Tadbirkor Abu Ali ibn Sino tavallud topgan goʻshada tibbiyot klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi

Buxorolik tadbirkor Mirjahon Rahmatov Afshona tibbiyot kolleji negizida tibbiyot klasteri ochish tashabbusi bilan chiqdi. Ishbilarmon hamda uning akasi, Peshku tumanidagi “TJS-MED” xususiy klinikasi faoliyatiga bosh-qosh boʻlib turgan Toʻraqul Saidov shu masalaga oid loyihalari bilan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripovning qabulida boʻldilar.
Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari O. Joʻrayevning maʼlum qilishicha, tadbirkor Afshona tibbiyot kolleji negizida tibbiyot instituti fakultetini ochish va yosh mutaxassislarni Janubiy Koreyada malaka oshirishlarini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirmoqda. Oʻz navbatida zarur amaliy koʻnikmaga ega boʻlgan yosh shifokorlar alohida tashkil etiladigan shifoxonada ishlay boshlaydilar. Shu yoʻl orqali aholiga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatilibgina qolmay, xalq tabobatining yillar sinovidan oʻtgan eng yaxshi anʼanalari ham qayta tiklanadi. Tadbirkor loyihaning dastlabki bosqichi uchun 3-4 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritmoqchi.
Tabiiyki, bunda xorijiy sheriklar bilan hamkorlik talab etiladi. Mirjahon Rahmatovda bu borada tajriba bor. U Peshkuda Janubiy Koreya Respublikasining “Samsung Green Haus” kompaniyasi investorlari tomonidan zamonaviy issiqxona faoliyatini yoʻlga qoʻyishda, ayni paytda esa meva-sabzavotni qayta ishlash korxonasini ishga tushirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring