“Shunqorlar” – 2024: Xorazm viloyati jamoasi kubokni yana oʻzida saqlab qoldi
“Yoshlar oyligi” doirasida joriy yilning 20-22-iyun kunlari Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” dala oʻquv maydonida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Respublika bosqichi oʻtkazildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur oʻyinlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad yoshlarni Vatanga sadoqat va yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriqqa qadar yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirib borish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirishdan iboratdir.

Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining final bosqichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda istiqomat qilayotgan 17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 140 nafar yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlardan oʻtkazildi.
“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa aʼzolarining Oʻzbekiston harbiy tarixiga doir bilimlari tekshirildi. Shuningdek, saf qoʻshigʻi va “Biz – bir jamoamiz!” koʻrik-tanlovlari oʻtkazildi.
“Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar.

“Sport bloki”da duatlon, 100 metr masofaga yugurish va turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdilar.
“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari davomida yoshlarning gʻalabaga kuchli intilishlari, shijoatlari va harbiylikka boʻlgan qiziqishlari yaqqol sezilib turdi.
Doʻstona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichida Xorazm viloyati jamoasining qoʻli baland kelib, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini qoʻlga kiritdi. Eʼtiborlisi, Xorazm viloyati jamoasi 2022-yildan buyon tengsizligini isbotlab, kubokni oʻzida saqlab kelmoqda.
2-oʻrin Toshkent viloyati viloyati, 3-oʻrin esa Andijon viloyati jamoalariga nasib etdi.

Yakunda gʻoliblik va faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar aʼzolari “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mazkur oʻyinlar doirasidagi turli musobaqalarda yuqori natijalarni koʻrsatgan 8 nafar yigit va qizlar sport razryadlariga ega boʻldilar.
Taʼkidlash joizki, respublika miqyosida oʻtkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatanparvarlik – oliy maqsadimiz!” konseptual harbiy-vatanparvarlik gʻoyasi ostida yoshlarni birlashtirishga mustahkam zamin yaratdi.

2024-yilning mart oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda bir qator vazirlik va idoralar oʻrtasida “Shunqorlar” harbiy-vatanparvarlik spartakiadasini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori imzolangan boʻlib, ushbu hujjatda “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining mahalla, tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlari oʻtkazilishi belgilangan.
Yana bir muhim maʼlumot: “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining bayrogʻi va emblemasi yaratilgan boʻlib, asosiy ramzi sifatida shunqor qushi tanlangan. Bu bejiz emas, chunki shunqor lochinsimonlar oilasiga mansub kuchli, abjir qush hisoblanadi va u koʻchma maʼnoda mard, jasoratli, kuchli shaxsga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring