Sina — eng yaxshi turizm qishlogʻi

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Denov — quyosh ardogʻidagi, obihayotga oshna qadim va tabarruk zamin. Buni Naqshbandiya tariqatining targʻibotchisi va namoyandasi Xoja Alouddin Attor hazratlarining Buxoroi sharifdan kelib, umrining soʻnggi kunlarigacha bu qutlugʻ maskanda istiqomat qilgani ham tasdiqlaydi. Uning bagʻrida tabarruk qadamjolar koʻp: Budrachtepa, Xolchayon, Tuproqqoʻrgʻon, Denov qalʼasi, Qizqoʻrgʻon kabi arxeologik yodgorliklar, “Xoʻja Alovuddin Attor” ziyoratgohi, “Said Otaliq” madrasasi, Dendrariy bogʻi, Sina qishlogʻidagi “Sumbula” tabiat moʻjizasi, Xoʻja Barkuh, Xoʻja Hisor kabi ziyoratgohlar. Bu yerda sayyohlik maskanlari, oilaviy mehmon uylari mavjud. Hududning milliy hunarmandchiligi ham oʻziga xos tarixga ega.
Olimlar miloddan ilgari Denov tuprogʻida buddaviylik alohida mavqega ega boʻlganini Xolchayonning quyirogʻida, Surxon daryosining Qizilsuv daryosi bilan qoʻshilgan qismida joylashgan Budrachtepadan topilgan shahar qoldiqlari misolida isbotlashgan. Budrachtepadan Qizilsuv daryosi boʻylab yuqorida joylashgan milodning III-IV asrlarida barpo etilgan Tuproqqoʻrgʻon qoldiqlari ham koʻhna moziydan soʻzlaydi. Ikki daryo oraligʻidagi shu uch nuqta markazida Chagʻaniyon davlatining poytaxti hozirgi Denov shahrining oʻrnida boʻlgan.
Bugun davlatimizning sohaga qaratayotgan eʼtibori tufayli tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladigan Denov tumanida ham turizmning ziyorat, buddizm, eko, etno, agro, togʻ, gastronomik kabi yoʻnalishlari rivojlanib, mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimini koʻpayishiga xizmat qilmoqda. Hududning turistik salohiyatidan yanada oqilona foydalanish, qadim maskanni yanada keng targʻib qilish yoʻllari izlanyapti. Bunda Prezidentimiz gʻoyasi bilan Turizm qishloqlarini tashkil qilish boʻyicha uch yil oldin boshlangan ish yaxshi samara berayotganini “Sina” turizm qishlogʻi misolida ham koʻrish mumkin.
— Maftunkor togʻlar bagʻrida joylashgan qishlogʻimiz tabiat moʻjizalari, arxeologik yodgorliklar, muqaddas ziyoratgohlar va milliy urf-odatlarga boy, — deydi “Sina” MFY raisi Olim Jabborov. — Hududimiz aholisi qadimdan oʻzining pazandaligi bilan ham nom qozongan. Sinalik qoʻli gul oshpazlarimiz bu hunarini avloddan-avlodga oʻtkazib, eʼzozlab keladi. Milliy taomlar saylini har yili turizm qishlogʻimizda oʻtkazilishi anʼanaga aylantirilgani ham bejiz emas. Non, patir va somsaning 20 dan ziyod turi, sinacha tandir kabob, sinacha goʻjali osh va boshqa taomlarimizning taʼmi bir tatigan odamning ogʻzida qoladi. Shundan boʻlsa kerak, yilning toʻrt faslida ham mahalliy va xorijlik sayyohlar qishlogʻimizga tashrif buyurishadi.
Denov va uning atrofidagi goʻshalar oʻz tarixi, tabiati, madaniyati va gastronomik boyligi bilan sayyohlarni oʻziga jalb etmoqda. “Sina” kabi turizm qishloqlari koʻpaysa, Denovning turistik salohiyati yanada yuksaladi. Bunday maqomlarga ega boʻlgan hududda ravon yoʻllar barpo etilib obodonlashtiriladi. Elektr energiyasi, gaz, suv taʼminoti, oqava suv tizimi yaxshilanadi. Mobil aloqa va internet tarmogʻi sifatini oshirish uchun bazaviy stansiyalar oʻrnatiladi. Qishloq odamlari uchun yangi ish oʻrinlari va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring