Surxondaryoda Vatan himoyachilari kuni nishonlandi

16:23 14 Yanvar 2026 Jamiyat
309 0

14-yanvar, Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi Surxondaryo viloyatida yuksak ruh, katta tantana va koʻtarinki kayfiyat bilan nishonlandi.

Bayram tadbirlari Termiz shahridagi Xotira maydonida boshlandi. Unda viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ofitser va serjantlar, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qoʻyilib, Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida jon fido qilgan mard oʻgʻlonlar xotirasi bir daqiqa sukut bilan yod etildi.

Shundan soʻng Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi” majmuasida tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi — Harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Ulugʻbek Qosimov ishtirok etib, yigʻilganlarni Qurolli Kuchlarimizning 34-yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi. Tabrik nutqida mamlakatimizda mudofaa salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida taʼkidlandi.

Tadbir davomida Qurolli Kuchlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda sidqidildan xizmat qilayotgan bir guruh xodimlar viloyat hokimining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimovga Milliy gvardiya qoʻmondonining “Namunali xizmatlari uchun” I darajali koʻkrak nishoni topshirildi.

Bayram tadbirlari yakunida Qurolli Kuchlar orkestr va ansambllari hamda viloyat Madaniyat boshqarmasi sanʼatkorlari ishtirokida namoyish etilgan rang-barang konsert dasturi yurt posbonlariga chinakam bayram kayfiyati ulashdi.

Mardlik, sadoqat va vatanparvarlik timsoli boʻlgan Vatan himoyachilari sharafiga oʻtkazilgan ushbu tantanalar Surxondaryo ahli qalbida faxr va iftixor tuygʻularini yanada mustahkamladi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?