simena — Kash va Demre tumanlari orasida joylashgan, Antaliyadan 195 km janubi-gʻarbida boʻlgan qadimgi Simena, hozirda Kalekoʻy nomi bilan tanilgan, Likiyaning qirgʻogʻidagi kichik shaharcha edi. Ushbu shaharcha eramizdan avvalgi IV asrdan beri yashab kelayotgan strategik nuqta boʻlgan. Bu xususiyatni eng yorqin aks ettiruvchi xaroba bugungi kungacha saqlanib qolgan. Qalʼadan Kekova va uning atrofidagi eng mukammal manzaralarni tomosha qilish mumkin.

Arikanda

Arikanda — Finike shahar markazidan 30 kilometr shimolda va Antaliya shahar markazidan 140 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan qadimiy Arikanda shahrining nomi Likiya tilida Ary-ka-wanda boʻlib, “baland qoya yonidagi joy” degan maʼnoni anglatadi. Shahar nomining filologiya nuqtayi nazaridan Onadoʻli tilini aks ettirishi Arikandaning mintaqadagi eng qadimgi shaharlardan biri ekanligidan dalolat beradi.

Patara

Patara — Kashning taxminan 40 km gʻarbida, Antaliya shahar markazidan taxminan 200 km gʻarbda, Xanthos vodiysining janubi-gʻarbiy uchida joylashgan Patara antik shahri Likiyaning eng muhim va eng qadimgi shaharlaridan biridir. 1988-yildan beri qazish ishlari olib borilayotgan qadimiy Patara shahri, arxeologik va tarixiy qadriyatlari bilan katta ahamiyatga ega, shuningdek, Oʻrta Yer dengizi toshbaqalari boʻlgan “Caretta-Caretta”larning millionlab yillar davomida tuxum qoʻyib koʻpaygan noyob sohillarga egalik qilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Aspendos

Aspendos — Antaliya shahar markazidan taxminan 45 km sharqda joylashgan Aspendos nafaqat Onadoʻlida, balki butun Oʻrta Yer dengizi dunyosida eng yaxshi saqlanib qolgan Rim teatri bilan mashhur. Shahar mintaqadagi eng yirik daryolardan biri boʻlgan Koʻpruchay (qadimgi Eurymedon) yaqinidagi tepalik tekisligida qurilgan. Shaharga tegishli boshqa binolarning qoldiqlari teatr suyangan tepalikdagi tekislikda joylashgan. Shaharning gullagan davri, shubhasiz, mashhur teatr va suv yoʻllari qurilgan Rim Imperatorlik davridir.

Side

Side — Antik davrda Pamfiliyaning eng muhim port shahri boʻlgan Side, Antaliyadan 80 kilometr sharqda va Manavgatdan 7 kilometr janubi-gʻarbda joylashgan, kengligi 350-400 metr boʻlgan yarim orolda barpo etilgan. Side miloddan avvalgi VII asrda aholi punktiga aylandi. Miloddan avvalgi VI asrda u butun Pamfiliya va Lidiya qirolligining hukmronligi ostiga oʻtdi. Buyuk Iskandar hukmronligi ostida bir muncha vaqt mavjud boʻlgan shahar, Iskandar vafotidan keyin Ellinistik davr podshohliklari oʻrtasida qoʻldan qoʻlga oʻtgan. Shahar keyingi davrlarda Pergamon qirolligi, Rim va Sharqiy Rim imperiyasi tasarrufida boʻlgan.

Alaniya qalʼasi

Alaniya qalʼasi — Alaniya shahri markazida joylashgan, dengiz va quruqlikdan yetib borilishi qiyin boʻlgan tabiiy himoyalanganligi tufayli tarixdan hozirgi kungacha saqlanib qolgan. U Onadoʻlini bezab turgan yuzlab qalʼalardan bugungacha yetib kelgan oʻrta asrga oid qalʼalaridan biridir. Qalʼa 6,5 kilometr uzunlikdagi devorlari, 140 dan oshiq minoralari, 400 ga yaqin sardobalari, muhtasham, yozuvli va bezakli darvozalari bilan ochiq osmon ostidagi muzeyning oʻzginasidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?