Sud ishlarini ko‘rishda prokuror ishtiroki kengaymoqda

17:19 28 Avgust 2024 Siyosat
182 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning 56-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi prinsipini yanada aniqlashtirishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash borasida sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni ko‘rishda prokurorning ishtirokiga, shuningdek, ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishga taalluqli prosessual normalar ham oydinlashtirilmoqda.

Qonun bilan prokuror davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlardagi yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, prokuror fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga davlat manfaatlarini himoya qilishga aloqador masalalar yuzasidan ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha prokuror sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor etilmagan bo‘lsa, prokuror ushbu ishlarni suddan talab qilib olib o‘rganishi hamda ular bo‘yicha protest keltirishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar ta’kidlashicha, Qonunning qabul qilinishi prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga, shuningdek sudlarda ishlarni muhokama qilishda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер