Kecha, 19-iyul kuni “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanalida maʼlum qilindi.
Qarorga koʻra, 2021–2024-yillar davomida Oliy sud tomonidan 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatagʻon qurbonlarining nomlari oqlangan.
Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini oʻrganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.
Har yili oktyabr oyining birinchi haftasi Oʻzbekistonda Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlanadi.
Xalqimizning mustaqillikka erishish yoʻlidagi koʻp asrlik mardona kurashi, bu yoʻlda siyosiy qatagʻonga uchragan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati hamda ularning xotirasiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari, davra suhbatlari, taʼlim muassasalari va mahallalarda uch avlod uchrashuvlari tashkil etiladi.
“Jadidlar.uz” elektron platformasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtariladi va platforma yangi elektron adabiyotlar, tarixiy manbalar, jadid matbuoti namunalari va audiovizual mahsulotlar bilan boyitiladi.
Taʼlim tashkilotlarida oʻtkaziladigan “Mustaqillik darslari” doirasida qatagʻon qurbonlari, jumladan, jadidlik harakati namoyandalariga bagʻishlangan oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring