Surxondaryo delegatsiyasi Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

01:36 18 Avgust 2023 Jamiyat
664 0

Foto: Xalq soʻzi

Xitoyning Xarbin shahrida boʻlib turgan Surxondaryo viloyati delegatsiyasi va Xeylunszyan provinsiyasi rasmiylari, chin yurtining 100 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari oʻrtasida hamkorlik istiqbollariga bagʻishlagan biznes-forum boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv doirasida Oʻzbekistondagi islohotlar, investorlarga yaratilgan sharoitlar, Surxondaryo viloyatining iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi imkoniyatlar taqdimoti oʻtkazildi. Oʻz navbatida mezbon mamlakat kompaniyalari vakillari bilan “G2B” va “B2B” formatida muzokaralar natijasida bir qator kelishuvlarga erishildi.

Xususan, “Binsi” iqtisodiy va texnologik rivojlanish hududi bilan hamkorlik hamda “Harbin Electric International” kompaniyasi bilan Qiziriq tumanida quyosh elektr stansiyasini barpo etish boʻyicha bitimlar tuzildi. Shuningdek, “Yang Zhonhang Association” Xitoy kompaniyalari uyushmasi bilan oziq-ovqat sanoati, savdo-sotiq, texnologik hamkorlik, foydali qazilmalarni qayta ishlash, turizm va ishlab chiqarish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish boʻyicha hamkorlikka kelishib olindi. Surxondaryo viloyatidagi paxta-toʻqimachilik klasterlari Xitoydagi yetakchi qishloq xoʻjaligi texnikalari yetkazib beruvchi kompaniya bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar imzoladi

Surxondaryo viloyati delegatsiyasi aʼzolari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqarish, sotish, texnologik konsalting faoliyati bilan shugʻullanuvchi “Heilongjiang Beidahuang Agricultural Servis” kompaniyasida boʻlib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kompaniyasi rahbari Chin Szyansao bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakunida Surxondaryo viloyatiga zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari “DONGTAI Technology Development“ kompaniyasiga ham tashrif buyurib, korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini koʻzdan kechirishdi. Kompaniya 2001-yilda tashkil topgan boʻlib, aqlli boshqaruv va elektron mahsulotlar, asbobsozlik, aloqa uskunalari, turli aksessuarlar, texnik konsalting, xizmat koʻrsatish hamda kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarida faoliyat koʻrsatadi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер