Taʼlimda sifat va raqobatni taʼminlash uchun raqamlashtirish darajasi oshiriladi

14:15 30 Sentyabr 2024 Siyosat
196 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taʼlim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sogʻligʻini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan oʻqituvchilar sonini 2 barobar oshirsa, maqsadga muvofiq boʻlishi qayd etildi.

Rektorlar ham oliygohlarni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan professor-oʻqituvchilar uchun sihatgoh yoʻllanmalari sonini 50 foizga oshirishlari lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Bir yil oldin maktab direktorlarini oʻqitish tizimi joriy etilgan edi. Bugungi kunda ulardan 1 ming 206 nafari menejerlik sertifikatiga ega boʻldi. Hozir ana shu direktorlarga ustama berilmoqda.

Endi bu amaliyot 2025-yil 1-sentyabrdan bogʻcha mudiralariga ham tatbiq etiladi va ularga har oyda 30 foizgacha qoʻshimcha ustama toʻlanadi.

Maktab direktori, uning boshqaruvchilik mahorati haqida muhim qoʻllanma boʻladigan kitoblar yoʻqligi qayd etilib, tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda maktab direktorlari haqida ana shunday kitob tayyorlansa, ayni muddao boʻlishi taʼkidlandi.

Aholi oʻsishi tufayli yiliga maktablarda – 120 mingta, bogʻchalarda – 30 mingta qoʻshimcha oʻringa talab yuzaga kelmoqda.

Kelgusi yili byudjetdan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard soʻm hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bogʻcha rekonstruksiya qilinadi va yangilari barpo etiladi.

Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasining 50 million dollar mablagʻi doirasida kelgusi 4-yilda 200 ta xususiy bogʻcha qurilib, yangi 30 mingta oʻrin yaratiladi.

Yangi yildan boshlab xususiy sektorda oʻquvchi oʻrinlarini koʻpaytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard soʻmgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi byudjetdan qoplanadi.

Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5-yil muddatgacha byudjetdan toʻlab beriladi.

Tadbirkorlar oʻz hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda soligʻidan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.

Taʼlimda sifat va raqobatni taʼminlash uchun raqamlashtirish darajasi oshiriladi.

Oʻtgan 5-yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan taʼminlandi. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga byudjetdan 400 milliard soʻm beriladi.

Ana shu kompyuterlarga elektron taʼlim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil taʼlim olish imkoniyati oshadi.

Oʻquvchilar murrakab konsepsiyalarni oson oʻzlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar boʻyicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi oʻquv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda tashkil etiladi.

Shuningdek, maktab tizimida oʻqituvchi oʻz imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini eʼlon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер