Suv xoʻjaligi vazirining axboroti eshitildi

12:57 20 Yanvar 2024 Siyosat
689 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirining irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023-yillarga moʻljallangan strategiyasi ijrosi doirasida qator natijalarga erishilgan.

Xususan, oʻtgan uch yil davomida suv xoʻjaligi obyektlarida 9 mingga yaqin “Aqlli suv”, 6 mingdan ortiq “Dayver” qurilmalari oʻrnatilib, 58 ta yirik suv xoʻjaligi obyektining boshqaruv jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilgan hamda 1,5 mingta nasos stansiyasida suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi qurilma oʻrnatilgan.

2023-yilda 297 km kanal, 41 km lotok, 11 ta gidrotexnika inshooti, 2 ta koʻprik, 56 ta sugʻorish qudugʻi rekonstruksiya qilinib, qirgʻoqlarni himoyalash ishlari bajarilgan. Melioratsiya obyektlarini tizimli taʼmirlash va tiklash ishlari boʻyicha 316 mlrd soʻm oʻzlashtirilib (limitga nisbatan 94 foiz), 11 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari taʼmirlangan.

Shu bilan birga, muhokama jarayonida senatorlar tomonidan sohada ayrim kamchilik va muammolar mavjudligi taʼkidlandi.

Jumladan, Suv xoʻjaligi vazirligi balansidagi suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan.

Strategiya doirasida Sirdaryo viloyatida 3 ta, Toshkent viloyatida 2 ta, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida 1 tadan yirik gidrouzel va irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish ishlari bajarilmagan.

Vazirlik tizimidagi meliorativ ekspeditsiyalar sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini ekspress baholash imkonini beruvchi zamonaviy texnikalar, tezkor koʻchma mobil laboratoriya va oʻlchov vositalari bilan yetarli darajada taʼminlanmagan.

Sugʻorish obyektlariga qurilmalarni sifatsiz oʻrnatish va ulardan toʻgʻri foydalanilmaslik oqibatida birgina Surxondaryo viloyatida markaziy bazaga integratsiya qilingan 56 ta qurilma nosoz holatga kelib qolgan hamda 2021-yil sentyabrdan buyon markaziy bazaga maʼlumot uzatmagan.

Muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.

Meliorativ ekspeditsiyalarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy texnikalar, tezkor koʻchma mobil laboratoriya va oʻlchov vositalari bilan toʻliq taʼminlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarni kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida joylardagi rahbar va xodimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish shular jumlasidan.

Shuningdek, senatorlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlarini samarali tashkil etish hamda har bir hududda ulardan toʻgʻri foydalanish boʻyicha yetuk mutaxassislarni jalb qilgan holda koʻrgazmali seminarlar oʻtkazish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning manzilli roʻyxatini shakllantirish, ularni toʻgʻri joriy etish va samarali ishlatish, mablagʻlarni maqsadli oʻzlashtirish borasidagi ishlarning natijadorligini oshirish zarurligiga eʼtibor qaratdilar.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер