Tadbirkorlik subyektlari uchun sport klublari tashkil qilinadi

10:36 06 Dekabr 2024 Siyosat
198 0

Prezident qarori bilan jamoaviy sport turlarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash tizimini takomillashtirish va ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha yangi chora-tadbirlar qabul qilindi. Ushbu qaror 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab amalga oshiriladi va sport sohasida qator yangi tashabbuslarni joriy etishni nazarda tutadi.

Bu “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-421-son, 04.12.2024-y.) bilan mustahkamlandi.

Qarorga koʻra, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey va suv polosi boʻyicha sport klublari tashkil etiladi.

Boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida esa kamida uchta jamoaviy sport turi boʻyicha sport klublari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari hamda korxonalarda ham kamida uchta jamoaviy sport turi uchun sport klublari tashkil etish talab qilinadi.

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab “Maktab ligasi”, “Talabalar ligasi”, “Oliy taʼlim kubogi” va “Rektor kubogi” kabi musobaqalar muntazam ravishda oʻtkaziladi. Bundan tashqari, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” va idoraviy tashkilotlar oʻrtasida “Rahbar kubogi” musobaqalari oʻtkazish nazarda tutilgan. Bu musobaqalar jamoaviy sportni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Qarorga koʻra, tadbirkorlik subyektlarida jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublarini tashkil qilish ragʻbatlantiriladi. Bunday sport klublari oʻrtasida “Korporativ sport oʻyinlari” oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Bu tadbirkorlik subyektlarining jamoaviy sportdagi ishtirokini faollashtirishga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.

Qabul qilingan qaror jamoaviy sport orqali aholi salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish hamda yoshlar oʻrtasida jamoaviylik ruhini shakllantirishga qaratilgan.

Mazkur tashabbuslar Oʻzbekistonda sportning rivoji va ommalashuvida yangi bosqichni boshlab beradi. Jamoaviy sport turlari kelajakda mamlakat sportchilarining xalqaro arenalardagi muvaffaqiyatlarini oshirish uchun asos yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?