Shunday yashar odatda ayol...

15:54 19 Fevral 2025 Jamiyat
12 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Ayol haqida yozishga toʻgʻri kelsa, ulugʻlovchi biror yangi gap aytish niyatida har doim tunlar tongga ulanadi. Afsuski, barchasi takror, allaqachon aytilgan. Odamzotga zabon bitibdiki, yaxshi soʻzlarining bari onalar poyida. Ishonmasangiz, uch ming yoshli “Avesto”ni qoʻlga oling. Muqaddas maʼbudaning fazilatlarida ona va onalikning barcha fazilat-u xislatlari jamlangan. Vafo ramzi, nazokat, latofat, nafosat timsoli, mehr-u muhabbat qoʻrgʻoni, sabr-u qanoat sohibi, Yaratganning buyuk moʻjizasi...

Qiziltepa tumanidagi “Valiobod” fermer xoʻjaligining rahbari Raʼno Valiyeva qariyb qirq besh yildirki yer bilan tillashadi. Ayollik baxti-yu, mehnatdan topgan saodatining sirini bilish uchun qahramonimiz bilan gaplashdik. Opa muddaomizni eshitib “mahallamizdagi oltinchi sinf oʻquvchisining toʻsatdan mazasi qochib qoldi. Tuman kasalxonasiga olib ketyapman, erta-indin uchrashsak yoki toʻgʻri kasalxonaga kelsangizlar”, dedi.

Raʼno opa bilan ikki kun oʻtib uchrashdik. Tabiiyki, dastlab yigitchaning ahvolini soʻradik.

— Tuzuk, oʻziga keldi, — dedi fermer bolaning onasi tomonga ishora qilib. — Xoʻjaligimizning mehnatkash aʼzosi, soddagina ayol, doʻxtirlar sarson qilmasin, deb chidab turolmadim. Oʻgʻliyam koʻz oʻngimizda ulgʻayib kelyapti.

El nazarida yurishning masʼuliyati yuksak. Aslida umr deb ataganimizni bezashga qodir kunlar, xislatlar va nihoyat oddiygina aytganda hayot tarzi kishini bunday ehtirom pogʻonasiga koʻtarishi mumkin. Binobarin bunda kasb yoki lavozimning ahamiyati yoʻq.

— 1976-yili tumanimizdagi 27-maktabni tugatdim, — deydi Raʼno Valiyeva. — Oʻsha paytlar maktablarda mexanizator kurslari boʻlardi. Menga ham shu kursni tugallaganim toʻgʻrisida mutaxassislik berishdi. 1982-yilgacha mexanizatorlik qildim. 1987-yil Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini tamomlab, agronom mutaxassisligi bilan yana Oʻrtachoʻlga qaytdim.

Choʻlni oʻzlashtirishda oʻsha yillar dabdababozlik avjiga chiqqan. Birov koʻchib keladi, birov koʻchib ketadi, yerga zarracha mehr yoʻq. Hosildorlikka emas, choʻlda falon soʻm oʻzlashtirildi, degan koʻrsatkichlarga eʼtibor qaratiladigan zamon edi. Bir soʻz bilan aytganda, mablagʻ, soʻzsiz-soʻroqsiz texnika ajratilardi, natijaning esa tayini yoʻq — paxtadan 10, gʻalladan 18-20 sentner hosil olinib, butun tumanni ortga tortardi Oʻrtachoʻl oʻsha yillari. Mustaqillikka erishilib, fermerlik harakati boshlangandan keyin ham bu yerlarda ish boshlashga koʻpchilikning yuragi dov bermadi.

Raʼno Valiyeva Oʻrtachoʻlda birinchilardan boʻlib oʻz fermer xoʻjaligiga asos solgandi. Shu maqsadda 129 gektar yer olib ish boshladi. Oʻsha paytlar yillik daromadiga nari borsa, oʻn qoʻldan oʻtgan “Moskvich” olib boʻlardi xolos.

— Oʻzbekistonimiz tuprogʻi shunday saxovatliki, bunday yerga mehr bersak, kuchimizni ayamasak, albatta, u karomat koʻrsatadi, neʼmatlarini toʻkib sochadi, — deydi R. Valiyeva. — Peshonangni teri bu yerga oʻgʻit boʻlishi kerak.

Oʻrtachoʻl dastlabki yillarda paxta-yu gʻallaning nozini koʻtarmadi, keyinchalik haqiqiy egasiga tushgach, dehqonchilikdagi uquv, bilakdagi kuchning zarbi bilan paxta tugul tropik mevalarga ham koʻngil berdi. Shoʻr yuvildi, zovurlar qazilib, zax qochirildi. Natijada hosildorlik paxtadan 50, gʻalladan 65-70 sentnerga qadar yetkazildi.

Bugun fermerning oʻndan oshiq texnika hamda ulovi bor. Daromad-u buromad bobida gapirsak, oʻzidan ortibdiki Oʻrtachoʻldagi maktabni homiylikka ham olgan. Unib-oʻsgan qishlogʻi Toshrabotga toza ichimlik suvi keltirish, besh kilometrdan oshiq koʻchaga asfalt yotqizish, mahalla binosini toʻliq taʼmirlashga bosh-qosh.

Raʼno opa Navoiy viloyatida ayollardan birinchi boʻlib koʻksiga senatorlik nishonini taqqan. Vakolati allaqachon tugagan boʻlsa-da elning ishonchi tufayli halovatdan kechib, koʻpning tashvishini baham koʻradi. Maqolamiz avvalidagi holat shulardan biri. Odatda ayol shunday yashaydi. Onalik mehri koʻksiga sigʻmaydi. Shundan halovat topadi.

Kezi kelganda, taʼkidlash joiz, mamlakatimizda dehqon mehnatiga koʻrsatilgan ragʻbat, fermerlik harakatining har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi oddiy insonlarning intilishlarini yuzaga chiqarib, jamiyatda oʻz oʻrni, mavqeyiga ega boʻlishiga xizmat qildi. Ularning faol fuqarolik pozitsiyasi esa yurt maʼmurchiligi, el farovonligida oʻz aksini topib bormoqda.

Raʼno Valiyevaning koʻp yillik mehnati munosib baholanib, mamlakatimizning “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi. Intilganga tole yor, deydi xalqimiz. Zero, intilish zamirida matonat, sabr-qanoat va fidoyilik kabi tushunchalar ham mujassamki, bunday xislat sohiblariga baxt ham peshvoz chiqadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер