Tarbiyachi nega bolani kaltakladi?

16:22 22 Avgust 2024 Jamiyat
128 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek xalqi — bolajon xalq. Har bir ota-ona oʻz bolasini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylaydi. Tovoniga kirgan zirapchani kiprigi bilan olishga tayyor. Hech kim oʻgʻil-qizini birovga xafa qildirib qoʻyishni istamaydi. Bogʻcha tarbiyachilarining bolalarga salbiy munosabatda boʻlishi koʻpchilikning nafratini qoʻzgʻatadi. Darhaqiqat, oxirgi paytlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning bogʻcha tarbiyachilari tomonidan kaltaklanishi koʻp bora sodir boʻlmoqda.

Joriy yilning may oyida Andijonda tarbiyachi avval ikki bolani urishtirib, keyin oʻzi ham kaltaklagandi. Xorazm viloyatining Gurlan tumanida joylashgan 23-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida bogʻcha opa yosh bolalarni kaltaklagani uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandi. Shuningdek, Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi 16-bogʻchada faoliyat yurituvchi tarbiyachi ham bolalarni ketma-ket yoniga chaqirib, shafqatsizlarcha yuziga va tana qismiga shippak bilan urgani uchun ishdan olindi. Toshkent shahridagi xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi xodimi 3 yoshli tarbiyalanuvchini haqoratlab, kaltakladi…

Ushbu salbiy holatlar ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, masʼul tashkilotlar tarbiyachi va muassasa rahbarlariga jazo choralarini koʻrdi. Shunga qaramay, bunday noxush holat bogʻcha tarbiyachilari tomonidan yana takrorlanmoqda.

Yaqinda Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi bogʻchada tarbiyachining bolaga qoʻpol munosabatda boʻlgani tasvirlangan videoyozuv internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, foydalanuvchilarning keskin noroziliklariga sabab boʻldi.

Denov tumanidagi 16-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi mashgʻulot paytida 5 yoshli tarbiyalanuvchini beodoblik qilgani uchun goʻyoki uni tarbiyalash maqsadida qoʻlidagi chizgʻich bilan urgan.

Siz ham ushbu tasvirlarni koʻrgansiz. Doira shaklda oʻtirgan bolalarga eʼtibor qilsangiz ularning barida qoʻrquv, xavotir bor. Kaltaklanayotgan bolada psixologik holat izdan chiqib boʻlgan. Bunday vaziyatda hatto ota-ona ham bolani yupata olmaydi. Tajribasiz va qaysar tarbiyachi esa oʻz soʻzini oʻtkazishga urinadi…

Voqeadan keyingi holat har doimgidek shablon ssenariy asosida davom ettirildi. Shu zahoti viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi katta sahnaga chiqdi. Bolalar ombudsmani oʻz munosabatini bildirdi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻz ishchi guruhini tuzib, masalaga huquqiy baho berishga kirishdi. Yakun esa har doimgidek nihoyalanib, munosabatlar ketidan munosabatlar…

“Oʻz mehnat majburiyatlarini qoʻpol ravishda buzgani uchun Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga asosan tarbiyachi A.G. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Shuningdek, taʼlim muassasasida maʼnaviy nosogʻlom muhit yuzaga kelgani, oʻz ishida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygani sababli ushbu maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning oʻz arizasiga muvofiq bekor qilindi.

Voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan ham oʻrganish ishlari olib borilayotgan boʻlib, holatga huquqiy baho beriladi”.

Shu bilan navbatdagi masala yopildi. Muammoga bu tariqa yondashuv sababli shunga oʻxshash holat yana takrorlanmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Xoʻsh, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, aynan davlat tasarrufidagi muassasalarda bolalar bogʻcha tarbiyachilari tomonidan nega kaltaklanyapti? Bunday salbiy holat tez-tez kuzatilishining asl sababi nimada? Muammoning ildizi qayerda?

Denov tumanida sodir boʻlgan voqea bilan bogʻliq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qoldirgan izohlarni tahlil qilsangiz, yuqoridagi savollarga javob topganday boʻlasiz.

“Facebook” foydalanuvchilaridan biri soʻnggi vaqtlarda zamonaviy “bogʻcha opalar”ning tarbiyalanuvchi bolajonlarni qoʻrqitishi, kaltaklashi, “trend”ga chiqayotgan gap-soʻzlari anchagina bolalab qolganini yozadi. Aslida, aksariyat maktabgacha taʼlim tizimida ishlayotgan xodimlarning oʻzlari qay darajada tarbiyali, degan savolni oʻrtaga tashlaydi.

“Telegram” messenjeri foydalanuvchisi qoldirgan izohida baxtga qarshi bunday holatlarning keti uzilmayotganiga asosiy sabab sifatida qonunda belgilangan tarzda jazo choralari koʻrilmayotganini aytadi.

Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi tarbiyachi har yili majburiy oʻtkaziladigan tibbiy tekshiruvga ruhiy salomatlik negadir kiritilmaganidan ajablanadi. Shu bilan birga, aksar hollarda tibbiy tekshiruvlar hanuzgacha eskicha qolipda — faqat qogʻozda bajarilayotganini yashirmaydi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan biri Denovdagi voqeadan soʻng bolasini bogʻchaga joʻnatmay qoʻyganini yozadi…

Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida oʻnlab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilyapti. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining oylik-maoshlari oshirildi. Yuzlab zamonaviy tipdagi barcha sharoitlarga ega bolalar bogʻchalari qurildi. Xususiy bolalar bogʻchalarini tashkil etishga keng yoʻl ochildi, ularga imkoniyat va qator imtiyozlar berildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 34 mingtaga yaqin maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekistonda 3 million nafarga yaqin 3−7 yoshli bola bor. Ularni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 74 foizni tashkil qilmoqda. Mamlakatda bu koʻrsatkichni 2026-yilgacha 80 foizga, 2030-yilga borib 100 foizga yetkazish reja qilingan.

Ana shunday keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda bogʻcha tarbiyachilarining bolalarni kaltaklashi koʻp uchrayotgani dilni xira qiladi. Ota-ona maktabgacha taʼlim tashkilotiga farzandini kaltaklanishidan qoʻrqib joʻnatmasligi eng achinarli va tashvishli holat hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер