Surxondaryoda pillachilik jadal rivojlanmoqda

18:26 20 May 2024 Iqtisodiyot
189 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda mamlakatimizda boʻlgani kabi Surxondaryo viloyatida ham pillachilik sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Bunda Prezidentimiz tomonidan imzolangan qaror va farmonlar soha rivoji uchun dasturilamal boʻlmoqda.

Xususan, joriy yilning 3-may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon ham voha pillakorlariga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Chunonchi, ushbu farmon bilan pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Bunday keng koʻlamli imkoniyatlardan ruhlangan surxondaryolik pillakorlar belni yanada mahkam bogʻladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Surxondaryo viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat hokimligi Axborot xizmati, “Agropilla” MCHJ hamkorligida “Pillachilik tarmogʻida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar” mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida bu borada atroflicha soʻz yuritildi.

— Viloyatimizda “Surxon ipagi” MCHJ hamda “Inter silk pro” MCHJ pillachilik klasterlari tashkil etilgan, — deydi “Surxon ipagi” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori oʻrinbosari Jafarbek Joʻraqulov. — Yil sayin ipak qurti yetishtirish, xom ashyoni qayta ishlashga zamonaviy texnika va texnologiyalarni tatbiq etilyapti. Aholi bandligini taʼminlash va ularga doimiy daromad manbaini shakllantirish maqsadida kasanachilik asosida ishlanyapti. Bu yilgi mavsumda pilla yetishtirish uchun 3 880 ta fermer xoʻjaliklarining 23 550 nafar qurt boquvchilari bilan hamda 8 650 ta kasanachilar bilan shartnomalar tuziladi. 2,3 ming ta kasanachiga tutzorlar oilaviy pudrat asosida berildi. Tutzor qator orasidan ikkilamchi foydalanish orqali daromadlarini yanada oshirish uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi. Umuman olganda, pilla parvarish orqali 127,1 ming nafar aholining bandligi taʼminlanishiga erishilgan.

Ayni paytda voha tumanlarida pillaning chilgi hosilini terishga kirishilgan. Bu yilgi mavsumda viloyat boʻyicha jami 35,5 ming quti ipak qurti urugʻini parvarishlash orqali 2,1 tonna pilla xomashyosini yetishtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 10,5 million tup tut koʻchatlarining “Oʻzbekiston” duragayi va “SANIISH 11” navlarini ekish ham moʻljalda bor.

Darvoqe, oʻtgan yili sohada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 277,2 milliard soʻm (oʻsish 120 foiz), eksport hajmi 5,8 million dollar (oʻsish 111 foiz)ni tashkil etilgani bu boradagi koʻrsatkichlar yildan yilga oshib borayotganini koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер