Surxondaryoda 95 yoshli momoga “metrka” berildi

13:23 22 Aprel 2020 Lifestyle
2220 0

Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan karantin tufayli mamlakatimizda koʻplab tashkilot, korxona va muassasalar oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan yoki masofadan turib xizmat koʻrsatishga oʻtgan. Ammo, shunday xizmat koʻrsatish turlari borki, ular faoliyatini toʻxtatishning imkoni yoʻq. Jumladan, FHDYO boʻlimlari sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilgan faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Karantin cheklovlar joriy qilingan ayni paytda Sariosiyo tumanidagi “Lochin” mahallasida istiqomat qiluvchi 95 yoshli Pirmatova Oʻgʻiloy momoning yaqinlari onaxonga tugʻilganlik guvohnomasi berishni soʻrab Sariosiyo tumanidagi 2-sonli FHDYO boʻlimiga murojaat qilishdi.

- Oʻrganishlarimiz jarayonida maʼlum boʻldiki, Pirmatova Oʻgʻiloy 1926-yilda tavallud topgan, 1940-yilda turmushga chiqqan. Bu yil 95 yoshni qarshilayotgan onaxon hozirga qadar tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olmagan, fuqarolik pasporti ham boʻlmagan. FHDYO boʻlimimiz tomonidan kerakli hujjatlar toʻplanib, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirildi. Onaxonni yoʻqlash, bu xushxabarni yetkazish maqsadida karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda, u kishi istiqomat qilayotgan xonadonga borib, tugʻilganlik haqidagi guvohnomani topshirdik. Endi fuqarolik pasportini berish uchun hujjatlar rasmiylashtirilyapti —, deydi, Sariosiyo tumanidagi 2-sonli FHDYO boʻlimi mudirasi Dilafruz Samatova.
 

DXA Surxondaryo viloyat boshqarmasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi maʼlumotiga koʻra, joriy yilning birinchi choragi davomida Surxondaryo viloyatidagi tuman (shahar) FHDYO boʻlimlari tomonidan 16013 ta tugʻilish hamda 3085 ta oʻlim haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirildi.

Bir soʻz bilan aytganda, viloyatdagi FHDYO boʻlimlari hamda Davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari tomonidan karantin sharoitida aholiga eng zarur turdagi davlat xizmat koʻrsatilmoqda.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?