Shoir hayotidagi paradoks yohud Abdulla Oripov armonlari

16:42 21 Fevral 2021 Madaniyat
614 0

Abdulla Oripov oʻzbek xalqining erka shoiri edi. Taqdir uning manglayiga ogʻir sinovlarga, hasad va igʻvoga, sovet davrida mafkuraviy idoralar tazyiqiga duch kelish qatorida ularning oʻrnini qoplaydigan tovon sifatida xalqning suyukli, erka farzandi boʻlish baxtini ham bitgan ekan. Katta-kichik rasmiy mansabdor shaxslaru, qarindosh-urugʻlar hamma (ayrim hasadgoʻy hamkasblari va mahalliychi guruhbozlardan tashqari) uning injiqliklarini koʻtarar, xafa boʻlmas edi. Chunki aslida Abdulla Oripov qalbida hech kimga nisbatan bepisandlik, yoki dimogʻdorlik yoʻq edi. Oila davrasida ham, undan tashqarida mehmonlar va ulfatlar davralarida ham bunga koʻp guvoh boʻlganman. U ayrim qiliqlariga, aytgan gaplariga ertasiga izoh bergan, tushuntirgan. Baʼzan lozim topib oʻzi aytgan, baʼzan “kecha biroz oshirib yubordingiz” deb sababini soʻraganman. Men, jiyan boʻlsam-da, oilada shoirdan keyin tugʻilgan ilk oʻgʻil bola edim. Shu sabab uning bolalikdan menga mehri iliq, oʻzgacha edi. Biror kishiga tanishtirsa: “Jiyanim, oʻzim koʻtarib katta qilganman. Qarang, bugun qanday boʻlib ketgan”, deb qoʻshib qoʻyardi. Yoshlikdagi koʻp sirlarini, ijodiy rejalarini aytib turardi. Bunday “sirdoshlik” uzoq yillar, oʻzaro ishonch umrbod saqlanib qoldi. Shu sabab ayrim narsalarni undan bemalol soʻrashga jurʼat etardim.

Dastlab u oilada mehr-muhabbat qurshovida maʼnaviy-ruhiy ragʻbat sharoitida oʻsdi. Oilada katta opasi (mening onam) va uch akasidan soʻng toʻrtinchi oʻgʻil edi. Undan keyin yana uch qiz tugʻilgan, jismonan zaifroq Abdullani butun oila mehr bilan erkalatib voyaga yetkazgan.

Otasi — kolxoz raisi. Xoʻroz qichqirmasdan, dalaga joʻnaydi. Akalari maktabga ketadi. 3-4 yashar bolakay onasi yonida qoladi. Tabiatan juda qiziquvchan boʻlgani uchun onasiga tinmasdan har xil savollar bergan. 5 yoshlardan boshlab onasining singillariga aytadigan allalari mazmunini fahmlay boshlagan, matallar, ertaklar, xalq qoʻshiqlariga, soʻzlar jarangiga, qofiyasiga qiziqqan.

Abdulla Oripovning onasi eʼtiqodi juda mustahkam, xudojoʻy inson edi. Farzandidagi qiziqish bejiz emasligiga, “yuqoridan” berilganiga qattiq, sidqidildan ishongan boʻlsa kerak. Shu sababdan vaqtini qizgʻanmasdan, kenjatoyiga xalq qoʻshiqlarini bilganicha aytib bergan. Oʻzi bilan kitobxonlikka, qishloqdagi otinoyi qiroat bilan oʻqiydigan Navoiyni, Fuzuliyni, ayniqsa, Yassaviy, Soʻfi Olloyor va boshqa diniy mualliflar kitoblarini tinglashga olib borgan. Maktabdan qaytgan akalaridan ham u sheʼr va hikoyalarni koʻp tinglagan. Oilada hech kim uning raʼyini qaytarmagan, faqat ragʻbatlantirgan. Onasi esa oʻgʻlining koʻngli nimani istayotganini oldindan his qilgan. U bolasi uchun barcha chigal savollarni yechadigan, har qanday darddan, qoʻrquvdan xalos qila oladigan najotkorga aylangan. Boladagi ijod uchqunini onasi saqlab qola olgan, asta-sekin oʻtga aylanishiga xizmat qilgan. Abdulla Oripovning shoir boʻlib yetishishida onasining tarbiyasi, duolari, Allohga iltijolari, shubhasiz, katta ahamiyat kasb etgan.

Otasi ham soʻzga chechan, juda obrazli iboralar yordamida har qanday oddiy voqeani jonlantirib yuboradigan inson edi. Ogʻzaki hikoya qilishda unga teng keladigan kishi yoʻq edi desa, mubolagʻa boʻlmaydi. Shoirning baʼzi bir syujetli, voqeaband sheʼrlari otasi hikoyalari asosida bitilgan.

Buvimiz, xudo rahmat qilsin, juda erta, 55 yoshda olamdan oʻtdi. Shoir hali uylanmagan edi. Bu davrga kelib hayotning achchiq-chuchuklarini, hasad, xiyonat, ilk ayriliqlarni boshdan oʻtkazgan. Lekin ona vafoti unga taqdirning oʻsha paytdagi eng qaqshatqich zarbasi boʻldi. Uning “Onajon” marsiyasi Abdulla Oripovni butun Oʻzbekistonga uzil-kesil tanitdi, xalqning suyukli shoiriga aylantirdi. Ozod Sharofiddinov toʻgʻri eʼtirof etganidek, marsiya inson ruhiyatiga, ongiga taʼsir qilish kuchiga koʻra Motsartning Rekviyem qatorida turadi. Shoir butun umri davomida onasini sogʻinib, u bilan xayolan muloqot qilib yashadi. Buni uning sheʼrlaridan ham bilib olish mumkin.

1992-yilda “Muloqot” deb nomlangan sheʼrida shunday yozgan edi:

— Baxtsizman, toleim kulmaydi,

Onajon, qoshingga ketayin.

— Ketganlar hech qaytib kelmaydi,

Bardosh qil, deyman, oh netayin...

— Chorlasang, madadkor boʻlolsang,

Visoling ruhimni shod etar.

— Sen ham gar yoʻqlikka yoʻl olsang,

Borliqda kim meni yod etar.

Bu sheʼrni Abdulla Oripov 1992-yilda yozgan. Oʻsha yili uning ham, xalqining ham kayfiyati juda koʻtarinki edi. Vatan mustaqillikka erishgan, odamlarda hamma narsa yaxshi boʻlishiga ishonch baland. Shoir Oʻzbekiston madhiyasi ustida ishlamoqda va h.k. Ana shunday kunlarda ham onasini eslasa, yuragi zirqirab, sogʻinch hissi ona tomonga tortgan.

Abdulla Oripovga eʼzozli munosabat oʻquvchilik va talabalik yillarida ham davom etdi. U 6 yoshda maktabga borgan. Jussasi boshqa bolalarnikidan kichik, biroq tili biyron, zehni oʻtkir. Oʻqituvchilar savoliga javob berishga doimo shay, va eng asosiysi, soʻzlarni qofiyalab sheʼr toʻqiy oladi. Sinfdoshlari, muallimlari uni yaxshi koʻrib qolishgan. Qolaversa, xalqimiz mentaliteti, qadriyatlar tizimi bilan bogʻliq yana bir omil haqida gapirish kerak. Biz, oʻzbeklarda, toʻgʻrirogʻi, koʻpchilik sharq xalqlarida ota-bobolar xizmati va obroʻsi bolalari foydasiga ishlaydi. Nasl-nasab masalasi doimo el eʼtiborida turgan. “Palagi toza” , “yaxshi odamlar farzandi” kabi koʻplab naqllar, baholar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan. Bolalarga baho, undan kelajakda nima kutish mumkinligi, u qanday inson boʻlib yetishishi mumkinligini birinchi galda nasl-nasabiga qarab bashorat qilingan. Agar bu bashorat oqlansa, elning hurmati va eʼzozi yana-da oshgan. Oqlanmasa, ota-bobolarning obroʻsiga putur yetmagan, faqat uning oʻziga nisbatan afsuslanish bildirilgan: “Ota-boblari qanday ulugʻ insonlar edi, afsus, falonchi ularga oʻxshamadi”.

Shoirning otasi Orif Ubaydullayev uzoq yillar kolxozda raislik qilgan. Urush va undan keyingi qahatchilik, ocharchilik yillarida koʻp joylarda odamlar ochlikdan kunjara yeb, jigari shishib nobud boʻlgan. Orif bobo raislik qilgan kolxozda (unga besh qishloq qaragan) birorta odam ochlikdan nobud boʻlmagan. Men bobomdan sababini soʻraganman.

— Kimdir ishga chiqmay, yoki qishloqda koʻrinmay qolsa, kechasi uyiga maxsus tayinlangan ikki kishi — bir erkak, bir ayol (yogʻli qatlama va ikkita non olib yurardi) borardi. Ochlikdan sillasi qurib yiqilgan kishiga (er-xotinga) tepasida turib yarimta qatlama va yarimta non yedirardi. “Qatlama va nonni oʻzlariga qoldirib kelmaysan, koʻzlaring oldida yesin”, degan topshiriq berilgandi ularga. Sababi, qoldirib kelsa, oʻzlari yemasdan, bolalari uygʻongandan keyin, ularga beradi. Shusiz ham odamlarimiz topganini bolalariga yedirardi.

Urush yillari kolxozlarda texnika deyarli boʻlmagan. MTSlardan yaroqli traktorlar va mashinalar front uchun olib qoʻyilgan. Deyarli barcha ish qoʻlda bajarilgan. Yanchilgan gʻalla kolxozning omborida toʻplangan, tozalangan, qoplarga joylanib, don tayyorlash idorasiga (zagotzerno) joʻnatilgan. Nihoyatda shafqatsiz va ogʻir yillar. Dalada qolib ketgan mashoqni terganlar yetti yilga qamalgan. Dalalarni NKVD xodimlari otda aylanib nazorat qilgan. Erkaklar frontda. Bir-ikki qaytganlar esa mayib, nogiron — bir qoʻli yoki oyogʻi yoʻq. Asosiy ish ayollar, oʻsmirlar va keksalar gardaniga tushgan. Ochiqcha odamlarga biror kilogramm gʻalla berib boʻlmaydi. Rais xirmonda ishlashga, don tozalashga jalb qilingan ayollarga erining yo otasining mahsi kiyadigan kalishida kelishini talab qilgan. Tabiiyki, xirmondan qaytayotgan har bir ayolning, yo oʻsmir bolaning oyogʻidagi kalishga 150-200 grammgacha bugʻdoy kirib qolgan. Rais odamlarni ocharchilikdan saqlashning mavsumga qarab boshqa turli yoʻllarini izlab topgan.

Har bir qishloqda uyma-uy yuradigan tungi navbatchilar (qatlama va non bilan)dan tashqari, qoʻzilagan qoʻylarni sogʻdirib, brinza pishirtirgan, shakar tushadigan yantoqzorlarni mol kirishidan qoʻriqlab, shakar tushgach, odamlarga yantoqzorni taqsimlab bergan. Oʻzidan qolgan nochor oilalarga yantoq shakar jamgʻarishda yordam uyushtirgan. Qorakoʻl teriga soʻyilgan qoʻzilarning barra goʻshtini nafaqat kolxozchilarga, shuningdek, mehnat kuni yoʻq kishilarga (qariyalar, yoki bolali ayollarga, kasallarga) baʼzan shaharliklarga ham frontchining oila aʼzosi sifatida bepul tarqattirgan. Oʻsha paytdagi ayrim raislardek qamchisidan qon tommagan, birovlarning haqqiga, beva xotin-xalajiga koʻz olaytirmagan. Bu aslida urugʻ-aymoqchilik munosabatlari ancha-muncha saqlanib qolgan bizning qishloqlarda deyarli hech kimning xayoliga ham kelmagan, chunki bir-birini qarindosh hisoblagan.

Juda halol, pokdomon, imonli va gʻamxoʻr rais boʻlgani uchun u kishini el qattiq hurmat qilardi. Bobom nafaqaga chiqqandan keyin ham 35 yil hurmat-izzatda umr koʻrdi. Beva-bechoralar duosi tufayli boʻlsa kerak, toʻshakda yotadigan kasalga chalinmadi, xotirasini, hushini yoʻqotmadi. Hech kimga ogʻiri tushmasdan, oyoqda yurib, 93 yoshda dunyodan oʻtdi. Yuqorida aytganimdek, bobom ajoyib suhbatdosh edi, tili jonli, obrazlarga, oʻxshatishlarga boy, juda taʼsirchan boʻlib, agar biror narsani hikoya qilib qolsa, tinglovchini bir zumda rom qilib qoʻyardi.

Ana shunday soʻzga didi baland ota-ona farzandi Abdulla Oripovning shoir boʻlib tugʻilishi tabiiy edi. Uning fenomenini anglashda, albatta, irsiyati, ota-onasidan nasliy oʻtgan xislatlari, feʼl-atvorini ham hisobga olish joiz. Shoir xalqparvarlikni, odamlar dardini oʻziga olishni, kuyunchaklikni, dilkash suhbatdoshlikni otasidan oʻrgangan edi.

Abdulla Oripov maktabni 1958-yilda oltin medal bilan bitirdi. Oʻrta Osiyo davlat universiteti jurnalistika boʻlimiga oʻqishga kirdi. Universitetda ham unga maktabdagidek ardoqli munosabat davom etgan. Oʻqituvchilari, kursdoshlari — deyarli hamma unga yaxshi munosabatda boʻlgan. Har kimga munosabat avvalo uning oʻzini qanday tutishiga, muomalasiga, feʼl-atvoriga qarab shakllanadi. Abdulla Oripov olis viloyatlardan kelgan barcha qishloqi yigitlar kabi soddadil, biroz tortinchoq, ishonuvchan, birovni alday olmaydigan talaba boʻlgan. Kiyim-kechagi odmiroq esa-da, koʻzi toʻq, molparastlikdan yiroq. Qoʻli ochiq. Paxta terimiga chiqqanda , shiyponda uyushtiriladigan mushoiralar, savol-javoblarda doimo ilgʻorlar qatoridan joy olgan. Sheʼrlari muntazam fakultetning devoriy gazetasida chiqib turgan. Shunday u fakultetning erkatoyiga aylangan. Sheʼrlari matbuot yuzini koʻra boshlagan.

Yuqori kurslarda oʻqigandayoq uning nomi tanilib qoldi. 60 yillar ikkinchi yarmida esa katta dovruq qozondi. Uning sheʼrlariga xos samimiylik va halollik, xudbinlik, soxta, yolgʻon tuygʻularning begonaligi, goʻzal istioralar, tashbehlar, kutilmagan obrazlar, nostandart badiiy tafakkur, nohayotiy adabiy andozalardan dadil voz kecha olish, yangicha nigoh va idrok oʻquvchilarga yoqib tushdi. Yosh shoirning jurʼati hammani lol qoldirgan edi. Vatanni sidqidildan sevish, sovetcha “baynalmilal” gʻururni emas, oʻzbekcha milliy gʻururni, milliy vatanparvarlikni baralla kuylash, xalq deb oʻkinish odamlar qalbida chuqur aks-sado berdi. Xalq uning siymosida qatagʻonga uchrab, armonga aylanib qolgan Choʻlpon va Usmon Nosir kabi farzandlarining davomchisini koʻrdi.

Yosh shoirning mashhurligi oʻsgan sari, tevaragida tegishli idoralar topshirigʻiga koʻra zimdan nazorat va chaqimchilik qiladigan “doʻstlar”, “ulfatlar” paydo boʻla boshladi. Bundan ham yomoni — qalamkash hamkasblari orasida xayrixohlar qatorida hasadgoʻylar ham koʻpaydi. Lekin sovet davlatining baʼzi bir rasmiy idoralari jamoatchilik fikrini, xalq mehr-muhabbatini hisobga olishga majbur edi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning birinchi rahbari Sharof Rashidovning va uning ayrim safdoshlarining shaxsiy mehri va ixlosi ham bor edi. Ular shoirga nisbatan turli fisqu fasodlarga, nayranglarga eʼtibor berishmadi. Aksincha, turli igʻvolardan, birinchi galda Oʻzbekistonga boʻysunmaydigan sobiq markazdan boshqariladigan idoralardan himoyalash uchun dastlab uni komsomol, soʻng Oʻzbekiston davlat mukofoti bilan taqdirlashdi. Shoirga laureat unvonlarini berish, avvalo isteʼdodi va asarlarini tan olish boʻlsa, boshqa tomondan, uni himoya qilish uchun zarur vosita edi. Chunki Moskvadagi ayrim mafkurachilar uni millatchilikda ayblashga urinib kelardi. Hasadgoʻylar laureatlikni oʻzlaricha talqin qildilar: goʻyoki Abdulla Oripov sovet tuzumiga maddohlik tufayli unvonlarga erishdi. “Yo, tavba” deysan. Axir Abdulla Oripov xalqni uygʻotgan, istiqlolga chorlagan, milliy gʻururni yuksaltirgan ijodkorlardan biri-ku!

Nafaqat respublika boshliqlari, viloyatlarning koʻpchilik boshliqlari, ayniqsa vatanparvarlikka moyil, gʻururi balandlari ham shoirni ardoqlay boshladilar. Mustaqillik yillari bunday munosabat yangi bosqichga koʻtarildi. Chunki xalq ham, rahbarlar ham haqqoniy ravishda Abdulla Oripovni mustaqillik jarchisi va kuychisi sifatida qabul qilar edi. Andijonu Fargʻonada, Jizzaxu Sirdaryoda, Xorazmu Qoraqalpoqda, Samarqandu Buxoroda — butun Oʻzbekistonda hurmati yuksak, unga nisbatan xalq mehri qaynoq edi. Ayniqsa, 1996 — 2001-yillardagi Jizzax viloyati hokimi shoirga har tomonlama, birinchi galda yosh qalamkashlarni ragʻbatlantirish, oʻqitish borasida yordamini ayamadi. U kishining tashabbusi va amaliy koʻmagi bilan soʻlim Zominda yosh ijodkorlar uchun doimiy harakatdagi seminar, OʻZMU da Oliy Adabiyot kurslari tashkil etildi.

70 yillardan boshlab Qashqadaryo viloyat rahbarlari uni tez-tez taklif qiladigan boʻlishdi. Qashqadaryoliklar ham uni orziqib kutar, u bilan faxrlanar edi. Uchrashuvlarda zalga odam sigʻmas, hatto oʻtish yoʻlaklari tinglovchilarga toʻlib ketardi. Abdulla Oripovning 50 va 60 yoshlik toʻylari nishonlanganda, Qoʻngʻirtov etaklari xalq sayilgohiga aylanib ketgandi. Ayniqsa 2001-yilda xalq oqimi juda katta boʻlgan edi.

70 yillar boshida viloyat partiya qoʻmitasi birinchi kotibi Roʻzimat Gʻoipov shoirga Gaz-24 “Volga” avtomobili olishi uchun qaror chiqartirgan. Islom Karimov viloyatda rahbar boʻlganda, shoirga har tomonlama yordam koʻrsatdi. Mualliflik huquqini himoya qilish respublika boʻlimi raisligiga, Oʻzbekiston Xalq shoiri unvoniga viloyat mehnatkashlari nomidan tavsiya etdi. Alixon Rahmatovich Otajonov Abdulla Oripovga Qarshi shahrida kottej tipidagi uy-joy qurdirdi. 17 yoshida tugʻilgan qishlogʻidan oʻqishga ketib, toshkentlik boʻlib qolgan shoirning na qishlogʻida, na Qarshi shahrida uy-joyi yoʻq edi. Ozod Parmonov shoirning tavallud kuni munosabati bilan, unga oq ot hadya qilib, koʻpchilikning koʻz oʻngida koʻtarib mindirib qoʻydi. Baxtiyor Hamidov shoirga 60 yilligi Qarshida nishonlanayotganda yengil avtomobil kalitini tantanali topshirdi. Nuriddin Zayniyev Abdulla Oripovni har tomonlama qoʻllab-quvvatladi, Doʻrmondagi hovlisini rekonstruksiya qilishda yordamlashdi. Shoirning hovlisiga qoraqalpoqlar oʻtov oʻrnatib bergandi.

Tanish-notanish odamlar uni mehmon qilgisi, esdalik uchun biror narsa bergisi kelardi. Yaqin qarindoshlar yoki doʻstlardan oʻziga toʻqlari choʻntagiga toʻrt-besh soʻm tiqib qoʻyishga intilardi. Otam Panji Erkayev, qaynotam Temir Mirzayev va boshqalarning bunday qilgani oʻzim koʻp bor kuzatganman. Kayfi chogʻ shoir oʻz navbatida oʻrtamiyona kun kechiradigan boshqa qarindoshlariga yoki bechorahol qishloqdoshlariga choʻntagidagi pullarni, olgan sovgʻa-salomlarning koʻpchiligini tarqatardi. Saxiy inson edi. Menimcha, saxiy boʻlmagan shoir ijodda yuksaklikka erisha olmaydi. Chunki qalbi tubidagi tuygʻularini, zavq-shavqini, dardlarini birovlardan qizgʻanadi. Oʻzligini borligicha berolmaydi.

Abdulla Oripovning oʻzi ham xalqning erka shoiri ekanini yaxshi bilardi. Baʼzan sarxushlikda ayrim davradoshlariga, ayrim mahalliy mansabdorlarga oshiribroq gapirib qoʻysa, ertasi kuni «bir erkalik qilgim keldi-da», deb shunday samimiy aytar ediki, hamma jilmayib, yana unga zavq va mehr bilar qarardi. Men ancha xijolat boʻlib , keyinroq hushyor davradoshlardan shoirdan falonchi xafa emasmi, deb soʻrardim. “Shoir hech kimga, hech qachon adolatsiz gapirmaydi. Falonchi falon ishlari uchun taʼzirini yedi. Bundan hammamiz xursand boʻldik”, - degan javobni koʻplab marta eshitganman. Shoir ijodining, hayotining katta qismi shunday erkatoylikda oʻtdi. Ammo...

Abdulla Oripovning muxolif hasadgoʻylari baribir maqsadiga qisman erishdi. Shubhakorligi keksaygan sari kuchayib borayotgan davlat rahbarini shoir umrining soʻnggi yillarida undan aynitishdi. Doʻrmondagi yozuvchilarning ijod uyini kapital taʼmirlash boshlanishi bilan u Yozuvchilar uyushmasi raisligidan isteʼfoga chiqarilib, faxriy raislikka oʻtkazildi. Oylik maoshining 75 foizi, xizmat mashinasi, ish kabineti saqlab qolindi. Tashqi tomondan hammasi joyidagidek edi. Ammo sheʼrlarining vaqtli matbuotda chop etilishiga, radio va televideniyeda oʻqilishiga pinhona taqiq qoʻyildi. Xizmat mashinasi yonilgʻisiga limit ajratilmadi. Uni jamoatchilikdan uzib qoʻyishning turli usullari qoʻllandi. “Abdulla Oripovning uyi kuzatuvda, borsang qora roʻyxatga tushasan, mansabingdan ayrilasan” qabilida gaplar tarqatildi. Bir kuni shoirni koʻrgani bordim. Oʻzimcha tasalli berishga, kayfiyatini koʻtarishga harakat qildim. “Bundan yomonlarini ilgari boshdan oʻtkazgansiz. Bunisi ham oʻtib ketadi”, — dedim. “Toʻgʻri, shunday-kuya. Noshukurchilik qilayotganim yoʻq. Meni Sharof aka tishining kavagida asragandek 15 yil asradi. Aks holda oʻsha yillarda yoʻq qilib yuborishar edi. 20 yil Islom aka qattiq qoʻllab-quvvatladi. Ikkalasiga ham rahmat. Taqdirimda ijod yoʻlimning boshlarida va oxirida ogʻir sinovga duch kelish bor ekan. Nachora!” — dedi horgʻin, lekin qatʼiy ohangda.

Ijod uyi taʼmirdan chiqqandan keyin, davlat rahbarining ijodkorlarni yana-da qoʻllab-quvvatlashiga qaratilgan qarori chiqdi. Qarorda, qizigʻi, yosh ijodkorlar uchun Zominda seminar tashkil etilishi belgilangan edi. Baʼzi qalamkashlar ehtiros bilan bunday himmat uchun yurtboshiga OAVda cheksiz minnatdorchilik bildirdilar.

Yana “tavba” deyishdan boshqa ilojing yoʻq. Axir ijodiy seminarlar bungacha qator yillar davomida Zominda oʻtkazib kelinayotgan edi-ku! Uni tashkil etish, xarajatlarini koʻtarish dastlab Jizzax viloyati hokimi, keyingi yillarda Respublika hukumati boshligʻining bevosita yordamida amalga oshirilgan edi. Shoirning uyushmadagi oʻz faoliyatidan qoniqadigan, hatto faxrlanadigan ishlaridan birinchisi — Doʻrmondagi ijod uyini va kottejlarini, boshqa respublikalardan farqli, xususiylashtirishdan saqlab qolgani boʻlsa, ikkinchisi — Zomindagi yosh ijodkorlar uchun tashkil qilingan seminar, uchinchisi OʻzMU huzurida Adabiyot oliy kurslarining yoʻlga qoʻyilgani edi. Lekin yuqorida eslangan qarorga kirmay qolgani uchun Adabiyot oliy kurslari faoliyati toʻxtab qoldi. Amalda bu olgʻa siljish emas, ushbu masalada ortga ketish edi.

Respublika rahbariyati oʻzgargandan keyin, Abdulla Oripovga nisbatan adolat yana tiklandi. Ammo shoirning yerdagi umri nihoyasiga yetib boʻlgan edi.

Bugun yangi rahbar tashabbusi bilan Adabiyot oliy kurslari yana faoliyat yurityapti. Shoir sheʼrlari, asarlari katta adadlarda bosilmoqda. Nomi abadiylashtirilmoqda. Toshkentda Adiblar xiyobonida, Qarshining markazida unga haykal oʻrnatildi. Qarshida uning nomida ijod maktabi tashkil etildi. Davlat rahbarining Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarorida uning nomini abadiylashtirishni, hayotini, ijodini chuqur oʻrganish va targʻib etishni yana-da kuchaytirish belgilangan. Bu yangilanayotgan Oʻzbekistonda inson qadr-qimmatiga, ayniqsa xalqning asl farzandlari xotirasiga munosabat oʻzgarganidan dalolatdir.

Abdulla Oripov hayotidagi paradoks — bir tomondan umumxalq mehri, hurmat-izzat, yuksak unvonlar va mukofotlar, ikkinchi tomondan, hasadgoʻy raqiblar igʻvosi, ular tufayli turmushining zaqqumga aylangani — shoir fenomenining oʻziga xos bir boʻlagidir. Bu ikki qarama-qarshi munosabatni, unga nisbatan mehr-muhabbatni va ayrim kimsalar nafratini xaspoʻshlab ham, inkor qilib ham boʻlmaydi. Borligicha qabul qilish kerak. Faqat hasadgoʻylar soni xalq soni oldida sezilmasligi shoir ruhi pokiga taskin berayotgan boʻlsa ajab emas.

Abdurahim Erkayev,
Oliy Majlis Senati aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?