Avval xabar qilganimizdek, Xitoydan uchta charter reys orqali yurtimizga olib kelingan fuqarolar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra,14 kun davomi (kasallikning yashirin davri)da tibbiy kuzatuvga olish maqsadida maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi mazkur muassasadan fotoreportaj tayyorladi.
Ushbu muassasalarga joylashgan fuqarolar bu yerdagi yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun. Misol uchun “Boʻston” sanatoriysiga joriy yil 4-fevral kuni Xitoyning Pekin shahridan olib kelingan 250 nafar fuqaro joylashtirildi. Mazkur tadbirlarga tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan oʻtkazilgan sohaning yetakchi va tajribali mutaxassislari jalb etildi.
Maʼlumki, “Boʻston” sanatoriysi mamlakatimizdagi dam oluvchilar uchun barcha qulaylikka ega va yetarli shart-sharoitlar bilan taʼminlangan sihatgohlardan biri hisoblanadi.
– Xitoydagi nufuzli universitetda oʻqiyman. Koronavirus epidemiyasi tufayli, ochigʻi, boshida judayam xavotirlandim. Shunday qiyin paytda Prezidentimiz tashabbusi bilan charter reysi tashkil etilganligini eshitib, rosti, koʻzimdan yosh chiqib ketdi, – deydi navoiylik Mehriddin Zoirov. – Biz joylashgan muassasada barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan, oʻrin-joylar, oziq-ovqatlar, zarur dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlangan. Kelgan fuqarolarning kiyimlarini sifatli yuvish uchun kirxona, tibbiy anjomlarni sterilizatsiyadan oʻtkazish uchun alohida punkt va avtotransportlar uchun dezinfeksiya maydoni va dezinfeksion vositalar zaxirasi yaratilgan.
Darhaqiqat, tibbiy kuzatuvdagi fuqarolarimizning termometriyadan oʻtkazish, niqoblarni oʻz vaqtida almashtirish va xonalarni shamollatish hamda namli tozalash ishlarini oʻtkazilishi malakali epidemiologlar tomonidan nazoratga olingan. Yuqumli kasalliklar shifokorlari tomonidan ikki mahal tibbiy koʻrik oʻtkazilmoqda.
– Epidemik vaziyat beqaror hududdan yurtimizga olib kelishgani uchun Prezidentimizga, barcha tashkilotchilarga chuqur minnatdorchilik bildiraman, –deydi poytaxtlik Farruh Ismatullayev. – Ayni paytda sogʻligimizda hech qanday muammo yoʻq, axir sanatoriyda dam olyapmiz. Bu yerda boʻsh vaqtimizni samarali oʻtkazish uchun kutubxona tashkil etildi. Sport bilan shugʻullanishlari uchun ham barcha sharoit yaratildi. Shuningdek, dezinfektor mutaxassislar tomonidan kuniga ikki mahal yotoqxonalar, vannaxonalar va oshxona zararsizlantirilmoqda. Oshxonada ishlatilgan idish-tovoqlarni zararsizlantirish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, ayni paytda koronavirus infeksiyasining yurtimizga kirib kelishining oldini olish borasida tizimli choralar koʻrilmoqda. Jumladan, Xitoy bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi aviaqatnovlar vaqtincha toʻxtatilgan. Koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlardan kelayotgan yoʻlovchilar 12 ta aeroport, 5 ta temir yoʻl hamda davlat chegaralarini kesib oʻtish joylaridagi 53 ta Sanitariya karantin punktlarida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, yoʻlovchilarning vaqtincha turar joy markazlari yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining bosh ofisiga +998 (71) 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, Toshkent davlat stomatologiya instituti maʼmuriyati binosida (eski ToshMI) call – markaz tashkil etilib, unda Xitoydan olib kelingan vatandoshlarimiz oʻz oila aʼzolari, yaqinlari bilan 30 ga yaqin video konferensiya aloqalari yordamida toʻgʻridan – toʻgʻri muloqot qilishlari mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring