Sizning gʻalabangiz bizga juda katta kuch-qudrat berdi — Prezident Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashdi

15:38 10 Sentyabr 2021 Sport
1482 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokioda oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashdi.

Marosimda parlament aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, ustoz va murabbiylar qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari musobaqa ishtirokchilari, ularning timsolida butun xalqimizni Oʻzbekiston terma jamoasining Paralimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritgan ulkan gʻalabasi bilan muborakbod etdi.

– Sizlarga olgan orden-medallaringiz, koʻrsatgan jasorat va matonatlaringiz uchun katta rahmat aytaman. Hammamiz olis Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlarini katta hayajon va cheksiz faxr bilan kuzatib bordik. Barchangizga maʼlum, bu gal terma jamoamiz 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ana shu qimmatli 19 ta medalning 11 tasi, shijoatli sportchi qizlarimiz tomonidan qoʻlga kiritilgani tariximizda misli koʻrilmagan voqeadir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Paralimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz terma jamoasi 160 dan ziyod davlat oʻrtasida – oʻn oltinchi, Osiyo qitʼasi va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida – toʻrtinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi oʻrinni egalladi.

Yapon zaminida gʻolib sportchilarimiz sharafiga har gal madhiyamiz yangrab, Vatanimiz bayrogʻi baland koʻtarilgani qalblarimizni cheksiz iftixorga toʻldirdi.

Prezidentimiz sportchilarimizning Paralimpiya oʻyinlarida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishida avvalo ota-onalarining mehnati tengsiz ekanini taʼkidlab, ularga chuqur minnatdorlik bildirdi. Jumladan, tadbirda ishtirok eta olmayotgan sportchilar va ularning ota-onalariga ham rahmat aytib, ularning fidoyiligi koʻpchilik uchun oʻrnak ekanini taʼkidladi.

Tokioda oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan marosimda Prezidentimiz Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz qoʻlga kiritgan yuksak natijalarga alohida toʻxtalib, ularni muborakbod etdi.

Nufuzli oʻyinlarda mahoratli dzyudochimiz Uchqun Quronboyev terma jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etdi. Yana bir polvonimiz Boburjon Omonov esa yadro uloqtirish boʻyicha oltin medalga sazovor boʻlish bilan birga, Paralimpiya rekordini ham yangiladi. Taʼkidlash kerakki, bu boradagi yangi jahon rekordini ham aynan Boburjon oʻrnatgan edi.

Jasoratli yengil atletikachilarimiz Nozimaxon Qayumova, Mohigul Hamdamova, Sofiya Burhonova, raqiblari orasida eng yosh boʻlgan taekvondochi Guljonoy Naimova oltin medallarni qoʻlga kiritib, barchamizga cheksiz xursandchilik bagʻishladi.

Davlatimiz rahbari Guljanoyga yuzlanib, uning janglarini kuzatganini taʼkidladi.

– Sizning janglaringizni oʻzim kuzatdim. Ochigʻi, soʻnggi jangingizni oxirigacha koʻrolmadim, yutqazib qoʻymasin degan kuchli hayajon bor edi. Hayriyat, murosasiz kurashda gʻalaba qozonib, barchamizni quvontirdingiz. Sizning gʻalabangiz bizga juda katta kuch-qudrat berdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Musobaqalarda dzyudochimiz Feruz Saidov, yadro uloqtirish boʻyicha sport ustasi Husniddin Norbekov ham oltin medallarga sazovor boʻldi.

Husniddin bu yutugʻi bilan ikki karra Paralimpiya oʻyinlari chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻlgani alohida taʼkidlandi.

Ana shu chempionlarimiz qatorida Asila Mirzayorova, Roza Qoʻziyeva, Parvina Samandarova, Dovurxon Karomatov, Nurxon Qurbonova, Islom Aslanov, Elbek Sultonov, Nafisa Sheripboyeva, Sharif Xalilov, Shohsanam Toshpoʻlatova singari jami 11 nafar sportchimiz kumush va bronza medallariga sazovor boʻlib, mamlakatimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.

Prezidentimiz bunday beqiyos yutuqlarga erishishda chinakam fidoyilik koʻrsatgan Alfiya Ibragimova, Bobur Qoʻziyev, Sardor Abduxoliqov, Azizjon Normatov, Shamsiddin Saidov, Mavlonbek Haydarov, Grigoriy Kamulya kabi tajribali murabbiylarning mehnatlarini alohida eʼtirof etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev paralimpiyachilar bilan uchrashuvda Hakim Termiziy bobomizdan iqtibos keltirdi.

– Men ushbu uchrashuvga tayyorgarlik koʻrishda buyuk bobolarimizning hikmatlarini izladim. Bilasizki, musobaqalarda vakillarimiz erishgan yutuqlar tinimsiz jismoniy mashqlar bilan birga, kuchli ruhiy tayyorgarlik, mustahkam iroda va pok niyat samarasidir.

Chindan ham, ulugʻ mutafakkir Hakim Termiziy bobomiz aytganlaridek: “Inson biron narsani yoʻqotsa, qaygʻurmasligi kerak. Faqat niyatni yoʻqotsa, qaygʻurishi kerak. Chunki, har qanday xayrli ish, pok niyat bilan ijobat boʻladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, ogʻir pandemiya sharoitida Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish, katta yutuqlarga erishish oson boʻlmadi. Musobaqaning dastlabki kunlarida Tokio shahrida 25 nafar sportchimizga nisbatan qattiq karantin talablari qoʻllangani ham jiddiy muammolar tugʻdirdi.

Oʻz yoʻnalishlarida gʻoliblikka asosiy daʼvogar hisoblangan Lobar Xurramova, Sevinch Salayeva, Vasila Aliboyeva singari dzyudochi qizlarimiz shunday sabablar tufayli bahslarda ishtirok eta olmadi.

Davlatimiz rahbari ushbu sportchilarimiz 2024-yil Parijda oʻtadigan Paralimpiya oʻyinlarida oʻzlarining nimalarga qodir ekanligini albatta isbotlashiga umid bildirdi.

– Men shu oʻrinda bu galgi musobaqalarda omadi kelmagan yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: jahondagi eng kuchli sportchilar bellashgan Paralimpiya oʻyinlarida qatnashib, oʻz salohiyatingizni dunyoga namoyon etganingizni oʻzi ham katta iftixordir, – dedi davlat rahbari.

Maʼlumki, yurtimizda Olimpiya oʻyinlari qatori Paralimpiya musobaqalariga ham har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Natijada vakillarimiz 8 ta sport turi boʻyicha 55 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritib, milliy sportimiz tarixida eng yuqori koʻrsatkichga erishdi. Vakillarimiz eshkak eshish, kanoe va taekvondo singari 3 ta yoʻnalish boʻyicha ilk bor qatnashdi.

Davlatimiz rahbari sportchilarimiz kelajakda ushbu sport turlari boʻyicha ham gʻoliblar safidan joy olishiga ishonch bildirdi.

Kuni kecha Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlariga avtomashinalar va poytaxtimizdan kvartiralar ajratildi. Prezidentimiz farmoni bilan gʻolib sportchilar, ularning murabbiylari va barcha ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Shavkat Mirziyoyev endi erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini tobora kengroq namoyon etish uchun 2024-yilda Parijda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga bugundan boshlab aniq tizim asosida tayyorgarlik koʻrish zarurligini taʼkidladi.

Jumladan, kelgusi musobaqalarga stol tennisi, qilichbozlik, kamondan otish, velosport, ot sporti, badminton singari turlar boʻyicha ham yoʻllanmalar uchun kurashish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan boʻlgʻusi Paralimpiya oʻyinlariga puxta hozirlik koʻrish uchun xorijiy mamlakatlardan eng tajribali mutaxassis va murabbiylarni jalb qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

– Oʻzingiz koʻrdingiz, nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrgan davlatlarning medallari ham koʻp boʻldi. Bizda ham bu ishni tizimli yoʻlga qoʻyish kerak. Shu bilan birga, joylarda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz oʻrtasida paralimpiya harakatini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

Para-sport turlari boʻyicha iqtidorli atletlarni saralash va ularning zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish, xususan, sport taʼlimi maskanlarida tegishli oʻqitish dasturlari va metodikasini joriy qilish bilan birga, ularda paralimpiya boʻlimlarini tashkil etib, qoʻshimcha kvotalar ajratish kerakligi taʼkidlandi.

Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov va Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.Toshxoʻjayevga sport maktablarida jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashuvda milliy paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi qoshida Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash institutini tashkil etish taklifini bildirdi.

Para-sportchilarni muntazam ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ularni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga biriktirish, maxsus dori-darmon va xalq tabobati vositalari bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Turizm va sport vaziri hamda viloyat hokimlariga qishki sport turlarini rivojlantirish maqsadida “Amirsoy” togʻ-changʻi sport majmuasi va “Humo-Arena” muz saroyi bazalarida paralimpiyachilar uchun sharoit yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari para-sport boʻyicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tarkibida “Matonat maktabi”ni tashkil etishni taklif qildi.

– Oʻzining yuksak irodasi va matonatini namoyish etib kelayotgan sizlar kabi yoshlarimiz bu maktabning yetakchi vakillari sifatida faoliyat olib borsa, ayni muddao boʻlardi. Sizlar taʼlim maskanlarida, mehnat jamoalarida, ayniqsa, mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, oʻz hayotingiz, mashaqqatli yoʻllaringiz, qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtayotganingiz haqida soʻzlab bersangiz, ular albatta, sizlarga ergashadi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, hayotda oʻz oʻrnini topib yashayotganlarining oʻzi katta jasorat va qahramonlik namunasi ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, sinovlarga bardosh bera olmagan yoshlarimiz maʼrifatga emas, jaholatga ergashishini taʼkidladi.

– Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina toʻsiq yoki qiyinchilikka uchrasa, oʻzini yoʻqotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojoʻya yoʻllarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yoʻq emas. Vatani, ota-onasi, Prezidenti ulardan koʻp narsa kutayapti. Ular ham mening farzandlarim, yaxshisi ham, yomoni ham meniki. Sizlar orqali adashgan yoshlarni tarbiyalab olsak, bu mening eng katta gʻalabam, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosimda jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohasidagi katta yutuqlari bilan namuna boʻlib kelayotgan zamondoshlarimiz haqida publitsistik asarlar, koʻrsatuv va eshittirishlar, ijtimoiy roliklar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Prezidentimizning farmoniga muvofiq, Tokioda boʻlib oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlgan bir guruh paralimpiyachi sportchilarimiz va ularning ustoz-murabbiylari davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi.

Tadbir soʻngida ushbu mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.

Uchrashuvda sportchilar, murabbiylar, ona-onalar soʻzga chiqib, mamlakatimizda paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak eʼtibori, ayniqsa, nogironligi boʻlgan insonlarga hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatayotgan cheksiz gʻamxoʻrligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?