«Tabarruk ziyorat» turizm platformasi ishga tushiriladi

13:20 01 Mart 2023 Madaniyat
1079 0

28-fevral kuni Madaniyat va turizm vazirligida “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini takomillashtirish masalasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kotibiyati, Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻlimi, Xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Fanlar Akademiyasining ziyorat turizmi ekspertlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash lozimki, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlat rahbarlarining 2021-yil 12-noyabrda Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida qoʻshma yoʻl xaritasini ishlab chiqish va Qoʻqon shahrini birinchi “Turkiy dunyo turizm poytaxti” sifatida eʼtirof etish orqali hamkorlikda hunarmandlar koʻrgazmalari, etnosport musobaqalari hamda madaniy merosni saqlash va taʼmirlash kabi tadbirlarni tashkil etish tashabbuslari ilgari surilgan.

Shuningdek, Prezidentning “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida TDTga aʼzo davlatlar tillarida yuritiluvchi “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini tashkil qilish hamda platformani Turkiy davlatlar tashkilotining rasmiy veb-sahifasi bilan integratsiya qilish vazifasi belgilangan.

Qolaversa, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi tomonidan “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini takomillashtirish, unda muqaddas qadamjolarning interaktiv xaritasini tashkil etish hamda platformaning taqdimotini 2023-yil iyun oyida Qozogʻistonda oʻtkaziladigan TDTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar Turizm vazirlarining 8-uchrashuviga qadar ishga tushirishda amaliy yordam soʻralgan.

Uchrashuvda “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini Oʻzbekistonning turkiy dunyo sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini koʻrsatib beruvchi sifatli maʼlumotlar bilan toʻldirish borasida fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?