Sirdaryoda ilk bor “Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovi oʻtkazildi

17:41 01 Mart 2024 Jamiyat
423 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ahmadali Shernazarov/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan “Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash tantanasi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova soʻzga chiqdilar.

Aytish lozimki, bu yil ilk bor Sirdaryoda oʻtkazilgan, Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavalludining 109-yilligi kunida hamda Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida yakunlangan ushbu tadbirning oʻziga xos ibratli jihatlarga egaligi eʼtiborga molik. Yaʼni unda hali hech ham biror bir tanlovlarda ishtirok etmagan, chekka hududlarda yashayotgan, hayotning turli jabhalarida fidoyilik koʻrsatayotgan oddiy xotin-qizlar ham faol qatnashdilar. Buni tanlov nominatsiyalarining “Eng yaxshi zahmatkash fidoyi ayol”, “Bu — mening onam”, “Eng tarbiyali farzand tarbiyalagan, boquvchisini yoʻqotgan yolgʻiz ayol”, “Maʼrifatli ayol”, “Eng yaxshi qaynona-kelin”,“Eng saranjom-sarishtali xonadon bekasi”, “Ayollar daftarida turgan va ish faoliyatini yoʻlga qoʻyib oʻzini-oʻzi band qilgan ayol” kabi nomlaridan ham bilsa boʻladi. Qolaversa, tanlovga 21 500 nafar xotin-qiz ishtirok etgani ham unga qiziqish yuqori boʻlganligiga dalolatdir.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Hayotda ona uchun eng katta baxt, bu — farzandlarining tarbiyasi ortidan rahmat eshitishdir, — deydi Shirin shahrining Nurobod mahallasida istiqomat qilayotgan mehnat faxriysi Mavluda Sobirova. — Shu maʼnoda “Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovining eng tarbiyali farzand tarbiyalagan onalar nominatsiyasi gʻoliblari qatorida boʻlganim men uchun juda katta eʼtirof boʻldi. Uch nafar farzandim bor. Uchchalasi ham oliy maʼlumotli. Muhimi, ularning har biri el-yurt ishida har doim faol va fidoyi. Nabiralarim esa maktabda aʼlo baholarga oʻqimoqda.

“Sen aziz va muqaddassan ayol” tanlovining 10 ta nominatsiyasi boʻyicha Sirdaryo viloyati tuman-shaharlaridan jami 110 nafar ishtirokchi gʻolib, deb topildi. Ularga tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер