Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va eksportga jalb etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

15:26 12 Mart 2024 Siyosat
309 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va eksportga jalb etish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda davlatimiz rahbari 2023-yil 18-dekabrda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida aytgan edi. Shundan soʻng, ekspertlar ishtirokida tadbirkorlarning takliflari asosida yangi yondashuvlar ishlab chiqildi.

Tahlillarga koʻra, oʻtgan yili eksportchi korxonalarga 665 milliard soʻmlik yordam koʻrsatilib, 3 milliard 200 million dollarlik eksport taʼminlangan. Lekin ayrim tarmoq va hududlarda bu mablagʻlardan samarali foydalanilmagan. Elektr texnikasi, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, zargarlik tarmoqlarida eksport oʻrtacha koʻrsatkichlarga yetmagan. Uyushmalar tomonidan 2 ming 709 ta salohiyatli eksportchilar qamrab olinmagan, ularga haligacha biror yordam koʻrsatilmagan.

Shu bois hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini yaxlit tizimda birlashtirish maqsad qilinmoqda. 12 ta tarmoq va sanoat uyushmasini Savdo-sanoat palatasi tizimiga oʻtkazish taklif etilmoqda. Bu orqali loyiha tayyorlash va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar oʻzini oʻzi boshqaradigan tashkilotga oʻtadi. Natijada ularning talab va istaklarini eshitish, muammolarini hal qilish osonlashadi, tadbirkorlarning oʻzaro hamkorligi kuchayadi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, sohadagi agentlik va jamgʻarmalar oʻrniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi. U chet eldan malakali dizayner, texnolog va marketologlarni jalb etib, milliy mahsulotlarni xalqaro talablarga moslashtirish, eksportchilarning yangi bozorlarga chiqishiga koʻmaklashish, milliy brendlarni xorijda targʻib qilish bilan shugʻullanadi. Bu kompaniya tomonidan subsidiya, kompensatsiya va boshqa koʻmaklar tadbirkorlarning barqarorlik reytingi asosida ajratiladi.

Shuningdek, “Oʻzbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruvi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan aloqalari kuchaytiriladi. Barcha tumanda Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash loyiha ofislari ish boshlaydi.

Prezidentimiz iqtisodiy islohotlardan asosiy maqsad tadbirkorlikni rivojlantirish ekanini taʼkidlab, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

Uyushmalarning vazifa va natijadorligini koʻrib chiqish, rahbar va xodimlar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi. Asosiy ishni hududlarda tashkil etib, yangi loyihalar ishlab chiqish, tadbirkorlarni eksportga jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.Mutasaddilar bu yil mahalliy sanoat eksporti hajmini 12 milliard dollarga yetkazish rejalari toʻgʻrisida axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер