Suv sarfini kamaytirish — eng dolzarb vazifa

14:28 07 Fevral 2024 Jamiyat
146 0

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi partiya tashkilotida oʻtkazilgan jamoatchilik eshituvida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri B. Juzbayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan oʻtgan 2023-yil davomida amalga oshirilgan tadbirlar boʻyicha axborot berdi.

Jamoatchilik eshituvida videokonferensaloqa shaklida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi A. Xamzayev ham ishtirok etgan boʻlsa, bevosita zalning oʻzidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati L. Seytova hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, korxona va tashkilot rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Jamoatchilik eshituvi davomida deputatlar va boshqa faollar suv xoʻjaligi sohasidagi keyingi islohotlar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham soʻradilar va bu borada ham qoʻshimcha axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, mintaqamizda tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi tufayli Amudaryo havzasidan Orolboʻyi hududlariga yetib kelayotgan suv miqdorlari yildan yilga kamayib bormoqda.

2023-yil 29-noyabr kungi qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan samarali foydalanish va suv yoʻqotishlarining kamaytirish choralari boʻyicha oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan “kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” eʼlon qilingan edi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda oʻtgan 2023-yil biz suvchilar, shu jumladan barcha suv isteʼmolchilarining ogʻriqli muammosi boʻlgan kanallarimizda katta miqdordagi suv yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar boshlangani bilan tarixiy yil boʻlmoqda.

Bu borada berilgan topshiriqlar asosida 2023-2024-yillarda klaster va fermer xoʻjaliklari hisobidan 1000 km ichki sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.

Betonlashtiriladigan ichki ariqlarning xoʻjaliklar kesimida kartalar ishlab chiqilib, har bir tumanga masʼul vakillar va loyihachi tashkilotlardan xodimlar biriktirildi. Bugungi kunda barcha tumanlarda ichki sugʻorish tarmoqlarini betonlash ishlari uyushqoqlik bilan davom etayotgani aytib oʻtildi.

Shuningdek, tadbirda kanal va melioratsiya obyektlarini rekonstruksiya qilish jarayonida ularning himoya zonalarida yovvoyi holida oʻsib chiqqan daraxtlarni zarurat tugʻilganda kesish masalasi ham muhokama etildi. Bu borada suv xoʻjaligi va Ekologiya partiyasi oʻzlarining takliflarini bildirishdi.

Tadbir yakunida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri B. Juzbayev va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi partiya tashkiloti raisi A. Begimova oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandumni imzoladilar.

Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?