Taraqqiyot sifatli taʼlimdan boshlanadi

16:41 13 Oktyabr 2023 Jamiyat
447 0

Keyingi yillarda jamiyatimizda yuz berayotgan tub oʻzgarishlar, islohotlar, shubhasiz, jahon hamjamiyatida kuzatilayotgan globallashuv jarayonlari bilan bogʻliq ravishda kechmoqda. Globallashuv, taʼbir joiz boʻlsa, bugungi kunda mamlakatlarni rivojlantirishning mohiyati va mazmuniga, strategiyasi va tamoyillariga, yondashuv va uslublariga birday taʼsirini oʻtkazayotgan kuch sifatida namoyon boʻlayotir.

Bugungi kunga kelib jamiyat rivojlanishining kompleks xarakterda sodir boʻlishi taraqqiyotning ijobiy jihatlari bilan birga, uning salbiy oqibatlarini ham yuzaga chiqarmoqdaki, bu insoniyat oldiga kutilmagan yangi muammolarni koʻndalang qoʻymoqda.

Globallashuvning mohiyatini va xususiyatlarini ilmiy asosda oʻrganish unga moslashish, yoʻnalishlarini kerakli tarzda oʻzgartirish imkoniyatini yaratadi. Bundan koʻrinib turibdiki, globallashuv jarayonidan ijobiy va ijodiy foydalanishning usul va vositalarini, mexnizmlarini ilmiy asosda ishlab chiqish bugungi kun ilm-fanining dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Albatta, bunday sharoitda taʼlim tizimida globallashuv jarayonlariga moslashuvchan, u bilan hisoblashadigan islohotlar muhim rol oʻynaydi.

Pedagogikaga mexanik yondashuv va uning oqibatlari

Milliy pedagogikamiz yaqin yillarga qadar oʻquvchilarga insoniyat tomonidan shu paytga qadar egallangan mavjud bilimlarni oʻrgatishni eng maqbul yoʻl sifatida qarab keldi. Yaʼni, mavjud bilimlar oʻquvchi ong va tafakkuriga tayyor holda singdirildi. Bu jarayonda bilimlar adabiyotlarda tayyor holda mavjud boʻladi va buni oʻzlashtirish oʻquvchilar uchun ham, oʻqituvchilar uchun ham qanoatlanarli hisoblanadi. Ammo bu oʻquvchilarda masala va hodisalar mohiyatini anglashga nisbatan ijodiy yondashuvni nazarda tutmaydi, faqat mavjud bilimlarni yodlash, ularni amaliyotga joriy etish bu turdagi pedagogikaning bosh maqsadi sifatida qaraladi.

Bunday yondashuvda oʻquvchining qanchalik koʻp bilimni yodda saqlaganiga qarab uning bilimi haqida xulosa chiqariladi. Bilim olish jarayoni ikki bosqichdan iboratligini, birinchi bosqich — bilimlarni egallash, ikkinchi bosqich — undan xulosalar chiqarish ekanligini hisobga olsak, bu usul tugallanmagan metodika sifatida oʻzini oqlamasligi oydinlashadi.

Pedagogikaga nisbatan mexanik yondashuv taʼlim tizimida avtoritar pedagogikaga yoʻl ochadi. Bizda uzoq yillar davomida pedagogikaning maqsad va muddaosi shunday boʻlib keldi: oʻqituvchilar oʻzlarining bilganlarinigina roʻkach qilib, oʻquvchilarning undan nari yoki beriga oʻtishlari ragʻbatlantirilmadi. Natijada, bir necha avlod oʻquvchilar yuqoridagi tumtoq metodika “sharofati” bilan adabiyotlarda mavjud bilimlarni esda saqlab qolish, ularni koʻr-koʻrona yodlash, boringki, olgan bilimlarini amaliyotda tatbiq etishdan nariga oʻta olmadi.

Dars mashgʻulotlarida oʻquvchilar har bir fan, kerak boʻlsa, har bir mavzu borasida hodisa va mohiyatni, sabab va oqibatni anglashi, fan doirasida va fanlararo oʻzaro bogʻlanish, integratsiya, munosabat va muvozanatni tushunishi, taqqoslash va mantiqiy xulosalar chiqarish koʻnikmasiga ega boʻlishi lozim boʻladi. Bu esa dars mashgʻulotining qay darajada jiddiy va oʻziga xos ijodiy jarayon ekanligini koʻrsatadi.

Avtoritar pedagogikaning mudhish oqibati oʻquvchilarda pedagogik jarayonda muhim boʻlgan nostandart fikrlashga boʻlgan ragʻbatni yoʻqotadi. Nostandart fikrlash — kishilarning odatiy tarziga nomuvofiq, gʻayrioddiy fikrlashi, noodatiy usul va yoʻllar bilan xulosalar chiqarishi; vaziyatdan chiqishning hatto gʻayritabiiy, ammo eng maqbul muqobillarini izlab topish, masalalar va hodisalarga nisbatan har doim ijodiy fikrlash orqali yondashish koʻnikmasidir.

Pedagogik taʼlimni isloh qilish yoʻlida

Milliy taʼlim tizimimizning mustaqillikdan keyingi faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilganining guvohi boʻlamiz. Ayni paytda, aytish joizki, kadrlar tayyorlash sohasida taʼlim turlari oʻrtasidagi aloqa va uzviylikning taʼminlanishida ayrim kamchiliklar ham kuzatildi. Bu pirovardida, maqsadni belgilashdagi tarqoqlikka va taʼlim sifatining pasayishiga sabab boʻldi. Kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat siyosatida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy oʻziga xosligi, talab va ehtiyojning toʻliq hisobga olinmasligi, mehnat bozoridagi talab va taklifning chuqur oʻrganilmasligi natijasida kadrlarning hududlar kesimidagi taqsimotida muvozanatning buzilishi kuzatildi.

Toshkent viloyati mamlakatimizning iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan hududlaridan biri hisoblanadi. Hududda yirik ishlab chiqarish korxonalarining mavjudligi, xususiy sektorning nisbatan keng rivojlangani viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu yaxshi, ammo viloyatda ijtimoiy sohalar, xususan, taʼlim sohasi hududning iqtisodiy salohiyatiga muvofiq holda barqaror rivojlanyapti, deb ayta olmaymiz. Hozirgi kunda viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi malakali pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojining toʻla qondirilmaganligi, taʼlim turlari oʻrtasidagi uzluksizlik, uzviylik va integratsiyaning taʼminlanmaganligi, taʼlimga nisbatan tizimli yondashuvning yetishmasligi bilan bogʻliq dolzarb muammolar mavjud. Bu kabi muammolar keng qamrovli va koʻpqirrali ijtimoiy masala. Va bu hududiy hokimliklar va ularning tasarrufidagi tegishli boʻlinmalarning ayni masala boʻyicha tizimli ish olib borishi natijasida ijobiy yechim topishi mumkin.

Hozirgi kunda Toshkent viloyati taʼlim tizimida shunday yangi mexanizm yaratilishi hayotiy zaruratga aylandiki, unda taʼlim turlari oʻrtasida oʻzaro nazorat ham, raqobat ham taʼminlanishi zarur. Chirchiq davlat pedagogika universiteti ana shu muammoning ilmiy-nazariy va amaliy yechimini topishni oʻzining asosiy strategik tadqiqot yoʻnalishi sifatida belgilab olgan. Bu pedagogik taʼlim innovatsion klasterining ilmiy-nazariy asoslarini yaratishni va uni amaliyotga tatbiq etishning mexanizmlarini ishlab chiqishni taqozo qiladi. Yaʼni, pedagogik taʼlimning jamiyat barqaror rivojlanishidagi ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda fan va taʼlim boʻgʻinlari oʻrtasidagi tarqoqlik bugungi kunda uzluksiz pedagogik taʼlimni klaster rivojlanish modeliga oʻtkazish zaruratini kun tartibiga qoʻyayotir.

Pedagogik taʼlim klasteri boʻyicha Toshkent viloyati tajribasi sifatida eʼtirof etilayotgan keng koʻlamli ilmiy-amaliy loyihaning pirovard maqsadi hududda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimining salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Birinchidan, pedagogik taʼlim innovatsion klasteri doirasida Chirchiq davlat pedagogika universiteti maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini ichdan oʻrganish, u yerdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Bogʻcha-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchalari faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Bunday tajriba maydonchalarida institutning bir qator professor-oʻqituvchilari talabalar bilan birgalikda muayyan muammoning yechimiga qaratilgan ilmiy loyihalar ustida tadqiqotlar olib bormoqda. Hozirgi kunda xuddi shunday ikkita “Bogʻcha-laboratoriya”larda uchta loyiha tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda. “Bogʻcha-laboratoriya”larda institutning ilmiy salohiyati va maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachi-pedagoglarining tajribasini birlashtirish orqali natijaga erishish nazarda tutilgan.

Ikkinchidan, Chirchiq davlat pedagogika universiteti tomonidan innovatsion loyiha sifatida tashkil qilingan “Maktab-laboratoriya” tajriba maydonchalari pedagogik taʼlim innovatsion klasterining subyekti hisoblanadi. Bugungi kunda Toshkent viloyatida xuddi shunday 22 ta “Maktab-laboratoriya”lar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

“Maktab-laboratoriya” loyihasi — milliy pedagogikamizda yangi tushuncha. Bu tushunchaning ilmiy isteʼmolga olib kirilishi Chirchiq davlat pedagogika universitetining faoliyati bilan bogʻliq. “Maktab-laboratoriya”lar pedagogik taʼlim innovatsion klasterining yadrosini tashkil qiladi va ilmiy-pedagogik va innovatsion loyihalarni yaratish hamda tajriba-sinovdan oʻtkazish bilan bogʻliq vazifalarni bajaradi.

“Maktab-laboratoriya” innovatsion tajriba maydonchalarining maqsadi — uzluksiz taʼlim jarayonida taʼlim turlari oʻrtasidagi ilmiy, uslubiy va taʼlim vositalarini rivojlantirish, pedagogik taʼlim innovatsion klasterini amaliyotga tatbiq etish bilan bogʻliq ilmiy-pedagogik loyihalarni tajriba-sinovdan oʻtkazishdan iborat.

Kelajak oʻqituvchisi konsepsiyasi

Dalillar taʼlim natijalariga taʼsir qiluvchi eng muhim jihat sifatli taʼlim ekanini koʻrsatadi. Hozirgi voqelik, umumbashariy rivojlanish tendensiyalari insondan faqat berilgan topshiriqni koʻr-koʻrona bajarishni emas, balki masalaga ijodiy yondashishni talab qiladi.

Shu maʼnoda, universitetda taʼlim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, talabalarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish orqali ularning kelajakda zamon talablariga javob beradigan pedagog kadrlar boʻlishini taʼminlash maqsadida “Kelajak oʻqituvchisi konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Konsepsiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan taʼlimga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va asosiy prinsiplari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, hozirgi murakkab globallashuv davrida tez oʻzgarayotgan zamon talablariga javob beradigan, raqobatbardosh, oʻz sohasiga yondosh boʻlgan bir nechta kasb-hunarlarni puxta egallagan oʻqituvchilarni tayyorlash bilan bogʻliq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yoʻllarini belgilab beradi. Unda kelajak oʻqituvchilarini tayyorlash masalasiga pedagog kadrlar tayyorlashga oid yaxlit taʼlim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas qismi sifatida yondashilib, mamlakatimiz hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan uygʻun ravishda takomillashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Zamonaviy talablarga javob beradigan, hayotiy va kasbiy kompetensiyalarga ega, kreativ va nostandart fikrlash koʻnikmalarini oʻzlashtirgan, dars mashgʻulotiga ijodiy munosabatda yondashuvchi, sohaga doir ilgʻor xorijiy tajribalar bilan tanish boʻlgan, real sharoit va vaziyatlarga tezlik bilan professional moslasha oladigan oʻqituvchi shaxsini tarbiyalash konsepsiyaning asosiy mazmunini tashkil etadi.

Shuningdek, konsepsiyada kelajak oʻqituvchisining kasbiy kompetensiyalari, uning shaxsini tarbiyalash tizimi va asosiy prinsiplari, tarbiyalash usullari, jamiyatning ular oldiga qoʻyadigan asosiy talablar ilmiy asosda ishlab chiqilgan boʻlib, oliygohda taʼlim va tarbiya jarayoni ushbu masalalarni amaliyotga joriy etishga yoʻnaltirilgan holda tashkil qilingan.

Davrga hamohang qadam

Ayonki, kreativ iqtisodiyot — kelajak avlod iqtisodiyoti. U innovatsiyalar, yangi gʻoyalar, kreativ mahsulotlarga asoslangan boʻladi.

Shu jihatdan, universitetda taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligiga erishish, talabalarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatish orqali ularning hayotiy vaziyat va sharoitlarga moslashuvchanligini oshirish maqsadida “Tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va qoʻshimcha kasb-hunarga oʻqitish markazi” tashkil qilindi. Tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatish talabalarning hayotiy vaziyat va sharoitlarga tez moslashuvchanligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi va bu jarayonga ilmiy-amaliy, ilmiy-uslubiy hamda tajriba-innovatsion yondashuvchi voqelik hisoblanadi.

Markazning maqsadi talabalarga tadbirkorlik koʻnikmalari va qoʻshimcha kasb-hunar oʻrgatish orqali ularning hayotiy vaziyat va sharoitlarga kasbiy moslashish koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat. Xususan:

— talabalarning oʻqishdan boʻsh vaqtlarini ijtimoiy foydali mehnatga oʻrgatish orqali band qilish;

— talabalarga oʻz shaxsiy hayotlarida asqotadigan tadbirkorlik koʻnikmalari va qoʻshimcha kasb-hunarlarni oʻrgatish;

— nazariya va amaliyot uygʻunligi hamda birligiga erishish orqali taʼlim sifatini oshirish.

Ushbu markazda hozirgi kunda quyidagi yoʻnalishlarda oʻqitish ishlari tashkil qilingan: dasturiy taʼminot va informatsion texnologiyalar (kompyuter grafikasi, kompyuter dizayni, hisobchi (1S), muhandis-dasturchi); turizm xizmatlari (gidlik faoliyati); kichik kasb-hunar kurslari (tasviriy sanʼat va dizayn, tikuvchilik, duradgorlik, payvandchilik, trenerlik faoliyati); qishloq xoʻjaligi sohasi (tomchilatib sugʻorish texnologiyasi va ekspluatatsiyasi); maktabgacha va boshlangʻich taʼlim, uy xoʻjaligi xizmatlari (maktabga tayyorlash, uzaytirilgan taʼlim, enagalik va katta yoshdagilar parvarishi); goʻzallik industriyasi va oshpazlik (goʻzallik saloni xodimi, qandolatchilik, milliy va Yevropa taomlari oshpazi).

Markaz bitiruvchilariga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi va bu ularning kelajakda shu soha bilan professional darajada shugʻullanish imkoniyatini beradi.

Davlatni taraqqiy ettiradigan kuch, bu — sifatli taʼlim, ilm-fandir. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, taʼlim sifatini oshirish — yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir. Davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlab, ertangi avlodlar hayotini ham oʻylab aytgan ushbu daʼvatida bir maqsad mujassam: taʼlimni, ilm-fanni taraqqiy ettirish orqali mamlakatni rivojlantirish, yurtni yanada obod va farovon qilish. Demak, bugun mamlakatimizda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi izchil mustahkamlanayotgani ertaga jahon iqtisodiyotida qanday vaziyat yuz bermasin, el-yurtimiz oʻz yoʻlidan ogʻishmay, yuksak taraqqiyot va farovonlik sari sobitqadam ildamlashida mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Gʻofurjon MUHAMEDOV,

Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori,

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер