Suv xoʻjaligi vaziriga parlament soʻrovi yuborildi
Keyingi yillarda mamlakatimizda suv xoʻjaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi tegishli farmoni bilan tasdiqlangan 2020 – 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha konsepsiyasi sohani tubdan isloh qilishda muhim rol oʻynamoqda.
Ushbu Konsepsiyada aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror taʼminlash, yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sohada bozor tamoyillarini hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish, suv xoʻjaligi obyektlarining ishonchli ishlashini taʼminlashga oid koʻplab ustuvor yoʻnalish hamda vazifalar belgilab berilgan.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, Konsepsiyada belgilangan suv xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirishning 11 ta ustuvor yoʻnalishlari ijrosi boʻyicha bugungi kunga qadar muayyan tadbirlar amalga oshirilgan.
Jumladan, joriy yilning 9 oyi davomida 431,6 ming gektar maydonda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari joriy qilinib, 130,6 ming gektar maydonda lazerli tekislagich uskunasi yordamida tekislash ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, 224.8 km kanallar, 88.7 km. lotok tarmoqlari, 7.3 km. bosimli quvurlar va 14016 km. uzunlikda kollektor-drenaj tarmoqlari taʼmirlangan. Eng muhimi, nasos stansiyalari tomonidan 5,9 mlrd. kVt.soat energiya sarflangan va oʻrtacha koʻp yillikka nisbatan 220,5 mln. kVt.soat miqdorida elektr energiyasini iqtisod qilishga erishilgan.
Suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish boʻyicha 100 ta loyiha shakllantirilib, 88 ta loyiha boʻyicha bitimlar imzolangan. Tizimdagi 15 ta yirik inshootlar avtomatlashtirilib, 2749 dona “Aqlli suv” oʻlchash qurilmalari oʻrnatilgan.
Ammo Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan hududlarda olib borilgan oʻrganishlar davomida Konsepsiyada belgilangan ayrim tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga xalaqit berayotgan qator masalalar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, respublikada barpo qilingan aksariyat suv xoʻjaligi infratuzilma obyektlarining xizmat koʻrsatish muddati 50-60 yildan ortib, ularning texnik holati yildan-yilga yomonlashgani, sugʻorish kanallarining 66 foizdan ortigʻi tuproq oʻzanli boʻlganligi, irrigatsiya tizimi kanallarining taʼmirlanadigan qismi 70 foizdan va rekonstruksiya qilish talab etiladigan qismi 20 foizdan ortiqni tashkil etishi sababli suvning yoʻqolishi yuqoriligicha qolmoqda.
Bu esa mavjud sugʻorish lotok tarmoqlarining asosiy qismi rekonstruksiya qilishni va almashtirishni talab qiladi. Suv isteʼmolchilarining suv olish joylari esa aksariyat holda suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmaganligi, sugʻorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti oʻrtacha 0,63 va bir qator hududlarda esa undan ham past ekanligi asosiy manbalardan olinadigan suvning 35 – 40 foizi dalalarga yetib bormasligiga sabab boʻlmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda Suv xoʻjaligi vaziriga “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring