Sud-huquq sohasidagi ommaviy qabullarda qanday masalalar hal etilmoqda?

08:17 31 Mart 2021 Jamiyat
797 0

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan Zarafshon shahri, Qiziltepa, Navbahor, Karmana tumanlarida tashkil etilgan ommaviy qabullarda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan ming nafardan ziyod murojaatchining ariza va shikoyatlari Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, ichki ishlar vazirligi, adliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi masʼullari tomonidan hududiy idora va tashkilotlar ishtirokida koʻrib chiqildi.

Uch kun davom etgan ommaviy qabullarda murojaatlarning 942 tasi sud-huquq masalalari, 78 tasi ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarga taalluqli boʻlib, ularning 329 tasi joyida ijobiy hal etildi, 320 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi, 371 ta murojaat qoʻshimcha oʻrganish talab etilgani sababli nazoratga olindi.

Vazirlik va idoralar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, Oliy sud masʼullari 494 nafar fuqaroning jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy, iqtisodiy ishlarga doir yozma va ogʻzaki murojaatlarini koʻrib chiqdi.

Shulardan 65 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida mazmunan koʻrib chiqish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hayʼatlariga hal etish uchun oʻtkazildi, 58 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 16 nafar mahkumning jazosi yengilrogʻi bilan almashtirildi, 46 nafar mahkum umumiy tartibli koloniyadan manzil koloniyaga oʻtkazildi, 2 nafar fuqaroga oid jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi.

Aniq misollarga eʼtibor qaratamiz. Qiziltepalik Negboy Uzoqov nafaqada. U kishining uzoq yillar mobaynida ishlagan davri pensiya tayinlash jarayonida inobatga olinmagan. U mutasaddilardan shu masalada yordam soʻradi. Murojaat koʻrib chiqilib, vajlar asosli ekani tufayli 4 yillik staj umumiy stajga qoʻshilib, pensiya miqdori qayta hisoblanadigan boʻldi.

Navoiy shahrida yashovchi Fazliddin Jabborov ham pensiya tayinlashda asossiz ravishda hisobga olinmagan 7 yillik mehnat stajini hisobga olishni soʻrab murojaat qildi. Sud tartibidagi oʻrganishlardan keyin uning iltimosi ham qanoatlantirildi.

Navbahor tumanidagi 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari vazifasida ishlagan Muhayyo Berdiyeva tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan ishdan qonunga zid boʻshatilgani bois ishiga qayta tiklab berish masalasida sudga murojaat qildi. Ommaviy qabulda uning ishi koʻrib chiqilib, haqiqatan uni ishdan boʻshatishda qonun buzilishi boʻlgani tufayli oʻz lavozimiga qayta tiklanishi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Ommaviy qabullar jarayonida Bosh prokuratura masʼullariga tergov va surishtiruv, sud qarorlari, sud qarorlarining ijrosi, mahalliy hokimiyat va oʻzini-oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, uy-joy, moddiy yordam, qurilish, kommunal sohalar yuzasidan 271 ta murojaat kelib tushdi.

Navbahorlik Ibrohim Neʼmatov 23 yoshda. U tadbirkorlikka qiziqadi. Ammo bankdan kredit olishda muammolarga duch kelgan. Muloqotlar natijasida uni qiynab kelayotgan masala hal boʻldi va endi u oʻz tadbirkorligini boshlashi mumkin.

Karmana tumani “Navroʻz” MFYda yashovchi Doston Ramazonov esa poliz ekinlari ekish uchun yer ajratishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Murojaat ijobiy hal etilib, Karmana tumanidagi fermer xoʻjaliklaridan biridan 25 sotix yer maydoni ajratilib, fermer xoʻjaligi bilan tegishli shartnoma imzolandi.

Fuqaro Lola Qurbonovaning murojaati asosida “Qalqon ota” mahallasi ichki koʻchalarini taʼmirlash ishlariga kirishildi.

Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari jonli muloqotlar asnosida ichki ishlar organlariga ishga kirish va ishga tiklash, surishtiruv va tergov, mol-mulk va boshqa buyumlarni olib qoʻyish yoki qaytarmaslik, fuqarolik va pasport-viza, jazoni ijro etish bilan bogʻliq 91 tani murojaatni oʻrgandi.

Murojaatlar asosida ichki ishlar organlari probatsiya xizmati nazoratida turgan bir guruh shaxslar belgilangan talablarga javob bergani munosabati bilan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi. 2 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shular qatorida qabullar jarayonida 52 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 18 nafar kishiga 238 000 000 soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi, muhtoj kishilarga davolanish uchun yoʻllanmalar hamda moddiy yordam berildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga oʻz ishini yoʻlga qoʻyishi uchun tikuv mashinalari taqdim etildi. Nogironligi boʻlgan fuqarolar holidan xabar olinib, ehtiyoji bor kishilarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamasi kabi vositalar berildi.

Ommaviy qabullar yakuni boʻyicha mutasaddi rahbarlarga nazoratga olingan har bir murojaatni oʻz vaqtida qonun doirasida koʻrib chiqish va hal etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilib, Xalq qabulxonalari tomonidan qatʼiy nazoratga olindi. Maʼlumot uchun aytish joizki, sud-huquq sohasi boʻyicha navbatdagi ommaviy qabullar joriy yil 30-martidan 3-apreligacha Toshkent va Samarqand viloyatlarida oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?