Sunʼiy intellekt boʻyicha yetakchi boʻlgan maktablar elektromobil bilan taqdirlanadi

14:11 02 Yanvar 2026 Jamiyat
393 0

Sunʼiy intellekt boʻyicha yetakchi boʻlgan maktablar elektromobil bilan taqdirlanadi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali maʼlum qildi.

Bildirilishicha, 2025-yil 31-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va koʻnikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yoʻnaltirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi 849-sonli qarori qabul qilingan.

Unga koʻra, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasini amalga oshirish va mazkur loyiha doirasida yil yakuniga koʻra eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar, ularning oʻqituvchilari hamda taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullangan.

Har yili “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash boʻyicha milliy tanlov oʻtkazib borilishi belgilandi.

Bunda tanlov gʻoliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar, jumladan:

  • 100 nafar oʻqituvchi — 1 000 AQSH dollari ekvivalentida pul mukofoti;
  • 10 nafar oʻqituvchi — xorijiy sayohatga yoʻllanma;
  • 500 nafar yoshlar — noutbuk;
  • 500 nafar yoshlar — qimmatbaho sovgʻalar;
  • 3 ta oliy taʼlim tashkiloti — pul mukofoti;
  • 2 ta umumtaʼlim maktabi (“Prezident sovgʻasi”) — elektromobil bilan taqdirlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?