Surayyo, Muhayyo, Raʼno, Muqaddas, qayerdasiz?

13:50 13 Mart 2025 Jamiyat
141 0

Bundan bir necha yil avval shahar koʻchalarida, metro bekatlarida egnida atlas koʻylak, boshida doʻppi, sochlari qirqkokil oʻrilgan qiz milliy libosimizni targʻib qilib yurgan qisqa videosi ijtimoiy tarmoqlarda aylangandi. Nafaqat chet elliklar, balki oʻzimiznikilar ham havas bilan qaragandi.

Elimizning mashhur hofizi Faxriddin Umarov ijrosidagi “Qiz bolaga atlas koʻylak yarashmaydimi, Chamanzorda raʼno gulga qarashmaydimi?” deya boshlanguvchi qoʻshiqning yaratilishida ham atlas koʻylakning oʻziga yarasha oʻrni borligini bildiradi. Bu matoni oddiy kiyim deguvchilar yangilashadi. Milliy liboslarimizda xalqimizning oʻtmishi, urf-odati va madaniyati mujassam. Azaldan oʻzbek xotin-qizlarining kiyim javonini xonatlas-u adraslarsiz tasavvur qilish qiyin. Milliy liboslarimizning betakror koʻrinishi, serjilo naqshlari har qanday faslda ham koʻzlarni quvontirib, koʻngillarni yashnatadi.

Biroq bugun yurtimizda milliy libos kiyib, doʻppida yurganlarni kam uchratamiz. Opa-singillarimiz atlas va adrasdan tikilgan kiyimlarni kiymay qoʻyishdi. Faqat muhim tadbirlarda, oilaviy va katta bayramlarda, toʻylardagina milliy libos kiyishni afzal koʻrmoqda. Taassufki, hamma chet elda sunʼiy sanoat mahsulotlaridan ishlab chiqarilgan nomdor firmalar brendiga mansub kiyimlarga oshiqmoqda. Tabiiy paxta tolasidan toʻqilgan matolardan tikilgan kamzul, yengil xalat, yengsiz nimcha va choponlarni ilgari ayollarimiz sevib kiyishgan. Qish oylarida ham paxta solib qavilgan baxmal nimcha-yu choponlar onaxonlarimizning egnidan tushmagan. Bunday kiyimlar nafaqat tabiiy ehtiyojni taʼminlagan, balki amaliy sanʼatning betakror namunasi sifatida goʻzallik va nafislikka yoʻnaltirilgani bilan ahamiyat kasb etgan. Hozirgi yoshlarning koʻpchiligi bu kiyimlarni koʻrmagan, tabiiyki, bilmaydi ham.

Ammo davrlar oʻtsa-da, milliy liboslar oʻzbek xotin-qizlarining iffati, ibosi, Sharq ayoli timsolini amalda koʻrsatuvchi muhim belgilardan biri boʻlib qolaveradi. Chet elliklar egniga atlas va adraslarimizni, boshiga oʻzbekona doʻppini kiyib, suratlarga tushayotgan, milliy matolarimizdan tikilgan zamonaviy, eng muhimi, tabiiy liboslar Yevropa podiumlarida jilolanib butun dunyoga tanilayotgan bir paytda oʻzimiz ham shu liboslarni kundalik hayotimizda kiyishga andisha qilmasligimiz kerak.

Mamlakatimizda milliy libos targʻibotini kuchaytirish, yangi avlod vakillarida ularga nisbatan havas uygʻotish, oʻzbekona kiyinish madaniyatini yuksaltirish maqsadida turli festivallar, chorlov va anjumanlar oʻtkazilmoqda. Quvonarlisi, bunday tadbirlarda faqat xotin-qizlar emas, boshida doʻppi va egnida chakmon-u toʻnlari bilan yigitlarimiz ham faol qatnashmoqda. Bu tadbirlar bir kompaniya darajasida qolib ketmasdan bardavom boʻlsin! Koʻchalarni toʻldirib atlas koʻylak kiyib yurgan qizlarga mashhur filmlarning birida aytilganidek “Ipakmidi, atlasmidi kiyganingiz-ey” deya havas bilan qaraylik. Bugungi Surayyo, Muhayyo, Raʼno, Muqaddas, qayerdasizlar?

Saodat MUSAYEVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?