Soliq toʻlovchilarga qonunchilikdagi yangiliklar tushuntirildi

18:55 19 Yanvar 2024 Iqtisodiyot
529 0

Foto: Toshkent viloyati soliq boshqarmasi axborot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, ushbu qonun bilan Soliq kodeksining 46 moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Ushbu yangiliklarni aholi va tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida Toshkent viloyati soliq boshqarmasi tomonidan seminar tashkil etildi.

Toshkent viloyati soliq boshqarmasi axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, seminarda soha masʼullari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni xodimlari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash uchun foyda soligʻi boʻyicha har oy boʻnak toʻlovlari toʻlashi lozim boʻlgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori avval 5 mlrd. soʻm boʻlgan boʻlsa, endilikda 10 mlrd. soʻm etib belgilanganligi taʼkidladilar.

Shuningdek. qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplashda oʻtkaziladigan kameral soliq tekshiruvidan tashqari, kameral soliq tekshiruvlarida soliq toʻlovchining hududiga kirish, hududini koʻzdan kechirish, hujjatlarni talab qilish va uni chaqirtirish, hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish taqiqlangani, yuridik shaxslar va YATTlarga kameral soliq tekshiruvi natijasida qoʻshimcha hisoblangan soliqlarni 6 oy mobaynida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi berilganligi boʻyicha batafsil tushunchalar berildi.

Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan yoʻllangan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berilib, Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgarishlar aks etgan maxsus qoʻllanmalar tarqatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?