Surxondaryodagi sessiyada tashkiliy masala koʻrildi

Foto: president.uz
Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, voha ahli turli soha va tarmoqlarda ulkan natijalarga erishayotganini taʼkidladi.
– Shunday goʻzal bahor kunlarida, ulugʻ ayyomlar arafasida sizlar bilan koʻrishib turganimdan xursandman. Bugun viloyatga hokim qoʻyib, yangi marralarni belgilab olishimiz kerak. Maqsad – islohotlar ijrosi va darajasini oshirish, niyatlarni baland qoʻyib, shunga munosib harakat qilish, xalq ichiga kirib borib, ularni rozi qilish, – dedi Prezident.
Yigʻilishda hudud rivojining bugungi holatiga toʻxtalib oʻtildi. Oxirgi besh yilda viloyatda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida 15 mingdan ziyod korxona ishga tushgan. Yangi qurilgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” mikro gidro elektr stansiyalarida yiliga 201 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilmoqda.
Shuningdek, 257 ta maktab qurilgan va rekonstruksiya qilingan, bogʻchalar qamrovi 18 foizdan 62 foizga yetgan. 302 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. 1 ming kilometr xalqaro va 3 ming kilometr ichki yoʻllar taʼmirlangan.
– Agar yana bir-ikki yil qattiq ishlab, xalqimizga astoydil xizmat qilsak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, oʻsish boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga Ulugʻbek Qosimov nomzodini tavsiya etdi.
U.Qosimov 1983-yilda tugʻilgan. 2018-yilga qadar Muzrabot va Denov tumanlari hokimi, 2018-2022-yillarda Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahar prokurori lavozimlarida ishlab, katta tajriba orttirgan.
U oʻtgan yil dekabrdan buyon Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Ulugʻbek Qosimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi.
Prezidentimiz bu takliflarni maʼqullab, ular yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
Aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish eng asosiy vazifa sifatida belgilandi. Mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish va kasanachilik orqali 60 mingdan ziyod aholini, yangi biznes subyektlari tashkil qilish orqali 4 ming aholini, ishsizlarni zamonaviy kasblarga oʻqitib 20 ming aholi bandligini taʼminlash mumkinligi qayd etildi.
Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlar erta pishadi. Shu bois viloyatda soʻnggi besh yilda meva-sabzavot asosiy ekin maydonlari 2,5 baravar koʻpaytirilgan. Bu yil aholi uchun yana 8 ming 500 gektar ajratilmoqda. Dehqonlarga sharoit yaratib, suv taʼminotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravar oshirish va eksportni 250 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Oxirgi besh yilda viloyat sanoatiga 30 trillion soʻm investitsiya jalb qilinib, 5 mingdan ziyod korxona tashkil topgan. Ishlab chiqarish 3 baravar koʻpayib, sanoat eksporti 132 million dollarga yetgan. Surxondaryoda ilgari boʻlmagan qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi kabi yangi tarmoqlar paydo boʻlgan.
Shu bilan birga, viloyatda hali foydalanilmagan konlar va imkoniyatlar koʻp. Joriy yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu 10 mingta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatda importni 50 million dollarga qisqartirib, eksportni kamida 250 million dollarga yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda energetika masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Sariosiyo tumanidagi Toʻpalang gidro elektr stansiyasi hamda yangi 3 ta kichik va mikro GESda shu yilning oʻzida 350 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Sherobod tumanida 457 Megavatt quvvatli yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, kichik quvvatli quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha rejalar aytib oʻtildi.
Umuman olganda, Surxondaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida koʻzda tutilgan 1,5 trillion soʻmga qoʻshimcha 465 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qoʻshimcha 328 million dollar jalb qilish boʻyicha topshiriq berildi.
Bular orqali 325 ming aholini daromadli mehnat bilan taʼminlab, Surxondaryoni kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilib qoʻyildi.
Taqdimotdan soʻng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qoʻyildi. Uning natijalariga koʻra, Ulugʻbek Qosimov Surxondaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga koʻchishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring