Taniqli shoir Asror Moʻmin 70 yoshga toʻldi
Shoir, tarjimon va jurnalist Asror Moʻmin 70 yoshga toʻldi. “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati jamoasi Asror Moʻminni tavallud kuni munosabati bilan samimiy tabriklab, ijodiy zafarlar tilaydi.
Omadsizlikda
Yiqilayotib toqqa suyansang,
Togʻ qular.
Choʻkayotib kemaga yopishsang,
Kema gʻarq бўлар...
* * *
Shirin jonim sizga qarzi hasana,
Yor bilan oʻtkazgan har kunim sana.
Ey Asror, umringni etsang sarhisob,
Sana deb atagan kunlaring sana.
Doʻstlarni asrang
(Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatovdan)
Ey doʻst,
ajrat doʻsting kim, dushmaning kim?
Oʻylamay xulosa chiqarma faqat.
Doʻsting bilmay xato qilgandir balkim,
Sen unga shoshilib sochmagan nafrat.
Doʻsting sal yanglishdi, ranjitdi seni,
Bu xato – begʻaraz qilingan xato.
Doʻsting uzr soʻradi, kechirgin uni,
Xatosini unut, eslama aslo.
Odamlar, qariymiz va aql parishon,
Oʻtgan yillar ortga qaytmaydi tayin.
Doʻstdan voz kechamiz osondan-oson,
Holbuki, doʻst topish qiyindan-qiyin.
Sinalgan tulporing qoqilsa yoʻlda,
Jahl ustida aytgan soʻzlaringdan kech.
Tulporing ayblama, soʻqmoqni aybla,
Sinalgan tulporing oʻzgartirma hech.
Odamlar, iltimos qilaman sizdan,
Mehringiz ayamang bir-biringizdan.
Doʻstlikni qadrlang, doʻstlarni asrang,
Axir, chin doʻstlarni topgansiz arang.
Oʻzim ham bilaman kamu koʻstimni,
Yuzimga solmanglar ularni eslab.
Netay, tashlab ketdim qancha doʻstimni,
Qancha doʻstim meni ketgandir tashlab.
Shundan keyin qancha boʻldim pushaymon,
Mushkulot koʻndalang tursa yoʻlimda.
Qanchalar achindim, yurmasdim giryon
Yoʻqotgan doʻstlarim boʻlsa yonimda.
Sizni koʻrgim kelar doʻst-qadrdonlar,
Xushlamasangiz ham keling, tortinmang.
Sizni kechirganman allaqachonlar,
Siz meni kechira olmasangiz ham.
Asror MOʻMIN
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring