Sirdaryoda bir yo‘la 11 kishi cho‘kib ketdi

12:51 22 Avgust 2023 Dunyo
1088 0

Foto: Turkiston viloyati hokimligi

21 avgust kuni kechki payt Sirdaryoning Qozog‘iston hududidan o‘tgan qismida bir yo‘la 11 kishi cho‘kib ketgan. Bu haqda Turkiston viloyati hokimligi xabar bermoqda.

Qayd qilinishicha, cho‘milish uchun borgan 20 kishidan 11 nafari suvga g‘arq bo‘lgan. Ular orasida besh nafar voyaga yetmagan bola borligi aytilmoqda.

«Ular bir oilaning a’zosi yoki qarindosh bo‘lishi mumkin, ism-shariflari o‘xshash.  Bir necha aka-uka va ularning bolalari bor edi. Qarindoshlar aytganidek, ular to‘ydan chiqib, daryo bo‘yida dam olishga qaror qilishgan. U yerda qirg‘oq juda sirpanchiq va darhol chuqurlik boshlanadi. Aftidan kimdir qoqilib, suvga qulagan va cho‘kib keta boshlagan. Boshqalari esa uni qutqarishga uringan. Ular hatto cho‘milishga ham ulgurmagan, hammasi kiyimda bo‘lgan. Bu joy cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan. Aftidan, qirg‘oq bo‘ylab yurayotganda kimdir sirpanib, suvga qulagan», deyiladi Turkiston viloyati hokimligi xabarida.

Suvdan sakkiz kishining jasadi chiqarilgan, qolganlarini qidirish ishlari davom etmoqda. Voqea joyida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari ishlamoqda. Qidiruv tadbirlariga 16 ta texnika va 6 ta qayiq jalb etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?