Suv tejovchi texnologiyalar – agrar soha taraqqiyoti kafolati
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Qadim Xorazmda boʻyi yetgan qizga sugʻorish tarmoqlarining oxirida joylashgan qishloqlardan sovchi kelsa, ota-onasi koʻp hollarda rozilik bermagan. Sababi, bunday qishloqlarga suv yetib borishi qiyin boʻlib, natijada dehqonchiligi yaxshi boʻlmaydigan oilalarda hayot tarzi ancha qiyin kechgan. Umuman, Amudaryoning quyi mintaqasida joylashgan Xorazmda suv taʼminoti, obihayotdan tejamkorlik bilan foydalanish azaldan oʻta muhim ahamiyat kasb etib kelgan.
Akademik Yahyo Gʻulomov “Xorazmning sugʻorilish tarixi” monografiyasida vohada sunʼiy sugʻorish tizimlarining yuzaga kelishi va rivojlanish bosqichlarini toʻla tadqiq qilgan. Unda bayon qilinishicha, Xorazmda sugʻorma dehqonchilik madaniyati azaldan rivoj topgan, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari juda puxta ilmiy hisob-kitoblar asosida bunyod etilgan. Miroblik xonlikdagi eng nufuzli kasb sanalib, eng adolatli, ilmli kishilar bu vazifaga tayinlangan. Har yili ariq-zovurlarni loyqadan tozalash uchun qazuv, yaʼni “begor” eʼlon qilinib, unga har bir oila jalb etilgan.
Bugungi kunga kelib ushbu anʼanaviy sugʻorish usullari oʻrnini zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish, dalalarni lazer yordamida tekislash usullari egallamoqda. Maqsad suvdan tejab, samarali foydalanish, qurgʻoqchilikning salbiy taʼsirini kamaytirish. Oʻtgan yil viloyatda qariyb 43 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanildi. Bugungi kunda viloyatdagi barcha ekin maydonlari lazer yordamida tekislangan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra viloyatda lazer bilan tekislangan maydonlarda chel olish ishlari, suvchilar soni va boshqa xizmatlar qisqarishi hisobiga 83 mlrd. soʻm mablagʻ iqtisod qilinar ekan.
— Xalqimiz bejizga suvni zarga, suvchini zargarga qiyoslamaydi, — deydi Shovot tumanidagi “Usta Matsafo” fermer xoʻjaligi rahbari Shuhrat Oʻdaboyev. — Fermer xoʻjaligimiz dalalarida tumanda birinchilardan boʻlib tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etdik. Ochigʻi, oʻsha payt koʻpchilik bunga boʻlmaydigan ish, deb qaragandi. Oʻzimda ham biroz xavotir boʻlgani bor gap. Keyinchalik bu usulga barchaning fikri ijobiy tomonga oʻzgardi. Fermer xoʻjaligimiz misolida olib qarasak, birinchi yildayoq xarajatimiz qoplana boshladi. Xususan, davlatimiz rahbarining qaroriga asosan, yangi texnologiya joriy etilgan har gektar yer uchun 8 million soʻmdan subsidiya oldik. Eng muhim jihati esa hosildorlik oshgani va tejamkorlikda boʻldi. Birinchidan, suv tejalishi hisobiga gʻoʻzalar tanqislik sezmadi, natijada hosildorlik va shunga mos ravishda daromadimiz ancha oshdi. Ikkinchidan, ishchi kuchi, oʻgʻit, yoqilgʻiga sarflaydigan xarajatlarimiz sezilarli darajada kamaydi. Shu bois suv tejovchi texnologiyalarni barcha dalalarimizda joriy qilish harakatidamiz.
Viloyatda boshqa tarmoqlarda boʻlgani kabi suv xoʻjaligida ham raqamlashtirish jarayonlari jadal davom etmoqda. Bu qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilayotgan har tomchi suvning qatʼiy hisob-kitob asosida sarflanishini taʼminlaydi, behuda isrof boʻlishining oldini oladi.
— Viloyatda sohani raqamlashtirish dasturi doirasida 357 dona gidropostlarga “Aqlli suv” qurilmalari, 684 dona meliorativ quduqlarga “Dayver” qurilmalari, 249 dona nasos stansiyalarga suv va energiya resurslarini real vaqt rejimida oʻlchash qurilmalari oʻrnatildi, — deydi Quyi Amudaryo chap qirgʻoq irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Odilbek Tohirov. — Shuningdek, 4 ta yirik inshootlar avtomatlashtirildi, belgilangan loyihalar doirasida 38 ta obyektda 152 mlrd soʻmlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada oʻtgan yilda 26 ming gektar yerning suv taʼminoti va 28 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilandi, 6,5 ming gektar yerlar qayta foydalanishga kiritildi.
Irrigatsiya tarmoqlaridagi suv yoʻqotishlarining bir qismi obihayotning yer ostiga singib ketishi bilan bogʻliq. Buning oldini olish maqsadida viloyatda 2100 kilometr ichki ariqlar, 5,4 km xoʻjaliklararo kanallar betonlashtirildi. Umuman, oʻtgan yil viloyatda suvni tejash boʻyicha amalga oshirilgan barcha tadbirlar hisobiga bir milliard metr kub suvni iqtisod qilinishiga erishildi.
Oʻtgan yilning 7-noyabr sanasida oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida mamlakatimiz Prezidenti suv nasoslarini yangilash hamda ularning elektr taʼminotini quyosh panellari yordamida amalga oshirish boʻyicha “Xorazm tajribasi”ni keng ommalashtirish yuzasidan topshiriq berdi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun davlat hisobidagi va fermer xoʻjaliklari balansidagi 2146 ta nasos agregatlari ishlatiladi. Suv nasoslarining samaradorligini oshirish va muqobil energiyadan foydalanish maqsadida oʻtgan yil fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi 134 ta nasos agregatlariga 8300 kVt/s quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatildi. Ushbu tadbirni amalga oshirish orqali yillik 13 mln 827 ming kVt/s yoki 12 mlrd 444 mln soʻmlik elektr energiyasining tejalishiga erishildi. Bu 1382 ta xonadonning 1-yillik elektr energiyasi isteʼmoliga toʻgʻri keladi. Shuningdek, 92 ta fermer xoʻjaliklariga oʻrnatilgan 102 ta nasos stansiyalarida ishlab chiqarilgan ehtiyojdan ortiqcha 1 mln 958 ming kVt/s elektr energiyasi sotilib, fermer xoʻjaliklari 1 mlrd 410 mln soʻm qoʻshimcha daromadga ega boʻldi.
— Fermer xoʻjaligimiz ekin maydonlari 106 gektar boʻlib, oldingi yillarda sugʻorish nasoslari uchun elektr energiyasiga har 15-20 mln soʻm toʻlar edik, — deydi Xonqa tumanidagi “Toʻtijon Bekmetova” fermer xoʻjaligi rahbari Kamoladdin Yusupov. – Suv nasoslari uchun 75 kVt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatgach elektr uchun toʻlanadigan sarf-xarajatlar yonimizga qolyapti. Buning ustiga quyosh panellaridan olingan ortiqcha energiyani tuman elektr tarmoqlari korxonasiga 720 soʻmdan sotib yaxshigina foyda ham olyapmiz.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, bitta fermer xoʻjaligida mavjud suv nasoslari quvvati 110 kVt/soatni tashkil qilsa uning elektr isteʼmolini toʻliq qoplash uchun 150 kVt quvvatga ega quyosh panellari zarur boʻladi. Bu oʻrtacha 600 mln soʻmni tashkil qiladi va 2-yilda toʻliq oʻzini qoplaydi.
2025-yilda viloyatda 3250 gektarda tomchilatib, 1300 gektarda yomgʻirlatib sugʻorish, 9 ming 100 gektarda boshqa texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan. Bu kabi qoʻshimcha chora-tadbirlar natijasida 20-25 foiz suv resurslari tejaladi, iqtisodiy samaradorlik 10-15 foizga oshadi. Bunday imkoniyatlar yurtimizda moʻl-koʻlchilikni taʼminlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Suv – tiriklik manbai, insoniyat hayoti davomiyligini taʼminlovchi bebaho neʼmatdir. Xalqimiz “obihayot” deb eʼzozlaydigan, poklik timsoli boʻlgan suvning har tomchisi bejiz tilloga mengzalmaydi. BMT qoshidagi Jahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash tashkiloti tomonidan 2022-yilda eʼlon qilingan bayonotda 2050-yilga borib qurgʻoqchilik dunyo aholisining toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻiga taʼsir qilishi mumkinligi maʼlum qilindi. Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga koʻra esa 2040-yilga borib, suv tanqisligiga eng koʻp uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston ham bor. Bu esa yurtimizda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, xususan, qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga bugundan jiddiy kirishishni taqozo etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring