Tabiatni xafa qilmang!
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yoz oylarida dilbar Fargʻona tabiati yanada fusunkor boʻladi. Bu mavsumda viloyatning soʻlim maskanlari hamisha mehmonlar bilan gavjum. Ammo soʻnggi yillarda bunday goʻshalarda hordiq chiqarayotgan paytda kayfiyatni buzib, taʼbingizni xira qiladigan holatlar ham afsuski, uchrab turadi.
Aytaylik, bir guruh doʻstlar bilan tabiat bagʻrida, muzdek zilol anhor ustiga oʻrnatilgan supada hordiq chiqarayotgan paytda koʻzingiz quvurlarda yigʻilib qolgan turli chiqindi, axlat uyumiga tushsa, albatta, kayfiyatingizni buziladi. Sharqirab oqayotgan suv yuzida boʻshagan yelim idishlar, qovun-tarvuz poʻchoqlari, turli yeguliklar qoldiqlari sizda yaxshi taassurot qoldirmaydi. Ranjiysiz, hordiq ham sizga tatimaydi.
Eng yomoni esa dam oluvchilar turli shirinlik, yeguliklar qoldigʻini hech ikkilanmay sollanib oqayotgan zilol suvga otadi. Kutilmaganda ulardan biri tiniq suvda oyoqlarini yuvadi, ikkinchisi chala tishlangan mevani suvga otadi, kimdir pista chaqib, poʻchogʻini suvga tashlaydi... Bu suvda non, bolalar tagliklarigacha oqishini tasavvur etishning oʻzi dahshat. Sharbatga toʻlib pishmagan mevali bogʻlar, gulzorlarni payhon qilish, manzarali daraxt nihollarini sindirish holatlari yanada achinarlidir. Afsuski, bu kabi koʻngilni zada qiluvchi holatlar roʻyxatini yana uzoq davom ettirish mumkin.
Fargʻona tumanining Vodil, Chimyon, Yettibuloq, Avval, Damkoʻl, Satkak singari mahallalari hududidagi dam olish maskanlarida bunday noxush manzaralarni har qadamda uchratasiz. Ayon boʻladiki, tabiatga doʻstona munosabat, jannatmakon diyorimizning tabiiy neʼmatlarini ehtiyot qilish borasida hali isloh qilish kerak boʻlgan qusurlarimiz yetarli. Aksincha bunday holatlarda jamoatchilik nazorati, faol fuqarolik pozitsiyasi yetishmaydi. Aksariyat hamyurtlarimiz bu kabi holatlarga duch kelganda “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ish tutadi.
— Turizm rivojiga boʻlgan eʼtibor va ragʻbat tufayli keyingi yillarda viloyatimizga mahalliy hamda xorijlik sayyohlar oqimi ham sezilarli darajada oshdi, — deydi Fargʻona viloyati turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Muzaffar Temirov. — Xususan, birgina joriy yilning oʻzida viloyatga qariyb 500 ming nafar xorijlik sayyohni jalb etish maqsad qilingan. Ular asosan tabiat yodgorliklari, xushmanzara turizm manzillariga borishni xush koʻrishadi. Shunga monand ravishda tabiat qoʻynida joylashgan oilaviy mehmon uylari, xizmat koʻrsatish majmualari, turizm marshrutlari soni tobora ortib bormoqda. Ana shunday sharoitda bunday maskanlarni saranjom-sarishta saqlash, tabiatga doʻstona munosabatda boʻlish juda ham muhimdir.
Ayni jarayonda har bir dam olish maskani, daraxt yoki yashil tabiat xiyoboni, suv boshiga bittadan nazoratchi qoʻyishning imkoni yoʻq. Nazoratchilik tuygʻusi har bir hamyurtimizning vijdoni, qalbida boʻlishi lozim.
Shu oʻrinda donishmandlardan birining “Agar sen tabiat bilan hisoblashmasang — tabiat sen bilan hisoblashadi”, degan hikmatli iborasini esga olish joiz. Bu koʻhna, lekin hech qachon eskirmas fikr naqadar haqiqatga yaqin ekanligini bugun barchamiz anglab yetmoqdamiz.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 62-moddasida ham shunday deyilgan: “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar”. Aslida tozalik, pokizalik, biz uchun qadrli boʻlgan neʼmatlarni isrof qilmaslik xalqimizning azaliy udumlaridan biri sanaladi.
— Yashirishga ne hojat, hozirgi kunda baʼzi hamyurtlarimiz xonadonidan chiqqan axlatni ariq va soylar, kanallarga oqizib yuborayotgani, katta yoʻl boʻylariga tashlab ketayotgani, daraxtlarni nobud qilayotgani barchamizga yaxshi maʼlum, — deydi xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati Sherzod Karimov. — Bu borada faol deputatlik, jamoatchilik nazorati oʻrnatilgan. Ammo daxldorlik va masʼuliyat tuygʻusi har bir mahalla, oila kesimida toʻliq shakllanmas ekan, ezgu maqsadga erishish qiyin boʻladi. Ayni yoʻnalishda mahalliy Kengashlar deputatlari tegishli mutasaddi idoralar bilan hamkorlikni zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirishimiz bugungi davr talabi hisoblanadi.
Umuman olganda, ushbu masalaga hech qachon kichik yoki arzimas muammo sifatida qaramaslik, hamisha u haqda bong urish, jiddiy tarzda barchani ogohlikka chorlayverish foydadan xoli boʻlmaydi. Aslo unutmaylik: koʻcha yoki katta yoʻl boʻyi, goʻzal tabiat maskanidagi bitta oʻrinsiz xatti-harakatimiz aslida har birimizning yuzimizga tutilgan koʻzgudir. Shu bois, ona tabiatni hech qachon xafa qilmang.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring