Tanzila Norboyeva BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasida qator tashabbuslarni ilgari surdi
Xabar berganimizdek, BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Uning ishida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, Komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining ishchi organi boʻlib, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ilgari surish boʻyicha xalqaro standartlarni hamda ularning bajarilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.
Bu yilgi sessiyada kambagʻallikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tengligiga erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi tamoyillarining hayotga tatbiq etilishi masalalari muhokama qilinmoqda.
Anjumanda dunyo davlatlarining sohaga masʼul parlament va hukumat idoralari, vazirlik va tashkilotlari, nodavlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
BMT Ayollar tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyo boʻylab ayollarning 10,3 foizi oʻta qashshoqlikda yashaydi. 2030-yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kambagʻallikka barham berishdagi muvaffaqiyat 26 baravar tezroq boʻlishi kerak.
Shu bois, anjumanda butun dunyo hukumatlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ekspertlar va faollar ayollarning qashshoqligini tugatish va gender tengligini oshirishga yordam beradigan harakatlarni ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb qilish masalalariga eʼtibor qaratishmoqda.
Ushbu nufuzli tadbirga tayyorgarlik koʻrish jarayonida BMT Ayollar tashkiloti keyingi 5-yilda Oʻzbekistonning gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi koʻplab ijobiy natijalarini eʼtiborga olib, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi bilan kelishgan holda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlarining sessiya boʻyicha maslahatlashuvlarini Toshkent shahrida oʻtkazgan edi.
Tadbir yakunlari boʻyicha ayollar va qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish borasida yagona pozitsiya ishlab chiqildi.
68-sessiyada Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjon nomidan Oliy Majlis Senati Raisi soʻzga chiqib, bugungi kunda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirayotgani, qoʻshma sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani, gender tenglikni taʼminlash sohasida oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini taʼkidlab, hamkorlik boʻyicha umumiy yondashuvlarni maʼlum qildi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, kambagʻallikni qisqartirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish uchun BMTning “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” doirasida global darajada ayollar va qizlarni himoya qilish boʻyicha samarali choralar koʻrish, oʻquv dasturlari va oʻqitish uslublariga, shuningdek, STEM-taʼlimiga, ayniqsa, qishloq joylarda gender yondashuvini joriy etish taklif etildi.
Shuningdek, hududlarda BMTTD loyihalari doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa qishloq ayollari uchun raqamli savodxonlik va IT koʻnikmalarini oshirish dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi raqamli tafovutni bartaraf etish boʻyicha normativ-huquqiy bazani tartibga solish lozimligi aytib oʻtildi.
68-sessiya oʻz ishini davom ettirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring