Siam egizaklarini ajratgan oʻzbek jarrohi

20:43 23 Fevral 2024 Jamiyat
660 0

Zamonamiz qahramonlari

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli boshqa sohalar singari tibbiyotimiz ham jadal rivojlanmoqda. Bunda birgina murakkablik darajasi turlicha boʻlgan jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani ham buni yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi qahramonimiz — oʻnlab shogirdlarning ustozi, yuzlab ilmiy maqolalar muallifi, mashhur jarroh Habibullo Oqilov.

— Ayni chogʻda sizga va oʻzbek tibbiyotiga katta shuhrat keltirgan tarixiy voqea — siam egizaklarida oʻtkazilgan muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti haqida suhbatlashsak. Bu oʻrinda gap qirgʻizistonlik Fotima va Zuhra haqida boryapti. Unga tayyorgarlik jarayonida xuddi birinchi safar boʻlganidek xorijdan kuchli-kuchli jarrohlarni, masalan, rossiyalik hamkasblarni chaqirsak boʻlarkan, degan oʻy oʻtdimi-yoʻqmi?

— Sal orqaga qaytadigan boʻlsak, 2006-yil qashqadaryolik egizaklarda xuddi shunday jarrohlik amaliyotini qilganmiz. Hozirgacha butun dunyoda 7 yoki 8 ta davlatda bunday jarrohlik amalga oshiriladi. Oʻzbekiston ham ana shular qatoriga qoʻshilganidan, albatta, quvonamiz.

Tayyorgarlik jarayonida ustozlar, hamkasblar bilan maslahatlashdik. Oʻshanda shu ishlarning tepasida turgan ustozim, akademik Feruz Nazirov “Bu amaliyot biz uchun yangilik, agar chaqirsak boshimizdagi tojimiz tushib ketmaydi”, deb maslahat berdi. Shu tariqa rossiyalik akademik Sergey Goteni taklif etganmiz. Keyin u bilan birgalikda harakat qildik. Shu jarayonda bizning shifokorlar hech bir jabhada ulardan qolishmasligiga amin boʻldik. Qolaversa, sohada olib borilayotgan yangilanishlar tufayli ishlashimiz uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Shu bois bu safar oʻzimiz oʻtkazishga qaror qildik.

Gapning ochigʻi, 2006-yilda hali unchalik sharoit yoʻq edi. Shuning uchun kerakli narsalarni har joydan yigʻib keltirganmiz. Ammo hozirga kelib vaziyat butunlay oʻzgarib ketdi. Ayniqsa, oxirgi yillarda tibbiyot sezilarli darajada ilgariladi. Hozirgi kunda dunyoning rivojlangan davlatlarida qilinayotgan murakkab jarrohlik amaliyotining koʻplari Oʻzbekistonda amalga oshirilyapti. Sohaga katta mablagʻ yoʻnaltirilayotgani va eng zamonaviy texnikalar olib kelinayotgani hamda shifokorlarimiz xorijda malaka oshirib kelayotgani, dunyoning yetakchi mutaxassislarini yurtimizga chaqirib, oʻzaro tajriba almashilayotgani bu borada muhim omil boʻlyapti.

Soʻz yuritilayotgan egizaklarga keladigan boʻlsak, hamkasblarimiz bilan yigʻilishib, masala yuzasidan atroflicha maslahatlashdik. Yakunda esa hozir hamma narsa qoʻlimizda bor, hech kimdan hech nima soʻramaymiz, degan xulosaga keldik. Shu tariqa mazkur jarrohlik amaliyotini oʻzimiz bajarishga jazm qildik. Natija ham bu qaror toʻgʻri boʻlganini koʻrsatdi. Amaliyot muvaffaqiyatli oʻtdi.

Tayyorgarlik jarayoni uzoq davom etdi. Bemorlar va amaliyot xonasini tayyorlashga ancha vaqt sarflandi. Bu oson jarayon emas. Chunki narkoz berishning oʻziga xos xususiyatlari bor. Jarrohlikdan keyingi bosqich ham oʻzgacha. Ana shularning barchasiga tayyor boʻlinganidan soʻng aniq kunni belgiladik.

Narkoz berilayotganda ikkisiga birdaniga joʻnatish texnik jihatdan imkonsiz. Maʼlumki, narkoz berilayotgan har qanday bemor chalqancha yotgan boʻlishi talab etiladi. Bu egizaklar esa bir-biriga qorni bilan yopishgani uchun biri chalqancha boʻlganda boshqasi pastga qarab osilib turadi. Buni ham mutaxassislarimiz muvaffaqiyatli uddaladi.

— Jarrohlik amaliyoti oʻtkazish qaroriga kelingandan keyin tibbiyot xodimlaridan iborat kuchli jamoa shakllantirildi. Tabiiyki, jamoada har kimning oʻz vazifasi va oʻrni boʻladi. Ammo istaymizmi-yoʻqmi, bunda masʼuliyatning katta qismi sizning zimmangizga tushgan. Bundan qoʻrqmadingizmi? Chunki, rossiyalik hamkasbingiz bilan birgalikda oʻtkazilgan birinchi jarrohlik garchi, muvaffaqiyatli yakun topgan boʻlsada, egizaklardan biri nobud boʻlgandi-ku...

— Siz aytayotgan jarrohlik amaliyotidan keyin salkam yigirma yil vaqt oʻtdi. Bu orada bizning tibbiyotimiz, ayniqsa, bolalar jarrohligi ancha rivojlandi, katta tajriba toʻpladik.

Amaliyotga jalb etilgan mutaxassislarning barchasi oʻz sohasining peshqadamlari. Qolaversa, oʻsha paytdagi vazirimiz bor masʼuliyatni oʻziga oldi. Jarrohlik amaliyoti Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markazida qilinadigan boʻlgach, shu markaz direktori Nilufar Oʻrinboyeva ham masʼuliyatni olishga tayyor ekanligini bildirdi.

Kuchli jamoa shakllantirildi. Yonimda birgalikda ishlagan ikki mutaxassis — professorlar Baxtiyor Ergashev va Nasriddin Ergashev hamda anesteziologlarimizni alohida aytib oʻtmoqchiman.

Shunday qilib, jarrohlik amaliyoti barcha bosqichi rejalab olingach bu ishga qoʻl urdik.

— Yoningizdagi ikki jarroh amaliyotga oʻzlarining shogirdlarini jalb qilganidan xabarimiz bor. Lekin nimagadir siz shuncha shogirdingiz boʻla turib, birontasiniyam chaqirmagansiz. Nega, ularning orasida bu ishga munosiblari yoʻqmidi? Agar bunday murakkab jarrohlik har doim ham boʻlavermasligini hisobga olsak, bu shogirdlaringiz uchun katta maktab vazifasini oʻtagan boʻlardiku.

— Biz jarrohlikni Perinatal markazda qilganimiz uchun ham faqat oʻsha yerda ishlab turgan mutaxassislarni jalb etdik. Tashqaridan faqat men bilan Nasriddin Ergashev qatnashdi. Negaki, bu nihoyatda murakkab jarrohlik amaliyoti boʻlgani, natijasi qandaydir foizda mavhum boʻlgani uchun oldindan ovoza boʻlib ketishining oldini olishga harakat qilindi. Jarrohlik amaliyotidan keyin ham bu haqda hech qayerda maʼlumot eʼlon qilinmadi. Hatto, vazirimiz bu yangilikni ijtimoiy tarmoq yoki televideniyeda beraylik deganida ham yoʻq, hali bolalar oʻziga kelsin, deb oʻzimiz rozilik bermadik.

Shu kabi sabablar bilan amaliyotga shogirdlarni jalb qilmaganmiz. Lekin bu jarayonlarning barchasi tasvirga olinib, keyinchalik shogirdlar va yosh mutaxassislarga koʻrsatildi.

— Xullas, ahil jamoa ishni boshladi. Hamma hayajonda ekanligini tushunsa boʻladi. Chunki, Oʻzbekiston tibbiyotida yangi sahifa ochilish arafasida turilibdi. Deylik, jarrohlik amaliyoti ikki-ikki yarim soat davom etadi. Shu jarayon bilan bogʻliq qaysi holatlar yodingizda muhrlanib qoldi? Balki bemorlar bilan bogʻliq murakkab vaziyatlarga toʻqnash kelgandirsiz?

— Avvalo, hammasi yaxshi boʻlishini Yaratgan soʻradik. Hamma narsa — asbob-uskuna, dori-darmon bor, muhimi, tajribali jamoa shakllantirdik. Hammasi oʻz oʻrnida boʻlgani uchun qattiq hayajonlanmadik. Lekin ozmi-koʻpmi hayajon boʻlganini yashirmayman. Hatto, oddiy koʻrichak jarrohlik amaliyotida ham hayajon boʻladiku, bunda boʻlmasinmi...

Agar qaysiki jarroh hayajonlanmayman, desa yolgʻon aytgan boʻladi. Jarrohlik oʻz nomi bilan jarrohlik, u katta boʻladimi yo kichik, baribir hayajon boʻlishi tabiiy.

Xuddi shunday bizda ham hayajon boʻlgan. Ammo amaliyotga kirishilgach hammasini tashqarida qoldirdik. Hayotiy tashvish bormi yoki kimningdir qon bosimi oshadimi, xullas, ish boshlangach hammasini unutasan.

Buning ustiga yelkamizda katta masʼuliyat yuki bor. Birinchidan, oʻsha goʻdaklarning ota-onasi oldidagi masʼuliyat, kamiga ular boshqa davlatdan, bu ikki karra masʼuliyat yuklaydi.

Shu oʻrinda yana bir narsani aytmasak boʻlmaydi, goʻdaklarning ota-onasi bizga olib kelgunicha hamma narsani birma-bir hisoblab chiqqan. Boshqa davlatlarga borish masalasini ham oʻylagan boʻlsa kerak. Keyin esa bizda tibbiyot yaxshi rivojlangani, ozgina boʻlsada tajribamiz borligini hisobga olib, Oʻzbekistonga kelgan. Bu bizga katta gʻurur-iftixor bagʻishlashi barobarida, yelkamizga yanada zalvarli masʼuliyat yuklashi tabiiy edi.

Maqsad bitta — amaliyotni muvaffaqiyatli oʻtkazib olishdan iborat.

— Aytganingizdek, ular Rossiyaga murojaat qilishi mumkin edi, AQSH yoki Hindistonga joʻnab yuborishi mumkin edi...

— Bu Oʻzbekiston tibbiyotining tan olinganligini ham anglatadi. Aslida, qirgʻizistonlik shifokorlar harakatni koʻraveringlar, ular yashab ketmaydi, degan fikrni aytgan. Ammo qarindoshlari chekinmaydi. Hamma tomonni oʻrganib boʻlgach, yoʻq, biz Oʻzbekistonga boramiz, degan qarorga kelishgan.

Siam egizaklarining turi koʻp, umuman ajratib boʻlmaydiganlari bor. Hozir oʻzimizda bolalar uyida yashab turgan siam egizaklari ham ana shunday murakkab turidan. Chunki, tos chanogʻi bitta, tepa badan ikkita, qoʻl toʻrtta, oyoq esa ikkita. Ajratsa, bittasining yashab ketishiyam gumon. Shuning uchun ming afsus, bunday holatda jarrohlik amaliyoti qilib boʻlmaydi.

Bizning holatda esa qilsa boʻlardi...

— Jarrohlikdan oldin egizaklarning barcha tana aʼzolari alohida-alohida boʻlgani holda jigari umumiy ekanligi maʼlum edi. Amaliyot davomida jigarni ajratishga navbat yetib keldi deylik. Kim jigarni egizaklar uchun taqsimlashga jurʼat qildi, xullas, oxirgi nuqtani kim qoʻydi?

— Sal kam qirq yildan beri bolalar jigar jarrohi boʻlganim uchun ham bu yuk menga yuklatildi...

— Samarqandda oʻtkazilgan xalqaro tibbiyot forumida dunyoning koʻplab davlatlaridan akademiklar, mashhur tibbiyot vakillari ishtirok etadi. Shulardan biri — rossiyalik akademik Sergey Gote sizning siam egizaklariga doir muvaffaqiyatingizdan taajjubga tushadi. Balki shu topda ichida havas, ijobiy maʼnoda hasad kechgandir... Shundan soʻng nimagadir ilmiy jamoatchilik orasida sizga nisbatan “ikkinchi Gote” deyish urf boʻlib ketdi. Meni hayron qoldirayotgani shuki, nima uchun “ikkinchi Gote”, nima uchun “birinchi Oqilov” emas?

— Birinchi Oqilov boʻlgani durust. Gote domlamning doʻsti, oʻzimiz ham doʻstmiz. U odam bilan forumning bitta seksiyasiga raislik qildik, oʻshanda unga 2006-yildagi jarrohlik amaliyotini hamda unga yordamchi boʻlganimni eslatdim. U esa hayajon bilan bunday jarrohlikni unutib boʻlmasligini aytgandi. Aslida, u ham bunday jarrohlikni shungacha bir marta qilgandi, xolos.

Mana shunday egizaklarni ajratib, bir oy boʻldi uyiga javob berib yubordik, dedim. Menimcha, u bundan xursand boʻldi. U hasad qiladigan odammas, Oʻzbekiston tibbiyoti erishgan yutuqdan bizga qoʻshilib xursand boʻldi, deb oʻylayman.

Qolaversa, bizning bu muvaffaqiyatimizda uning bevosita boʻlmasada ishtiroki bor. Negaki, birinchi jarrohlik amaliyoti chogʻida undan ancha-muncha narsani oʻrgandik. Shu tajriba mustaqil amaliyot chogʻida qoʻl keldi.

— Mabodo, agar sizga yana shunday xorijlik bemorlardan murojaat boʻlsa va sizni oʻz yurtiga taklif etsa nima qilardingiz? Yoki ularni yana Oʻzbekistonga chaqirarmidingiz?

— Birinchi jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik jarayoni uzoq davom etgandi. Oʻshanda Rossiyadan mutaxassislarni chaqiradigan boʻldik. Butun dunyoga mashhur boʻlgan Zita va Gita ismli egizaklarni ajratgan rossiyalik Aleksandr Rozumovskiy degan professorni taklif qildik. U esa hamma tahlillarni yuborishimizni aytdi. U bu murakkab amaliyot, shuning uchun bu yoqqa olib kelinglar, dedi. Ammo ustozim Feruz Nazirov bunga koʻnmadi. Bu toʻgʻri qaror boʻlgan ekan...

Bu bilan demoqchimanki, bugun Oʻzbekiston tibbiyoti, xususan, jarrohligi dunyoda rivojlangan davlatlarnikidan qolishmaydi. Shu bois xorijdan yana shunday murojaat boʻlsa, albatta, ularni bu yerga taklif etgan boʻlardik.

— Hozirgi paytda qirgʻizistonlik egizaklardan xabar olib turgan boʻlsangiz kerak. Ahvoli qanday ekan?

— Ular Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati Aravon tumanida yashashadi. Bir necha marta xabarlashdik. Egizaklarning ota-onasi yana kelib, koʻrsatib ketamiz degandi, nimagadir kelgani yoʻq. Ota-onasidan ham koʻra buvisi koʻproq jon kuydirdi ular uchun. Onaxonning nasib qilsa, nabiralarim katta boʻlsa, Oʻzbekistonga olib kelib, shifokor qilaman, degan gaplari xotiramda muhrlanib qolgan. Niyatlariga yetishsin...

Shu oʻrinda yana bir muhim gapni aytishim kerak. Bunday xastaliklar yaqin qarindoshlar nikohidan tugʻilgan goʻdaklarda koʻproq uchraydi. Xuddi shunday qirgʻizistonlik egizaklar ota-onasi ham opa-singillarning bolalari ekan. Shuning uchun qarindoshlar oʻrtasidagi nikohdan ehtiyot boʻlish kerak. Hozirda yurtimizda bu borada keng targʻibot olib borilyapti, ammo hamon yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi qudachilik holatlari koʻplab uchrab turibdi. Buning qanchalik jiddiy masala ekanligini xalqimizning oʻzi tushunib yetishi kerak.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Zokir XUDOYSHUKUROV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер