Surxondaryoda hokim oʻrinbosari qamoqqa olindi

16:26 20 Fevral 2026 Jamiyat
297 0

Videodan kadr

Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani hokimining oʻrinbosariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur mansabdor shaxs oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, hokimlik zaxirasida boʻlgan 9 gektar yer maydonini Sherobod tumanida yashovchi fuqaroga poliz ekinlari ekish uchun 4 oy muddatga ijaraga berish evaziga 90 mln soʻm talab qilib, joriy yilning yanvar oyida 30 mln soʻm oladi.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u qolgan 60 mln soʻmni Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?