Siz oʻzingiz tugʻilib oʻsgan mahalla hayoti bilan qiziqasizmi?
Oʻzimizning mahallamiz... oʻzimiz tugʻilib oʻsgan, koʻchalarida begʻubor yoshligimiz qolib ketgan qadrdon mahallaga kirib borar ekanman, ruhiyatimda bir yengillik his qildim. Bu uni hech joydan topib boʻlmaydigan shunday totli tuygʻu ediki, faqat mahalla, oʻzing ulgʻaygan uy, qadrdon odamlardan qolgan xotiralar senga taskin bera olishi mumkin. Axir shu mahalla seni tetapoya qilmaganmi? Shu mahalla senga til-zabon berib, katta yoʻlga kuzatib qoʻymaganmi? Nimagaki erishgan boʻlsang, hammasiga shu tabarruk maskan hissa qoʻshmaganmi? Bugun sen uning oldidagi qarzingni uza oldingmi? Bugun mahalla ona misoli senga koʻz tikib turganini his qila olasanmi?
Oʻzim oʻsib ulgʻaygan Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Mirza Gʻolib mahallasiga qadamim yetganidayoq tashvishli kunlarimda yelkadosh, quvonganimda eng yaqin sirdosh boʻlgan, men uchun dunyodagi eng chiroyli maskanga kelganimni his qildim. Mahalla raisi Dilshod aka Xolmatov juda bamaʼni, elu yurt uchun kuyunchak, fidoyi odam ekanini koʻp eshitgandim. Uning shirin suhbatidan bahramand boʻlganimda bunga yana bir marta amin boʻldim. Eʼtiborlisi suhbat davomida raisning bir gapi dilimni yayratib yubordi: “vazifam odamlar ishonchini qozonish...” Ana shu tamoyil har bir rais yuragidan mustahkam joy olishi muhim.
1966-yilda tashkil etilgan bu mahalla odamlarni bir nuqtada birlashtiradigan, ezgu maqsad yoʻlida bir-birini qoʻllab-quvvatlaydigan oqibat maskaniga aylanib boryapti. 3,5 ming nafar aholi, 400 dan ziyod oilaning ahil-inoq va totuvligi boisi bu yerda asosan ziyolilar yashayotgani bilan chambarchas bogʻliq, deydi rais. Mahalla Toshkent shahridagi nufuzli oliy oʻquv yurtlariga yaqin hududda joylashgan. Bugungi kunda 1000 nafardan ziyod talaba mahalla xonadonlarida barpo etilgan xostellarda yashab tahsil olishmoqda. Universitetdagi ustozlar ham, ota-onalar ham bu maskan farzandlari uchun eng ishonchli joy ekanini taʼkidlashadi. Demak mahalla tarbiya maskaniga aylanmoqda.
Oʻzim tugʻilib oʻsgan mahalladagi odamlarning chehrasidagi mamnunlik, hayotidan roziligi va yurtimiz kelajagiga ishonchi yuksakligi qoʻlimga qalam olishga undadi. Mahalladagi obodlik va odamlar kayfiyatidagi xotirjamlik mamlakatimizda mazkur tizimni takomillashtirish masalalariga katta eʼtibor qaratilayotganining amaliy samarasidir. Prezident raisligida mahalla tizimini takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilingan videoselektor yigʻilishida Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy boshqaruv tizimida mahallaning oʻrni va ahamiyati qanchalik muhim ekaniga alohida urgʻu berilgan edi. Yigʻilishda mahalla instituti faoliyatini hayot talablariga moslashtirish, aholining turmush darajasini oshirish, ishsizlikni qisqartirish va mahalliy darajada tadbirkorlik muhitini rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berilgani ham tahsinga sazovor. Aniq ayta olamanki, bu yigʻilish mahalla tizimiga nisbatan yangi yondashuvni ifodaladi, xususan mahalla endi faqat maʼmuriy tuzilmadan voz kechgan holda, aholining muammolarini hal etish, ish oʻrinlari yaratish va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda yetakchi boʻgʻinga aylanayotgani koʻzga tashlanmoqda.
—Mahallamiz Toshkent shahrining janubi-gʻarbiy qismida joylagan,— deydi D. Xolmatov. —Mahalla guzari juda chiroyli va serhasham. Odamlar bunday maskanlarga kelib, hordiq chiqarishni, oʻzaro suhbat qilishni yoqtirishadi. Yoʻllarimiz ravon, aholi turmush sharoiti ham yuksalib boryapti. Meni quvontirgan jihat shuki, shu mahallada tugʻilib oʻsgan, ayni paytda tadbirkor, ishbilarmon yoki nufuzli idoralar ishlayotgan kishilar nochor odamlarga yordam qoʻlini choʻzadi. Berganimizni birov bilmasin, deyishadi. Yurakdan chiqqan ehson yuraklarni quvontirayotganidan mamnunmiz.
Tahlil qilish jarayonida ayrim hududlarda namuna boʻla oladigan faollar borligini alohida eʼtirof etildi. Mirza Gʻolib mahallasi aholi manfaatini himoya qilishda va mahalla taraqqiyotini taʼminlashda yaxshi natijalarga erishmoqda.
Hududlarning iqtisodiy faolligi ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda 7 mingdan ziyod mahalla 15 yoʻnalish boʻyicha — meva-sabzavotchilik, gulchilik, tikuvchilik, asalarichilik, mebelsozlik va boshqa sohalarda ixtisoslashgan. Bu orqali 1,5 millionga yaqin oila barqaror daromad manbaiga ega boʻldi. Biroq Prezident yigʻilishda ayrim hududlarda hali ham mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotganini tanqidiy qayd etdi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga har bir mahallaning ixtisosini aniq belgilash, aholi salohiyatiga mos mikroloyihalarni shakllantirish va kamida 200 ming fuqaroni ish bilan taʼminlash vazifasi topshirildi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari mahallaning tozaligi — uning yuzi ekanini taʼkidlab, respublika miqyosida “Ozodalik va tozalik oyligi”ni eʼlon qilish tashabbusini ilgari surdi. Har bir tuman va shahar hokimi oʻz hududidagi koʻchalar, ariqlar, xiyobonlar va binolar atrofini ozoda tutish uchun shaxsan masʼul etib belgilandi. Shuningdek, yoshlar tarbiyasi, oilaviy barqarorlik va maʼnaviyat masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Ajrimlar soni ortib borayotgani, erta nikoh va aliment toʻlamaslik holatlari jamiyat uchun jiddiy xavf ekanini taʼkidlandi. Shu munosabat bilan nikoh shartnomasining ahamiyatini keng targʻib qilish va yoshlarda oilaviy masʼuliyat hissini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Bu tizim faqat boshqaruvga asoslanib qolmasdan, aksincha ijtimoiy taraqqiyot, iqtisodiy faollik va maʼnaviy birdamlik markaziga aylanishi kerak. Bugun mahalla — davlat va jamiyat oʻrtasidagi eng muhim bogʻlovchi boʻgʻin sifatida Yangi Oʻzbekiston strategiyasining amaliy poydevoriga aylanmoqda. Yaratilgan imkoniyatlar, ajratilayotgan mablagʻlar va mahalla yettiligi tizimidagi islohotlar natijasida fuqarolarning tashabbuskorligi ortyapti, tadbirkorlik kengaymoqda va aholi daromadlari oʻsmoqda. Eng muhimi, mahalla fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi, ularning hayotini yaxshilaydigan va jamiyatda hamjihatlikni taʼminlaydigan kuchli ijtimoiy institut sifatida tobora mustahkamlanmoqda.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Siz oʻzingiz tugʻilib oʻsgan mahalla hayoti bilan qiziqasizmi? Odamlar turmush tarzi, oʻy-tashvishlari va muammolarini oʻrganasizmi? Bu nimaga kerak, deysizmi? Axir bu farzandlik burchi-ku. Bu burchni ado etishni hech qachon yoddan chiqarmang!
Zilola SHOMANSUROVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Moliya va moliya texnologiyalari kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring