SSV vaksinadan soʻng koʻzi koʻrmay qolgani aytilgan xorazmlik ayolning salomatligidagi oʻzgarishlar emlash bilan bogʻliq emasligini maʼlum qildi

14:56 29 Avgust 2021 Jamiyat
1863 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida vaksina olgandan soʻng ahvoli ogʻirlashgan fuqaro haqida videolavha tarqalgach, Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni nazoratga olganligi, uning ahvolini oʻrganish, bu holat nima sababdan yuz berganiga aniqlik kiritish maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzilganligi yuzasidan xabar bergan edi.

SSVning maʼlum qilishicha, dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, videolavhada tilga olingan fuqaro S.Yo. 30 yoshda boʻlib, ilgari meningit belgilari bilan muolaja olgan, gepatit “S” va ikkala koʻz miopiya yengil darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan.

Fuqaro S.Yo. 2021-yil 27-avgust kuni shifokor koʻrigidan oʻtkazilib, vaksina olishga qarshi koʻrsatma boʻlmaganligi sababli koronavirusga qarshi emlangan va oilaviy shifokor kuzatuvida boʻlgan. Vaksina olgandan keyin hech qanday nojoʻya taʼsirlar kuzatilmagach, akasi S.O.ning uyiga ketgan.

Shu kuni tungi soat chamasi 21:17larda S.Yoda umumiy holsizlik, qoʻl-oyoq tortishishi, nafas qisishi kabi belgilar kuzatilgan va shundan soʻng fuqaroning yaqinlari tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Tibbiy brigada tomonidan S.Yo.ga «Vegetotomir distoniyasi» dastlabki tashxisi qoʻyilib, unga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan.

Soʻng S.Yo. tekshiruv va davolash uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filialiga olib borilgan. U davolash muassasasi qabul boʻlimida nevropatolog shifokor tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, belgilangan standartlar asosida zarur tibbiy yordam koʻrsatilgan va kuzatuvda boʻlishi tushuntirilgan. Biroq, fuqaro shifoxonada yotishdan bosh tortgan.

Videomurojaatda koʻzi koʻrmay qolganligi qayd etilgan S.Yo. mazkur davolash muassasasi qabulxonasiga tez yordam mashinasidan mustaqil tushib, shifokor qabuliga oʻzi yurib kirganligi va yurib chiqib ketganligi videolavhada aytilgan soʻzlar haqiqatga mos kelmasligini koʻrsatadi.

Bundan tashqari, bugun Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Gʻayrat Qoriyev boshchiligidagi neyroxirurg, infeksionist, nevropatolog, oftalmolog va immunolog kabi qator mutaxassislar S.Yo.ni yana bir bor tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan. Koʻrik davomida S.Yo.ning ahvoli qoniqarli, nafas olishi va yurak urishi meʼyoridaligi maʼlum boʻlgan. Qolaversa, uning koʻz tubida patologik oʻzgarishlar aniqlanmagan. Ayni paytda S.Yo. oʻzini yaxshi his qilmoqda.

Tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan bosh mutaxassislarning yakuniy xulosalariga koʻra, fuqaro S.Yo.ning bir kun avvalgi sogʻligʻidagi oʻzgarishlar emlash bilan bogʻliq emasligi oydinlashgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizga olib kelinayotgan va butun dunyoda qoʻllanilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar boʻyicha maʼlum qarshi koʻrsatmalar boʻlib, eng asosiy moneʼliklardan biri bu - anafilaktik shok hisoblanadi. Ushbu holat avval boshqa dorilar yoki vaksinaga nisbatan qandaydir reaksiyalar va anafilaktik shok yuz bergan bemorlardagina kuzatilishi mumkin. Boshqa hech bir insonda bunday noxush holat roʻy bermaydi.

Buning isboti sifatida ayni paytgacha dunyoda 5 milliardga yaqin odam, mamlakatimizda esa 14 millionga yaqin vaksina dozasi qoʻllanilgan boʻlsa, tibbiy kuzatuvlar natijasida birorta insonda anafilaktik shok kuzatilmagan. Emlashdan keyingi yuz beruvchi holatlarning barchasi yengil va oʻrta darajadagi oʻzgarishlar boʻlgan. Bular - xolsizlik, mushaklar va suyaklarda ogʻriqlar, isitmaning biroz koʻtarilishi hamda ineksiya qilingan joyda ogʻriq paydo boʻlishidir. Ushbu oʻzgarishlar ham qisqa vaqtda oʻtib ketadigan holatlar hisoblanadi.

Qolaversa, yuqorida taʼkidlanganidek, vaksina qilishga eng asosiy moneliklardan biri hisoblangan anafilaktik shok holati vaksina qilingandan keyin 30 daqiqa ichida roʻy berishi mumkin. Xorazmlik S.Yo. esa emlashdan avval hamda vaksina olgandan soʻng tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan va hech qanday salbiy taʼsirlar kuzatilmagandan soʻnggina uyiga ruxsat berilgan.

Agar S.Yo.ning sogʻligidagi salbiy oʻzgarishlar chindan ham vaksina bilan bogʻliq boʻlganida, unda 30 daqiqa ichida anafilaktik shok yoki bir nuqtaga qarab, qotib qolish holati kuzatilgan boʻlardi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada koʻrish mumkinki, S.Yo.ning es-xushi joyida, yon-atrofidagi gap-soʻzlarni eshitib, tushunib turibdi, hech qanday sudurgi holatlari yoʻq.

Yana shuni aytish lozimki, vaksinalarning oʻzi hech qachon va hech qanday kasallikni chaqirmaydi. Shuningdek, vaksinatsiyadan keyingi salbiy holatlar hech qachon bir marta yoki bir odamdagina kuzatilmaydi, aksincha bir nechta odamda va jamoaviy roʻyxatga olinadi. Shu maʼnoda olib aytsak, fuqaro S.Yo.ning sogʻligidagi oʻzgarishlar emlash bilan bogʻliq emas.

«Shunday ekan yurtdoshlarimizdan koronavirusga qarshi emlash tadbirlariga toʻgʻri munosabatda boʻlishlarini, vaksina haqida fikr bildirishdan avval masalaga mulohaza bilan yondoshishlarini, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan kimnidir obroʻsizlantirish, aholi oʻrtasida emlash boʻyicha notoʻgʻri tassavvur uygʻotish maqsadida foydalanmasliklarini soʻrab qolamiz. Zero, bugun davlatimiz xalqning salomatligi yoʻlida barcha kuch va imkoniyatni ishga solayotgan bir paytda bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, aksincha oʻzimiz va yaqinlarimiz salomatligi yoʻlida emlanish barchamiz uchun eng toʻgʻri yoʻldir.

Eslatib oʻtamiz, “COVID-19»ga qarshi samarali kurashish, aholini koronavirusdan asrash maqsadida joriy yil 1-apreldan boshlab mamlakatimizda ommaviy emlash tadbirlari yoʻlga qoʻyildi. Eʼtiborlisi, oʻtgan vaqt davomida yurtimizda qoʻllanilayotgan vaksinalar bilan emlangan aholi vakillarida birorta ham jiddiy salbiy taʼsir kuzatilmagan», deyiladi SSV xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?