“Sinf rahbarini qogʻozbozliklar qiynayapti” — Bugun matbuotda...

12:24 01 Iyul 2020 Jamiyat
1310 0

«Inson imoratni ne-ne mashaqqat va umidlar bilan quradi. Tadbirkor-chi, tavakkalning etagidan tutib, borini qurilishga tikadi. Shunday zahmatlar endi mevasini bera boshlaganida, hokimlik vakili kelib, hududga qizil chiziq tortilgani va buzilishi kerakligini aytsa-ya. Sizu bizga tanish manzara, shundaymi?..»

Yangi Oʻzbekiston gazetasida eʼlon qilingan “Endi biror hududda “Qizil chiziq” bor-yoʻqligi internet orqali aniqlanadi” sarlavhali material ana shu jumlalar bilan boshlanadi. Maqola muallifi — Sohiba Mullayevaning taʼkidlashicha, endi bunday holatga yoʻl qoʻyilmaydi. Sababi, joriy yilning 1-iyunidan boshlab, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirilgan “Shaffof qurilish” axborot tizimi aholiga sohaga oid barcha maʼlumotlarni taqdim etadi. Bu tizimga geoportal ham integratsiyalashtirilgan boʻlib, u orqali tadbirkorlar va yurtimizda ish boshlamoqchi boʻlgan investorlar qayerda bino qurish mumkinligini bilib olishlari mumkin...

“Bugun jahon siyosatchilari, olimlar va umuman, bashariyatning ertangi taqdiriga befarq boʻlmagan har bir inson tomonidan terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvandlik, geosiyosiy toʻqnashuvlar, ekologik muammolar, moddiy hamda maʼnaviy inqirozlar qatorida korrupsiya ham eng xatarli voqelik sifatida tilga olinmoqda, — deyiladi “Xalq soʻzi” gazetasida bosilgan “Jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illat” nomli maqolada. — Mazkur balo demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi. Inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Islohotlarga toʻsqinlik qilib, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Oqibatda hayot sifati yomonlashib, odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalarning ildiz otishi uchun sharoit yuzaga keladi...”.

Baliq inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib isteʼmol qilinadi. Ayniqsa, tez hazm boʻlishi va parhezbopligi uning qiymatini yana-da oshiradi. Baliq goʻshti tarkibida juda koʻp vitamin va mikroelementlar saqlanishi tufayli biologik qiymati ham mol va qoʻy goʻshtidan yuqori turadi. Baliq goʻshtining 100 grammida inson salomatligi uchun kerak boʻladigan bir kunlik — 0,2 milligramm yod saqlanadi. “Pravda Vostoka gazetasida eʼlon qilingan «Redkiye vidы rыb doljnы bыt dostupnы dlya naseleniya» (“Kamyob turdagi baliqlardan aholi bahramand boʻlishi kerak”) sarlavhali materialda ana shu haqdagi mulohazalarni oʻqiysiz.

Narodnoye slovo gazetasi Latofat Sailxanovaning «V rabote nelzya nichego upuskat» (“Ishda hech narsani nazardan qochirib boʻlmaydi”) sarlavhali materiali chop etilgan. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining videokonferensiya tarzida tashkil etilgan yigʻilishlari haqida batafsil axborot berilgan. Materialda taʼkidlanishicha, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlari hududlarda boʻlib, davlatimiz rahbarining mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari faoliyati barqarorligini taʼminlash borasida qabul qilingan qator farmon va qarorlarining joylardagi ijrosi holatini oʻrganishdi.

Bugun maktablarda sinf oʻquvchilari haqidagi maʼlumotlar yigʻma jildidan nimalar oʻrin olgan? Sinf oʻquvchilari haqida umumiy maʼlumot, har bir oʻquvchining ijtimoiy pasporti, sinf faollari, oʻquvchilarning sogʻligʻi, toʻgaraklarga jalb etilganligi, darslik bilan taʼminlanishi, choraklar davomida oʻzlashtirishi haqidagi maʼlumotlar, sinf majlisi rejasi va qarorlari, ota-onalar majlisi rejasi va qarorlari, oʻquvchilar bilan alohida suhbat daftari yo ota-onalar bilan oʻzaro suhbat daftari... Zerikib ketdingiz-a! Bu sinf rahbari hujjatlarining bir qismi xolos! Xalq taʼlimida qogʻozbozlik qachon tugaydi? Maʼrifat” gazetasida eʼlon qilingan Gʻijduvon tumanidagi 27-maktab oʻqituvchisi Nilufar Oripovaning “Sinf rahbarini qogʻozbozliklar qiynayapti” sarlavhali maqolada shu haqdagi mulohazalar oʻrin olgan.

Shuningdek, Gʻofir Hamroyevning “Ona tili va adabiyot qanday oʻqitilyapti? Kim oʻqityapti?” nomli materialida shunday jumlalarni oʻqiysiz?: “Maktablarda ona tili va adabiyot murakkab bir fanga aylanib qolgan. Aslida ona tili qadriyat, adabiyot esa sanʼat darajasida oʻqitilishi zarur”.

Oliy oʻquv yurtlariga kirishda 18 ta fandan imtihon boʻlishi kerak! Chortoq tumanidagi 5-IDUMI oʻqituvchisi Qobiljon Qosimov oʻz maqolasida shu haqdagi fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashgan.

"Ovozi tojik gazetasida bosilgan Anvar Murodovning chiqishida “Har bir yoshga bir gektar” dasturi doirasida Chust tumanida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida xabar beriladi. Mashhur bokschi Bobousmon Boturovning hayoti, faoliyati, muvaffaqiyatlari sirlari haqida esa Anorboy Nazarovning maqolasida tanishasiz.

Shu kunlarda maktablar bitiruvchilariga shahodatnomlar bilan birga, oltin va kumush medallari ham topshirilyapti. Gazeta muxbiri G.Kabirova poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 11-maktab misolida ushbu voqeliklar tafsilotini yoritgan.

OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер