Sirdaryoda “Telefonsiz maktab” loyihasi joriy etilmoqda
Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi 1-sonli umumtaʼlim maktablarida “Telefonsiz maktab” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus kelgusida viloyatdagi barcha umumtaʼlim muassasalarida bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.
— “Telefonsiz maktab” loyihasi ota-onalar bilan maslahatlashilgan holda tatbiq etilmoqda, — deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Davron Isakov. — Oʻquvchilarning dars jarayonida telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi maktablardagi ota-onalar qoʻmitalari yigʻilishlarida muhokama qilinmoqda. Yigʻilishlarda telefondan ortiqcha foydalanishning bolalar oʻqishi, tarbiyasi va sogʻligʻiga salbiy taʼsiri haqida videoroliklar namoyish etilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, bolalarni telefonga qaramlikdan asrash, kitobxonlikni ragʻbatlantirish, jonli muloqot va sport mashgʻulotlariga qiziqishni oshirish maqsadida ota-onalar bilan tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Qayd etilishicha, loyiha joriy etilgan maktablarda ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Xususan, oʻquvchilarning darslarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yaxshilanib, fan toʻgaraklari va qoʻshimcha mashgʻulotlardagi faolligi ortib bormoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, oʻtgan yili Sirdaryo viloyati bitiruvchilarining 30 foizi davlat oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻlgan va viloyat ushbu koʻrsatkich boʻyicha respublikada 4-oʻrinni egallagan. Hozirgi kunda viloyatdagi 313 ta maktabda 156 784 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring