Taraqqiyot manzillari
Foto: Jamshidbek Ahmadaliyev
Namangan viloyatida keyingi paytda sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika, qurilish materiallari kabi iqtisodiyotning muhim sohalarida katta yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Namanganda katta marralar zabt etilyapti”. Bu natijalarning zamirida faqat investitsiya yoki zamonaviy texnologiyalar keng jalb etilayotgani emas, balki inson mehnati, ishonchi va yurtiga boʻlgan muhabbati mujassam.

Adirlikdagi sanoat majmuasi
Bagʻrida choʻp ham koʻkarmagan, tabiatning izgʻirin shamollariga taslim boʻlgan choʻllashgan maskan edi bu adirlik. Bir qarashda umidsizlik timsoli edi. Endi esa inson qoʻli bilan obod maskanga aylandi. Mana shu kenglikda zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi – “Megaton” gazoblok zavodi qad rostladi. Bu yirik loyiha fidokorona mehnat, mustahkam iroda va beqiyos mehr mahsulidan yaralgan hayot manzarasidir.

Mamlakatimizda urbanizatsiya jarayoni kuchayib borayotgan bir paytda, qurilish materiallariga boʻlgan talab yil sayin oshmoqda. “Megaton”ning gaz-beton mahsulotlari esa ushbu ehtiyojni sifat va miqdor jihatdan qondirishda muhim rol oʻynamoqda.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilgan ushbu loyiha doirasida 40 million dollarlik ish qilindi. Majmua Xitoy, Germaniya va Daniya kabi ilgʻor davlatlardan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ayniqsa, Germaniyaning energiya tejamkor texnologiyasi joriy etilgani ish samaradorligini oshirish imkonini beryapti. Elektr energiyasi sarfi 45 foizgacha kamaygani buning yaqqol isbotidir.

Mahsulot ishlab chiqarish uchun yuqori sifatli sement “Megaton”ga qarashli “Namangan sement” zavodi tomonidan yetkazib berilyapti. Natijada qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratildi. Ayni paytda korxonada 500 nafarga yaqin ishchi mehnat qilayotgan boʻlsa, ular orasida vaqtincha ishsizlar, mehnat migransiyasidan qaytganlar, “temir daftar” roʻyxatidagi fuqarolar bor.
– Odamlar ishli boʻlsa, oilasi tinch, turmushi farovon boʻladi, — deydi korxona direktorining oʻrinbosari Mirmuhsin Haydarov. — Biz mahalliy aholi uchun barqaror ish oʻrinlari yaratish maqsadida faoliyatimizni kengaytirish ustida izlanyapmiz.

Bugun yuzlab chustliklar zavqini oshirib, yangi umidlar bilan yashashiga undayotgan korxonaning oldinda hali yangi-yangi loyihalari koʻp. Masalan, “Megaton” majmuasining ikkinchi bosqichida avtoklav gazoblok, maxsus kimyoviy qorishmalar, yelim va boshqa qurilish materiallarini mahalliylashtirish koʻzda tutilgan.
Norin xonbaliqlari
Qadimda botqoqlikdan iborat Norin tumani yerlari yillar oʻtib, madaniylashdi. Bunda asl mirob va asl dehqonlarning xizmatlari katta boʻlgan. Qirgʻiz Respublikasidan Oʻzbekistonga oqib oʻtgan Norin daryosi dastlab, Uchqoʻrgʻon, soʻng Norin tumani dalalarini sugʻoradi... Shu bois dehqonchilik tuman ahlining tirikchilik manbai boʻlgan. Endi esa baliqchilik har bir xonadonga kirib boryapti.

Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida “Fishwell Norin” korxonasi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Uch million dollarlik sarmoya, ikki gektar yer maydonidagi 76 ta innovatsion hovuz, yiliga 2 ming tonna xonbaliq (forel) yetishtirish quvvati – bularning barchasi zamonaviy agrobiznesning rivojidan dalolat. Ayni paytda 40 ta hovuz ishga tushirilgan boʻlib, loyiha toʻliq yakunlangach, eksport hajmi 5 million dollarga yetishi kutilyapti.

Superintensiv usulda baliq yetishtirish – kam xarajat evaziga yuqori mahsuldorlikni koʻzlaydi. Aytaylik, energiya tejamkor uskunalardan foydalanilishi tufayli elektr energiyasi sarfi ikki barobarga kamaygan. Pirovardida mahsulot tannarxi tushib, raqobatbardoshligi ortmoqda.
– Lichinkalarni oʻzimizda yetishtiryapmiz, ozuqa esa Germaniya va Erondan olib kelinadi, — deydi tadbirkor Azizbek Daminov. — Hovuzlarda suvning tinimsiz aylanishi, pokiza saqlanishi, ozuqaning oʻz vaqtida berilishi – bularning bari yuqori mahsuldorlik garovidir.

Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalasi ham inobatga olingan. Norinda yer osti suvlari yuzaga yaqin joylashgan. Shu sababli zax — shoʻr suvlardan xalos boʻlish uchun tik quduqlar qazilgan. Ulardan chiqayotgan sof meliorativ suv esa aynan forel parvarishlashga mos. Bitta ana shunday quduqda yiliga 13-20 tonnagacha baliq yetishtirish mumkin ekan.

Bugungi kunda Xoʻjaqoʻrgʻoncha mahallasidagi 25 xonadon korxona bilan klaster tizimida hamkorlik qilmoqda. Ularning har biri yiliga 150 million soʻmgacha daromad koʻrayotgani raqamlar ortida turgan hayotni, teran oʻzgarishlarni koʻrsatadi.
Tuman hokimining oʻrinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi Shuhratjon Yuldashevning aytishicha, baliqchilik tuman iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishning samarali yoʻnalishiga aylandi. Yanada muhim tomoni – aholi ishtirokida klaster shakllandi, bu esa taʼlim, texnologiya, investitsiya va mahsulot zanjirining uygʻunligini taʼminlayapti.

“Yashil” energiya davri
Bir qarashda suv – tabiiy neʼmat. Ammo u bilan toʻgʻri “muomala”da boʻlish, undan hayot uchun manfaatli energiya hosil qilish oson emas. Bunga bilim, zamonaviy texnologiya va yuksak ishonch bilan erishiladi. Shu maʼnoda, “Norin GESlar kaskadi” loyihasi nafaqat Namangan, balki butun mamlakatimiz energetika barqarorligini taʼminlash yoʻlida tashlangan muhim qadam boʻldi.

- Ushbu loyiha qiymati 428 million dollardan oshiq boʻlib, umumiy quvvati 228 megavatt teng, — deydi stansiya boshligʻi Jaloliddin Ahmadaliyev. – Hozirda 430 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlayapmiz. Tabiiy gaz tejalib, 300 milliard soʻmlik iqtisodiy manfaat keltirilishi katta natija, albatta.
Eʼtiborli jihati shundaki, bu yerdagi 1-GES toʻliq mahalliy uskunalar asosida barpo etilgan. Demak, bu birinchi milliy GES sifatida tarixga kirdi. Texnologiyalar zamonaviy, energetik samaradorlik yuqori, ekologik zarar esa “nol”ga teng. Suv orqali “yashil” energiya ishlab chiqarish nafaqat istiqbol, balki milliy iftixor hamdir.
Iqtisodiy natijalar faqat raqamlarda emas, balki insonlar hayotiga sifat oʻzgarishlari olib kirishi bilan alohida ahamiyatga ega. Namanganda amalga oshirilayotgan yirik va istiqbolli loyihalar yangilanish, yangicha fikrlash va yorqin kelajak sari tashlanayotgan qadamlardir. Davlatimiz rahbarining ishonchi bu saʼy-harakatlarga ruh va kuch bagʻishlamoqda.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
“Xalq soʻzi”.
Foto: Jamshidbek AHMADALIYEV.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring