Sobiq mashinasozlik korxonasidan qolgan bino nega “muzlatildi”?
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Toʻqsonni qoralab qolgan Mahmudjon ota Dehqonov yigirma yilga yaqin oʻz mahallasidagi shundoq uyiga devor darmiyon zavodda mehnat qilgan. Oʻz davrida korxona rosa gullagan. Koʻpchilikni ish bilan taʼminlagan. Qishloqdoshlari roʻzgʻoriga baraka kiritgan. Zamona zayli bilan uning mulk shakli oʻzgardi, biroq, haqiqiy mulkdorni topmadi chogʻi, choʻksa-choʻkdiki, rivojlanib ketmadi. Bugun katta-katta sexlarga ega zavoddan yakka yolgʻiz maʼmuriy binogina yodgorlik boʻlib qolgan. Besh yil avval qulf osilgan uch qavatli inshootning oldidan har gal oʻtganida uning mungʻayib turgan qiyofasiga koʻzi tushgan otaxonning yuragi eziladi.
Shovon Toʻraqoʻrgʻon tumani markazidan yigirma chaqirim masofada joylashgan chekka mahalla. Keyingi paytlarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga qaramay ushbu aholi istiqomatgohida bir qator muammolar saqlanib qolayotgani koʻpchilikni tashvishga solmoqda. Hududda bitta umumtaʼlim maktabi, sanoqli xususiy bogʻchalardan tashqari biror ijtimoiy muassasa yoʻq. Bandlikni taʼminlash masalasi, ayniqsa, eʼtibortalab ahvolda. Garchi, bu joyda rasmiy ishsizlar soni 30 nafar deya roʻyxatga olingan boʻlsada, amalda doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan fuqarolar bir necha oʻn baravar yuqori raqamni tashkil etadi. Shundan xorijga rizq izlab ketgan yoshlar koʻplab oilalarda uchraydi. Baʼzilar kundalik xarajati uchun mahalla etagidan oʻtgan soy yoqasidagi norasmiy bir kunlik ish topish maskaniga chiqadi. “Mardikor bozori” deb nom olgan bu joyda har kuni erta tongda yuzdan ortiq odam toʻplanadi. Ular orasida yosh yigitlardan tortib, soqoliga oq oralagan kattalargacha bor. Xotin-qizlar ham yetarli.
Muammoning ildizi 4300 dan ortiq nufuzga ega mahallada mehnat oʻrinlari, xususan, koʻpchilikni muqim ish bilan taʼminlay oladigan biror joʻyali korxona yoki jilla qursa, biror oʻn kishini band etgan tadbirkorlik subyektining yoʻqligida. Toʻgʻri, hududda fermer xoʻjaligi, ikkita sartaroshxona, barmoq bilan sanarli savdo doʻkonlari, tegirmon, uchta yirik sement gʻisht quyish shoxobchasi, boshqa bir qator yakka tadbirkorlik tuzilmalari bor. Ularda nari borsa yuzdan ortmagan kishi kafolatli mehnat oʻrni bilan band. Qolganlar esa...
Savol tugʻiladi, Shovonda, deylik, koʻp sonli oʻringa ega ishlab chiqarish korxonasi yoki ular filialini tashkil etish orqali muammoni yumshatishning imkoni yoʻqmi? Chor atrofda tadbirkorlik harakati avj paytda zamonda nega mahallaga biror bir yangi sanoat oʻchogʻi olib kirilmadi? Vaholanki, bu yerda bir paytlar salkam 200 kishilik mehnat jamoasiga ega “Namangan qishloq xoʻjalik mashinalari zavodi” faoliyat koʻrsatgan. Uning raqamli texnologik dastgohlarga ega sexlarida bogʻdorchilik sohasi uchun texnika va uskunalar ishlab chiqarilgan. Tabiiyki, mahalliy aholi oʻrtasida mashinasozlik sohasida anchagina tajriba ham toʻplangan edi. Biroq, korxonani xususiylashtirish boʻyicha amalga oshirilgan qator loyihalar kutilgan natijani bermadi. Bu orada korxona sexlari, undagi noyob va qimmatbaho texnologik jihozlar nomi tadbirkoru maqsadi hamyonni qappaytirish boʻlgan soxta ishbilarmonlar tomonidan sotib yuborildi. Binolar gʻishti, hatto, poydevorlarning sement boʻlaklarigacha pullandi. Ishlab chiqarish toʻxtadi. Bugun hayhotday korxonadan bitta uch qavatli idora binosigina yodgorlik boʻlib qolgan. U ham qariyb 10-15-yildan beri tadbirkorlar tomonidan qoʻldan-qoʻlga oʻtib, ularga bank kreditini olish uchun garov manbai sifatida xizmat qilib kelmoqda, xolos. Oxirgi mulkdor bundan besh yil avval “Bu yerda katta tikuvchilik korxonasi qilaman”, deya egalik huquqini qoʻlga kiritgan edi. Garchi, xatti-harakatini mahalladagilar astoydil qoʻllab-quvvatlashiga qaramay ishonchni oqlamadi. Boshlanishiga binoning bir qavatiga dastgohlar oʻrnatib, 20-30 nafar xotin-qizni ishlatgandek koʻrindiyu, uch oy oʻtmay faoliyatni toʻxtatdi.
— Binoni Namangan shahridagi “Limenur” masʼuliyati cheklangan jamiyati investitsiya kiritish va ish oʻrinlari yaratish sharti bilan sotib olgan edi, — deydi 2019-yildan beri bu joyni qoʻriqlab kelayotgan Abdujabbor Kamolov. — Lekin, tadbirkor Ibrohim Gʻ. lafzida turmadi. U binoni garovga qoʻyib, “Agrobank”ning Jomashoʻy boʻlimidan kattagina kredit olgan. Ishi bitib, eshagi loydan oʻtishi bilan hamma narsasini yigʻishtirganicha kelgan joyiga qaytib ketdi. Shundan buyon inshoot hech kimga foydasi tegmasdan boʻm-boʻsh turibdi.
Aytishlariga qaraganda, kredit qarzdorligi bartaraf etilmagani uchun mijoz va bank oʻrtasidagi tortishuvlar sudgacha borib yetganidan soʻng mulk moliyaviy muassasa tasarrufiga oʻtgan. Bank binoni sotuvga qoʻygan. Oradan bir necha yil oʻtganiga qaramay, uni sotib olaman, degan talabgor chiqmayapti. Baʼzilari uning sotish qiymati yuqoriligidan aniq gap aytishmayotgan koʻrinadi. Bir gal hatto, vengriyalik sarmoyador ham kelibdi. Obyekt temir yoʻlga uzoqligi, bundan tashqari tabiiy gaz taʼminoti yoʻqligi uchun koʻngli chopmagan. Toʻgʻri, obyekt qaysidir talabgorga maʼqul kelmagandir. Lekin, bu yerda yarim gektar atrofida boʻsh hovlisi bilan 1800 kvadrat metr foydali maydonga ega zamonaviy bino turibdi. Aytaylik, tabiiy gaz yoʻqligi sabab qilib keltirilayotgan boʻlsa, murakkab texnologik ishlovni talab qilmaydigan faoliyat turi, masalan, poyabzalchilik, tikuvchilik yoki milliy hunarmandchilikning boshqa turiga asoslangan ishlab chiqarishni tashkil qilsa boʻladiku! Buning uchun amaliy harakat, oʻz oyogʻi bilan keladigan sarmoyadorni kutib oʻtirmasdan uni qidirib topib, qiziqtirish kerakmasmi?
Bundan ikki yil avval viloyat hokimining OAV xodimlari bilan uchrashuvida ushbu bino masalasida savol yoʻllaganimizda viloyat rahbari tuman hokimiyatiga ayni masala bilan jiddiyroq shugʻullanish topshirigʻini bergandi. Toʻraqoʻrgʻondagilar biroz harakatlangandek boʻlishdi, aksiga olgandek baribir binoning “baxti ochilmadi”.
— Ish boshlaganimga toʻrt oy boʻldi, — deydi ayni paytda tuman hokimining MFYdagi yordamchisi boʻlib turgan Ravshanbek Qosimov. — Bandlik, yangi ish oʻrinlari yaratish birinchi darajali vazifam. Albatta, yaqin vaqtga moʻljallagan rejalar orasida sobiq “Namanganselmash”ning arosatdagi binosini harakatga keltirish masalasi ham kun tartibida.
Odatda kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan bunday obyektlar agar qarzdor oʻz vaqtida toʻlov qilmagan holda sotuvga chiqariladi. Xaridorini topishi bilan qarz yopiladi. Bino yangi mulkdor, u orqali jamiyat manfaatlariga xizmat qila boshlaydi. Shovondagi foydalanishga tayyor bino hamon “muzlatilganicha” qolmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring