Surxondaryoda Navroʻz sayllari keng nishonlanmoqda
Mamlakatimizda koʻklam Surxondaryodan boshlanadi. Shundan boʻlsa kerak, xalqimizga xos saxovat va muruvvat, olijanoblik va yaratuvchanlik, borliqqa mehr-muhabbat kabi ulugʻ fazilatlarni oʻzida mujassam etgan Navroʻz bayrami ham bu yurtda ertaroq nishonlanadi.
Bu yil viloyatda bahor fasli moʻtadil kelib, vohaning mahalla va qishloqlarida Navroʻz sayllari ancha oldin boshlandi. Prezidentimizning joriy yil 6-martdagi “2026-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” degan bosh gʻoya asosida tashkil etilgan umumxalq shodiyonasi tumanlardagi asosiy bayram tadbirlariga ulanib ketdi.
Jumladan, Boysun, Sherobod, Bandixon va Termiz tumanlarida eng qadimiy va hamisha navqiron bayramimizga bagʻishlangan tantanalar koʻtarinki ruhda, yuqori saviyada oʻtkazildi.

Asrlar davomida sayqal topib kelayotgan milliy qadriyat va anʼanalarimiz umumxalq bayramlarida yana bir bor namoyon boʻlmoqda. Bahor faslida tabiatning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtibor, tinch va farovon hayotimizga shukronalik tuygʻulari ushbu tadbirlarda oʻz ifodasini topyapti. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, odamlarning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashidagi ijobiy oʻzgarishlar ham Navroʻzning azaliy qadriyatlari bilan hamohang tarzda aks etmoqda.
Sanʼatkorlarning qiziqarli konsert dasturlari, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, folklor-etnografik ansambllar hamda baxshilar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, lapar, terma va dostonlardan parchalar bayramga alohida fayz bagʻishlamoqda. Milliy xalq oʻyinlari esa sayllarga yanada joʻshqinlik va koʻtarinki kayfiyat ulashmoqda.

— Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar natijasida odamlarning dunyoqarashi va hayotga munosabati tubdan oʻzgardi, — deydi boysunlik Oʻrol baxshi Normurodov. — Bu jarayonda ona zaminimiz, musaffo suvlarimiz va goʻzal tabiatimizni asrab-avaylashga boʻlgan eʼtibor yanada ortdi. Shu bilan birga, ming yillik milliy anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga boʻlgan hurmat ham mustahkamlanmoqda. Qishloqlarda dehqonchilik barakali turmush manbaiga aylanib, Navroʻz bayramining hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati yanada yuksak ahamiyat kasb etmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, viloyat tumanlarida oʻtkazilayotgan Navroʻz umumxalq sayllari 18-mart kuni yakunlanadi. Surxondaryo viloyatining asosiy bayram tadbirlari esa Termiz tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi amfiteatr maydonida 11-martdan 20-martga qadar 10 kun davomida oʻtkaziladi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring