Sirdaryoda davlat tibbiy sugʻurtasining bemorlarga qanday nafi tegmoqda?
Foto: Xalq so‘zi
Sirdaryoda joriy yilning oʻtgan davrida davlat tibbiy sugʻurtasi yordami bilan, imtiyozli toifaga kiruvchi 66 nafar fuqaroda yurak koronar qon-tomirlari bilan bogʻliq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi. Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati maʼlumotida keltirilishicha, ushbu amaliyotlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat mintaqaviy filialida sirdaryolik endovaskulyar xirurglar tomonidan amalga oshirildi.

— Xarajatlar davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi, — deydi mazkur jamgʻarmaning Sirdaryo viloyati hududiy boʻlimi bosh mutaxassisi Dilorom Ergasheva.
Aytish oʻrinliki, avval poytaxt yoki xorijda bajarilgan, koʻp xarajat talab etadigan, yurak qon-tomir, koʻz va insonning boshqa aʼzolari bilan bogʻliq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, unda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi qator davolash muassasalarida yoʻlga qoʻyildi.
Natijada koʻp vaqt va mablagʻ sarflab uzoqqa borishga hojat qolmadi. Qolaversa, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi joriy etilishi natijasida ijtimoiy ahvoli ogʻir, imkoniyati yoʻq fuqarolar jamgʻarma yordami bilan ogʻir asoratli, kattagina mablagʻni talab etuvchi kasalliklardan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlaridan soʻng tez va oson, xarajatsiz forigʻ boʻlmoqda.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida jamgʻarma yordami bilan 400 ga yaqin fuqaroda ana shunday jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan boʻlsa, Guliston tibbiyot klasterning nevratravmatologiya boʻlimida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali mutaxassislari bilan ustoz-shogird anʼanalari asosida chanoq - son suyagining yemirilishi bilan bogʻliq endoprotezlash amaliyotlari bajarilmoqda. Bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mutaxassislari tomonidan monitoring qilinib, xarajatlar jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplab berilmoqda.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring