Tabiatni asrash — har birimizning burchimiz
Davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilindi. Bu tashabbus mamlakatimizda ekologiya sohasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, oʻsimliklar va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, aholi va yoshlarning ekologik huquq va madaniyatini oshirishga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin namunasi boʻldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning noyabr oyida Ozarbayjonning Boku shahrida oʻtkazilgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasida (COP29) soʻzlagan nutqida iqlim oʻzgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib borayotganini, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidlagan edi.
Kelayotgan 2025-yilda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, koʻkalamzor hududlarni keskin koʻpaytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi muqarrar.
Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tomonidan viloyatda “yashil iqtisodiyot”ning asosiy yoʻnalishlarini hayotga tatbiq etish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab lokal tozalash inshootiga ega boʻlmagan va sanitar-ekologik talabga javob bermaydigan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish va kanalizatsiya tarmogʻidan uzish belgilangan. Joriy yilda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan sanoat korxonalarida oʻtkazilgan oʻrganish ishlari davomida 5 ta korxona oqova suvlarini tozalanmasdan markaziy oqova suv tarmogʻiga tashlanayotgani aniqlandi. “Jizzax suv taʼminot” AJ va viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tomonidan Jizzax tumanlararo Iqtisodiy sudiga daʼvo arizalari kiritildi va mazkur korxonalarning barchasi 2024-yil 14-17-iyun kunlari markaziy kanalizatsiya tarmogʻidan uzildi.
Darhaqiqat, lokal tozalash inshootining (LTI) toʻlib qolgan qismidan har xil turdagi suyuq choʻkma chiqindilar, ishqorlar, kislotalar va neft yonilgʻi moylash mahsulotlari korxonalar hududidagi belgilanmagan ochiq joy relyefiga chiqarib tashlanishi tabiiy muhitni ifloslantirishi bilan birga aholi salomatliga zararli taʼsir koʻrsatadi.
Atrof-muhitni asrash, iqlim oʻzgarishlari oldini olishning muhim yoʻnalishlaridan biri “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilishi boʻldi. Mazkur loyiha doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish belgilangan. Bunday keng koʻlamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida viloyatdagi yashil maydonlar hududi 8 foizdan 15 foizga yetkazildi. Bu koʻrsatkichni “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 30 foizga yetkazish reja qilib olingan.
Oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijasida 59,4 mln. tup daraxt va buta koʻchatlari ekilib, yashilmakon.eco platformasiga kiritildi.
Viloyatda 2024-yilda 11 ta hududdagi 23,1 gektar yer maydonida “Yashil bogʻlar”ni tashkil qilish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi. 81,3 gektar yer maydonida 16 ta “Yashil jamoat parklari” barpo etish yuzasidan amaliy ishlar yoʻlga qoʻyildi. 20,8 gektar yer maydonidagi “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari”ga 18 mingdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Endilikda mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarida 201 ta “Mahalla bogʻi” tashkil etiladi. Shundan 108 tasi joriy yilning kuz mavsumiga rejalashtirilgan.
Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Zarbdor va Gʻallaorol tumanlari hududida 10,2 km masofada hamda atrof-muhitga taʼsiri yuqori boʻlgan 375 ta sanoat va ishlab chiqarish korxonalari hududida 119 ming 800 dona koʻchatlar ekilib, “Yashil belbogʻ”lar barpo etildi. Joriy yilning kuz mavsumida 6 mln. 337 ming dona manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. Ilmiy tavsiyalar asosida hududning iqlim va tuproq sharoitiga mos keladigan daraxt koʻchatlarini ekish boʻyicha yer maydoni, koʻchat turi, ekish va parvarishlash uchun masʼullarni biriktirish, sugʻorish tizimi va moliyalashtirish manbalarini aniq koʻrsatgan holda shahar va tumanlar manzilli dasturlari tasdiqlandi. Ayni paytda umummilliy loyihaning kuzgi mavsumini samarali oʻtkazish maqsadida 3,9 mln. dona koʻchatlar zaxirasi shakllantirildi.
Erkin XOLMATOV,
Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni
muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi
boshqarmasi boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring