Taʼlim tizimi xodimlarining kasb kasalliklari: jiddiy muammolarga yoʻl qoʻymaslik yoʻllari

13:20 24 Sentyabr 2025 Jamiyat
44 0

Taʼlim tizimi xodimlarining kasb kasalliklari haqida gapirganda, bu masalani faqat tibbiy yoki shaxsiy salomatlik muammosi sifatida koʻrish xato boʻladi. Bu — butun jamiyatning, kelajak avlodning bilim va tarbiyasiga taʼsir koʻrsatadigan strategik ahamiyatga ega muammo. Chunki sogʻlom oʻqituvchi bor joyda bilim va maʼrifat bor, maʼnaviy yuksalish bor. Ammo afsuski, bugun oʻqituvchilarning sogʻligʻiga tahdid qilayotgan omillar tobora koʻpayib bormoqda.

Oʻqituvchi kasbining tabiatida jismoniy va ruhiy yuklama doimiy hamrohdir. Kun boʻyi baland ovozda dars berish, sinfdagi bir necha oʻnlab bolaning diqqatini jalb qilish, ularning intizomini taʼminlash, koʻp soat yozuv-chizuv ishlari, kompyuterda hujjat tayyorlash — bularning barchasi bir kun emas, yillar davomida toʻplanib, kasb kasalliklariga aylanadi. Ilmiy maʼlumotlarga koʻra, oʻqituvchilarning kamida 60 foizi ovoz yoʻllari kasalliklaridan shikoyat qiladi. Faringit, laringit, hatto ovoz pardalaridagi uzluksiz shikastliklar sabab baʼzan ularning ovozi butunlay yoʻqolishi ham kuzatiladi. Bu nafaqat kasbdan ayrilish, balki insonning hayotiy faoliyatida katta maʼnaviy zarba hamdir.

Shu bilan birga, oʻqituvchilar orasida asabiylashish, depressiya, xronologik charchoq kabi ruhiy muammolar koʻpayib bormoqda. Sababi aniq: yuqori masʼuliyat, ortiqcha qogʻozbozlik, jamoat oldida doimiy nazorat va talab. Bugungi taʼlim tizimi xodimi nafaqat bolaga bilim berishi, balki turli hisobotlar, toʻsatdan keladigan tekshiruvlar, oʻquvchilarning ota-onalari bilan tortishuvlar, ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarga ham tayyor turishi lozim. Bu esa katta stress manbai hisoblanadi. Natijada, qon bosimining koʻtarilishi, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet kabi asoratli holatlar paydo boʻladi.

Orqa va bel ogʻriqlari ham oʻqituvchilarda eng koʻp tarqalgan kasalliklardan biri. Koʻp vaqt turib dars berish, yoki aksincha, soatlab oʻtirib hujjat tayyorlash — muvozanatsiz mehnat turmush tarzi osteoxondroz, radikulit, skolioz kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, maktablarda ergonomik jihozlarning yetarli emasligi, parta va stollarning noqulayligi muammoni yanada kuchaytiradi.

Soʻnggi yillarda kasaba uyushmalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni koʻrsatadiki, oʻqituvchilarning kamida yarmi ovoz yoʻllari kasalliklaridan shikoyat qilmoqda. Kimdir doimiy ovoz xirillashidan bezovta boʻlsa, kimdir butunlay ovozini yoʻqotib, kasbidan ayrilish xavfiga duch kelmoqda. Bel va orqa ogʻriqlari esa qariyb har ikkinchi oʻqituvchida kuzatiladi. Kompyuter oldida uzoq vaqt oʻtirish yoki kun boʻyi turib dars berish muvozanatsizlikni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, koʻz kasalliklari, yurak-qon tomir muammolari va eng asosiysi — stress, ruhiy charchoq kabi holatlar tobora kuchaymoqda.

Mana shunday sharoitda savol tugʻiladi: bizning taʼlim tizimimiz xodimlarini kim himoya qiladi? Kasb kasalliklarini oldini olish uchun qanday choralar koʻriladi? Afsuski, bugungi kunga kelib kasb kasalliklari tizimli oʻrganilmayotgan, profilaktik choralar yetarlicha amalga oshirilmayotgan holatlar koʻp. Holbuki, dunyo tajribasi koʻrsatmoqdaki, oʻqituvchi sogʻlom boʻlmasa, taʼlimning sifati ham yuqori boʻlmaydi.

Yevropa mamlakatlarida masalan, har bir oʻqituvchi yilda kamida bir marta kompleks tibbiy koʻrikdan oʻtadi, ovozni asrash va stressni kamaytirish boʻyicha treninglarda qatnashishi shart. Jismoniy faollik uchun maktablarda sport zallari va dam olish xonalari ajratilgan. Ayrim davlatlarda hatto “oʻqituvchi fitnes dasturlari” ishlab chiqilgan. Buning ortidan oʻqituvchilarning kasb kasalliklari sezilarli darajada kamaygan.

Oʻzbekistonda ham bu yoʻnalishda tizimli ishlarni amalga oshirish davri keldi. Birinchidan, har bir taʼlim muassasasida tibbiy xizmat sifati kuchaytirilishi shart. Ikkinchidan, oʻqituvchilarning ish yuklamasini optimallashtirish, ortiqcha qogʻozbozlik va hisobotlardan xoli qilish zarur. Uchinchidan, ergonomik jihozlar, zamonaviy texnika vositalari bilan taʼminlash orqali jismoniy sogʻliqqa taʼsir etuvchi omillar kamaytirilishi lozim. Va eng muhimi — oʻqituvchilarning moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanishi. Chunki yetarlicha ragʻbat va qadrlanish boʻlsa, ular oʻz ishini fidoyilik bilan bajaradi va sogʻligʻini ham asrashga koʻproq eʼtibor qiladi.

Shu maʼnoda, biz — kasaba uyushmalari vakillari, bu muammoga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilishi kerakligini doimiy tarzda koʻtarib kelmoqdamiz. Chunki oʻqituvchi sogʻlom boʻlmasa, taʼlimning sifati ham pastlaydi. Ochigʻi, taʼlim tizimini yuksaltirish haqida qancha gapirmaylik, agar ustozning ovozi chiqmasa, sogʻligʻi quvvatsiz boʻlsa, natijaga erishib boʻlmaydi.

Oʻqituvchi sogʻligʻi — millat kelajagining kafolati. Bugun sogʻlom ustoz ertangi kunda sogʻlom jamiyatni tarbiyalaydi. Shuning uchun kasb kasalliklariga qarshi kurashish — barchamizning umumiy burchimizdir. Davlat, jamiyat va kasaba uyushmalari birgalikda harakat qilsagina, oʻqituvchi mehnati munosib baholanadi, uning sogʻligʻi toʻliq muhofaza qilinadi.

Raʼno Azizova,

Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash,

nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi, kasaba uyushmasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер