Sovuq havoda shamollamaslik uchun nima qilish kerak?
Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab biroz sovuq havo kuzatilmoqda. Bunday harorat esa shamollash bilan bogʻliq kasalliklarga chalinish ehtimolini birmuncha oshiradi.
Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev qish kunlarida mavsumiy xastaliklardan saqlanish boʻyicha kerakli tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
— Inson organizmi turli kasalliklarga qarshi kurashishi uchun uning immuniteti mustahkam boʻlishi kerak, — deydi mutaxassis. — Biroq qish faslida aksariyat kishilarda tananing himoya tizimi biroz susayadi. Natijada shamollash bilan bogʻliq kasalliklar biroz ortadi.
Shu bois, sovuq havoda, eng birinchi navbatda, gigiyena qoidalariga rioya etish maqsadga muvofiq. Buning uchun koʻchadan kelganda albatta qoʻllarni sovunlab yuvish shart.
Bilamizki, viruslar sovuq va quruq havoda faollashadi. Toʻgʻri, qish fasli atmosferada namlik nisbatan yuqori boʻladi. Biroq xonalar isitilishi sababli havo quruqlashadi. Shu bilan birga, patogenlar toza havoni yoqtirmaydi. Ammo sovuq kunlarda eshik va derazalar zich yopilib, xonalar havosi tez-tez almashtirilmaydi.
Odamlar asosiy vaqtini issiq sharoitda, bir necha kishi yoki koʻpchilik bir joyda jamlanib oʻtkazadi. Bu esa infeksiyalarning avj olishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shu bois binolarni tez-tez shamollatish kerak.
Shuningdek, D vitamini immunitet tizimining meʼyoriy ishlashi uchun muhim element hisoblanib, qish faslida quyoshli kunlar kam boʻlishi bois organizm bu moddani mustaqil ishlab chiqarishi pasayadi. Natijada tananing mazkur darmondoriga ehtiyoji ortadi.
Shu sababli qishda toʻgʻri ovqatlanish, ayniqsa, tarkibida S va D vitamini bor yeguliklar (baliq, jigar goʻshti, sut mahsulotlari, tuxum, mandarin, kivi, qoragʻat (smorodina), quritilgan anjir, limon, malina kabi mevalar, petrushka, oʻsimlik yogʻi va tabiiy apelsin sharbati)ni koʻproq isteʼmol qilish lozim. Kunlik taomnomaga oqsilga boy oziq-ovqatlar (dukkakli mahsulotlar, yormalar, mol va parranda goʻshti)ni kiritish maqsadga muvofiq.
Qolaversa, vitaminlar shamollashning samarali profilaktikasi hisoblanadi. Ular immunitet tizimini mustahkamlash va viruslarga qarshi turish uchun juda muhim. Masalan, B vitaminlari (B1, B2, B6, B12) leykotsitlar faolligini kuchaytiradi. Bu oʻz navbatida tananing sovuqqa chidamliligini oshiradi. Shu bois tarkibida ushbu vitaminlar koʻp boʻlgan goʻsht, baliq, jigar, dukkaklilar, asal va yongʻoq kabi mahsulotlarni yeyish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, sovuq paytda ob-havoga mos kiyinish kerak. Birinchi navbatda, sharf taqishni unutmaslik zarur. Boisi u boʻyindagi qon tomirlarini issiq saqlab, miyaga issiqlik yetib borishini taʼminlaydi. Turar-joy va ofislar hamda jamoat binolarida esa harorat rejimiga rioya qilish lozim.
Yana bir jihat shuki, aksariyat insonlar sovuq payti kamharakat boʻlib qoladi. Bu esa immun tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Aslida qish payti jismoniy harakatni koʻpaytirish orqali tanani chiniqtirish juda muhim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 17 nafar professor-oʻqituvchiga ilmiy unvon berildi
- Davron Kabulovning otasi “oʻgʻrilik” boʻyicha sudlanib, qariyb 345 mln soʻm jarimaga tortilgani maʼlum boʻldi
- Isroil va Eron nizosi yangi bosqichga chiqdi
- Sen yetim emassan: Odamiylik timsoliga aylangan oila
- Prezident yangi qaror imzoladi
- Prezidentning yangi qarori eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring