Surxondaryo diyorimizdagi muhim arxeologiya va sayyohlik markazi

“Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” mavzusida madaniy meros haftaligi doirasida Termiz shahrida “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ xalqaro arxeologiya sayyohlik forumi boʻlib oʻtdi. Forumda qatnashish uchun mamlakatimiz hududlari va 80 dan ortiq xoriji davlatlardan kelgan dunyo ilm-fani vakillari – taniqli arxeolog olimlar, muzeylar va ilmiy institutlar rahbarlari Termiz Xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Muhtasham Sanʼat saroyida oʻtkazilayotgan forumning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati raisi F. Abduholiqov, Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, Fransuz milliy ilmiy tadqiqotlar markazining tadqiqotlar boʻyicha faxriy direktori, professor P. Lerish, AQSHning Xofstra universiteti Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boʻyicha dasturi direktori, professor A. Naymark va boshqalar Surxon vohasining milliy va dunyo davlatchiligi tarixida tutgan oʻrni, ilm-fan, sanʼat va madaniyat rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek,bu yerda ilk bor oʻtkazilayotgan arxeologik konferensiyaning ahamiyati haqida soʻz yuritishdi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati ilmiy kengashi raisi, akademik E.Rtveladzening video tabrigi, shuningdek, “Oks Iskandariyasi – Kampirtepa: Oks boʻyidagi shahar-qalʼa” hamda “Kushon merosi” nomli videoroliklar namoyish etildi.
Shoʻbalarga boʻlingan holda davom etgan konferensiya ishida taniqli sharqshunos olimlarning Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo va dunyo tarixining soʻnggi olamshumul kashfiyotlari haqidagi shov-shuvli maʼruzalari tinglandi.
Oʻzbek-Fransuz ekspeditsiyasi 1993-yildan buyon Surxondaryodagi bir necha tarixiy yodgorliklar ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda, -deydi Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi professori P. Lerish. – Manimcha, jahon sivilizatsiyasi tarixini oʻrganishda Surxondaryodagi tarixiy yodgorliklar muhim oʻringa ega. Jumladan, Boysundagi Teshiktosh gʻori, Sheroboddagi Zarautsoy yodgorligi, bundan tashqari, Dalvarzintepa, Kampirtepa, Jarqoʻton, Xolchayon, Qoratepa hamda Fayoztepa singari obidalar oʻz bagʻrida ne-ne sir-sinoatlarni saqlab kelmoqda. Turli madaniyat va dinlar hamda buyuk imperiyalar tarixi bu zamin oʻtmishi bilan chambarchas bogʻliq ekan, uni qiyosi oʻrganish hayotiy zaruriyat, deb bilan. Shu maʼnoda oʻtkazilayotgan xalqaro forum ahamiyati nihoyat muhimdir.
Oks Iskandariyasi bilan tanishuv
Xalqaro forum doirasida xalq orasida Kampirtepa deb nom olgan Oʻzbekiston hududidagi eng qadimgi arxeologik yodgorlikda akademik E. Rtveladze boshligida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari eʼlon qilindi. Bu yodgorlik Amudaryo (qadimgi Oks) oʻzanida miloddan avvalgiIV asr oxirida qurilgan va milodiy I asr boshlarigacha faoliyat koʻrsatgan port shahar – Oksiana Iskandariyasi (Aleksandriya)xarobalaridir. Mazkur qadimiy shaharcha yunon tarixchisi va geografi Ptolomey asarlarida tilga olingan Markaziy Osiyodagi ellinistik madaniyatning noyob yodgorligi, Aleksandr Makedonskiy tomonidan bunyod etilgan Oksiana Iskandariyasining oʻzi ekanligi ilmiy asoslanmoqda.
Tasdiqlangan arxeologik maʼlumotlarga koʻra, bu yerda gʻarbdan sharqqa tomon Oks boʻylab 400 metrdan ortiq masofaga choʻzilgan port-shaharning oʻlchamlari, yaxshi rivojlangan shaharsozlik tuzilmasi mavjud. Qalʼa darvozalari, muqaddas ibodatxona, xazina saqlash joyi, qabriston, shuningdek, bandargohlar, savdo nuqtalari va hunarmandchilik ustaxonalari, kemalar toʻxtaydigan koʻrfazlar borligi bu afsonaviy Oksiana Iskandariyasining xuddi oʻzi ekanidan dalolatdir.
Qalʼa zovur bilan oʻralgan, asosiy qoʻrgʻondan, minorali devorlar bilan aylantirib oʻralgan “quyi shahar” va mustahkamlanmagan shahar atrofidan iborat. Arxeologlar bu yerda erta ellinistik, yunon-baqtriya vakushon-yuech davrlariga mansub yaxshi saqlanib qolingan madaniy qatlamlarni topganlar. Koʻplab topilmalar, shuningdek, shaharcha meʼmorchiligining oʻziga xos xususiyatlari Kampirtepada asrlar davomida turli xil dinlar - zardushtiylar, buddaviylar va qadimiy yunon xudolarini hurmatlovchilar birgalikda tinch-osoyishta yashaganini koʻrsatadi.
Forum qatnashchilariga ilk bora Oksiana Iskandariyasi (Aleksandriya0)ning instalyatsiyasi 3D formatida taqdim qilindi. Unda qadimiy shaharcha asl qiyofada tiklandi. Bu esa buyuk arxeologik yodgorlikning dastlabki koʻrinishda toʻla-toʻkis tanishish imkoniyatini beradi.
- Muzrabot tumani hududida joylashgan Kampirtepa yodgorligida 1972-yildan buyon bir guruh arxeologlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijada koʻplab noyob topilma va maʼlumotlar qoʻlga kiritilgan, - deydi afgʻonistonlik olim Sharʼiy Juzjoniy. - Bu izlanishlar tufayli Oks (Amudaryo)ning oʻng qirgʻogʻida Iskandar Maqduniyning 329-327-yillardagi yurishlari vaqtida barpo etilgan eng qadimgi yunun-makedon frurioni haqidagi ilmiy asoslar qoʻlga kiritildi. Hozirga qadar bir guruh olimlar Osiana Iskandariyasini Afgʻonistondagi Oyxonim xarobalari bilan bogʻlagan boʻlsa, yana bir guruh olimlar uniEski Termiz shahri oʻrnidan izladi. Va nihoyat Ptolemey xaritalarida koʻrsatilgan muhim jihatlar Kampirtepada yuz koʻrsatdi.
“Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” mavzusida madaniy meros haftaligi doirasida Termiz shahrida “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ xalqaro arxeologiya sayyohlik forumida qatnashib bir olam taassurotlarga ega boʻldim. Tamaddun beshigi boʻlgan Surxon zamini, uning boy oʻtmishi haqida bir-biridan qimmatli maʼlumotlar bilan tanishdim. Ayniqsa, Termiz arxeologiya muzeyidan joy olgan eksponatlar men hayratlantirdi. Xuddiki qadim tarix koʻz oʻngimda gavdalangandek boʻldi.
Fayoztepa – buddizm ibodatxonasi
Buddizm dini rivojida Surxon zamini alohida oʻringa ega. Vohadagi koʻplab yodgorlikda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida bu borada aniq dalillar qoʻlga kiritilgan. Ulardan biri bu Fayoztepa majmuasidir.
U toshkentlik arxeolog L. I. Albaum tomonidan 1963-yilda ochilgan. Eski Termiz shaharchasining shimoli-gʻarbidan bir kilometrlik masofada joylashgan. Ushbu tarixiy yodgorlik Surxondaryo viloyati Oʻlkashunoslik muzeyi direktori R. F. Fayozov sharafiga atalgan. “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ xalqaro arxeologiya sayyohlik forumi qatnashchilari ushbu obida bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Ibodatxona oʻn toʻqqizta alohida joylashgan, devorlaridagi chuqur tokchalari toʻsiqlar bilan birlashtirilgan xonalardan iborat. Fayoztepada olib borilgan qazish ishlarida koʻplab qiziqarli topilmalar kuzatilgan. Bu yerda olimlar gʻaroyib goʻzallikka ega monaxlar bilan birga tasvirlangan Budda haykalini topishga muyassar boʻlishdi. Endilikda u Oʻzbekiston tarixi muzeyi ekspozitsiyasini bezamoqda.
Oʻz davrida bu joy nafaqat ibodatxona, balki, monastir ham boʻlgan. Inshootdagi hujra, ziyoratchilar yashashi uchun joylar, xoʻjalik xonalari ana shu haqida guvohlik beradi.
2006-yilda konservatsiya va rekonstruksiya ishlaridan soʻng Fayoztepa Budda ibodatxonasi ochildi va ochiq osmon ostidagi gʻaroyib muzeyga aylandi.
Shuningdek, forum ishtirokchilari Termiz arxeologiya muzeyiga ham tashrif buyurishdi. Bu yerdagi tosh asrdan to xonliklar davriga qadar boʻlgan vaqtlarga mansub boʻlgan nodir yodgorliklar, qadimiy ashyolar ularda boy taassurot qoldirdi.
Hozirda muzeyning kolleksiyasida 27 mindan ziyod eksponatlar mavjud. Ular orasida uy-roʻzgʻor buyumlari, qadimgi va oʻrta asrlardagi qurol aslahalar, hukmdorlar tangalari va muhrlari,shuningdek, rang-tasvir va antik haykaltaroshlik asarlari ham bor. Muzeyda kutubxonasida 16 mingga yaqin kitoblar, hukmdorlar yozishmalaridan iborat yozma manbalar ham saqlanmoqda.
“Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” mavzusida madaniy meros haftaligi doirasida Termiz shahrida “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ xalqaro arxeologiya sayyohlik forumi koʻhna Surxon vohasi tarixi, bu yerdagi tamaddun bochqichlari, bu koʻhna diyorning turli madaniyat va dinlar rivojida tutgan oʻrni haqida qimmatli maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring