SSV “gʻayritabiiy qobiliyatlarga ega” kimsalarga aldanib qolmaslikka chaqirdi

Foto: SSV
Ijtimoiy tarmoqlarda soxta tabiblik bilan shugʻullanib, oʻzini reklama qilayotgan holatlar va qoʻllanilayotgan muolaja usullari dalillarga asoslangan tibbiyotning davolash uslublariga kirmaydi, deya aholini ogohlikka chaqirdi Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Vazirlik matbuot xizmati soʻnggi yillarda davlat tomonidan xalq tabobatini rivojlantirish, sohani zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimiga izchil integratsiyalash, bu yoʻnalishda mutaxassislar malakasini oshirishga katta eʼtibor qaratilayotgani, natijada bugun mamlakatda 150 ta tadbirkorlik subyekti tegishli litsenziya asosida xalq tabobati yoʻnalishida samarali faoliyat yuritib kelayotganini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramay, keyingi paytlarda tegishli huquqqa ega boʻlmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda kasalliklarga tashxis qoʻyish, ularni davolash bilan shugʻullanayotgan hamda bu orqali insonlar sogʻligi va hayotiga jiddiy xavf tugʻdirayotgan soxta tabiblar soni koʻpayib bormoqda.
“Eng yomoni, xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy usul bilan va uy sharoitida xalos boʻlishni istagan yurtdoshlarimiz “gʻayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan, turli yoʻllar orqali odamlar ishonchiga kirib, hech qanday tasdiqlanmagan hamda tegishli sinovlardan oʻtmagan “xizmat”larni taklif etayotgan bunday kimsalarga aldanib qolmoqda”, deyiladi SSV xabarida.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targʻib qiluvchi platformaga aylanib borayotgani, ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham ogʻir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz boʻlayotgani afsuslanarli ekani taʼkidlangan.
Bildirilishicha, bunday soxta usullar belgilangan diagnostika va davolash milliy klinik protokollari hamda standartlariga mutlaqo muvofiq emas. Qolaversa, yuqoridagi muolajalar bilan shugʻullanayotgan shaxslarga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan faoliyat yuritishlari uchun hech qanday litsenziya berilmagan.
“Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabiblardan ogoh boʻling! Oʻzingiz, oila aʼzolaringiz va yaqinlaringiz salomatligini xavf ostiga qoʻymang!” deyiladi xabarda
Maʼlum qilinishicha, 2024-yilda litsenziyasiz tibbiy faoliyat yuritganligi uchun 38 ta yuridik shaxsning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, 2025-yilning 1-iyul holatiga esa 24 ta yuridik shaxs moliyaviy jarimaga tortilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Oʻzbekistonda soxta tabiblik faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tomonidan muntazam ravishda oʻquv-seminarlar hamda profilaktik tadbirlar oʻtkazib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring