Surxondaryoda boshqaruvni yoʻqotgan “Lacetti” gaz quvuriga borib urildi

14:30 26 Sentyabr 2024 Jamiyat
185 0

Foto: Energetika vazirligi

Ikki viloyatda gaz quvuriga avtomobil urilishi hamda qurilish jarayonidagi eʼtiborsizlik sabab yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning 24-sentyabr kuni soat 21:40 da Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani Darband mahallasi hududidagi diametri D-219 mm boʻlgan gaz quvuriga “Lacetti” rusumli mashina kelib urilishi oqibatida quvurdan gaz sizib chiqqan. Ushbu avariya holatini bartaraf etish maqsadida tumandagi ayrim isteʼmolchilar (1 915 ta xonadon)ga tabiiy gaz yetkazib berilishi vaqtincha toʻxtatilgan.

Foto: Energetika vazirligi

Taʼkidlanishicha, ushbu nosozlikni bartaraf qilish uchun hududga maxsus brigada jalb etildi va avariya oqibatlari 25-sentyabr kuni soat 18:11 da toʻliq bartaraf qilinib, isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich tiklangan.

Shuningdek, kecha, 25-sentyabr kuni soat taxminan 14:30 lar atrofida yuqoridagi kabi holat Toshkent viloyatida ham sodir boʻlgan. Piskent tumanining “Baxt” uchastkasi hududida qurilish ishlarini olib borayotgan ekskavator haydovchisining eʼtiborsizligi oqibatida yer ostidagi yuqori bosimli D-325 mm gaz tarmogʻiga qattiq shikast yetkazilgan. Oqibatda quvurdan gaz sizib chiqish holati kuzatilgan.

Nazvaniye

Avariyani bartaraf etish maqsadida tumandagi ayrim isteʼmolchilar (15 198 ta aholi xonadoni hamda 320 ta ulgurji isteʼmolchi)ga tabiiy gaz yetkazib berilishi vaqtincha toʻxtatilgan.

Ushbu nosozlikni bartaraf qilish uchun hududga maxsus brigada jalb etilgan va avariya oqibatlari 26-sentyabr kuni soat 10:15 da toʻliq bartaraf qilinib, isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich tiklangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?